HAZRAT ZANGI OTA MA’RIFATI HAQIDA QOMUSIY MANOQIB

“Buyuk alloma Oyxo‘ja ibn Toshxo‘ja – Zangi otaning nomi, bu muborak zotning Toshkent viloyatidagi ziyoratgohi musulmon olamida ma’lumu mashhurdir”[1].

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan hozirgi milliy yuksalish davrida Prezidentimiz rahnamoligida butun islom dunyosida mashhur Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Motirudiy, Abul Mu’in Nasafiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Hazrat Zangi ota kabi buyuk allomalar ilmiy-ma’naviy merosi teran o‘rganilib, me’moriy majmualari obodonlashtirildi va xalqimizning muqaddas ziyoratgohlariga aylantirildi.

O‘z kasbiga ko‘ra jahonga taniqli huquqshunos olim bo‘lsa-da, xalqimiz tarixi va madaniy merosiga dildan mehr qo‘yib, ko‘pdan-ko‘p salmoqli kitoblar yaratgan akademik Akmal Saidov Zangi ota tarixiga oid kitobini 2015 yilda nashrdan chiqargandi[2]. Keng jamoatchilik tomonidan nixoyatda iliq kutib olingan “Hazrat Zangi ota” kitobi muallif tomonidan yangi ma’lumotlar bilan yanada boyitilib, qayta nashr etilishi xalqimiz ma’naviy hayotida katta voqea bo‘ldi[3].

2017 yilda kitob qoraqalpoq tilida ham nashr etilib, o‘quvchilar doirasi ancha kengaydi. Zangi ota haqidagi kitob birinchi nashrini Berdax milliy muzeyi direktori Sharigul Payzullayeva qoraqalpoq tiliga tarjima qildi[4].

O‘tgan 8 yil davomida ushbu bitikka bag‘ishlangan 10 dan ziyod maqola e’lon qilindi. Bu o‘rinda, xususan, Usmonxon Alimov, Shayx Abdulaziz Mansur, Muhammad Ali, Mirzo Kenjabek, P.Ravshanov, A.Choriyev, Sayfuddin Sayfuloh, N.Rahimjonov, C.Xolboyev, Ya.Ollamov, R.Yo‘ldoshev, J.Arslonov, Sh.Ro‘zinazarov, A.Nasirlayev qalamiga mansub maqolalar haqida so‘z bormoqda. Asar bo‘yicha internet saytlarida ham ko‘plab chiqishlar bo‘ldi.

Kitob muallifi bildirilgan taklif va mulohazalarni hisobga olib, asarning ikkinchi nashri ustida yana tinmay ishlab, qayta chop ettirganligi diqqatga sazovor. Bunda akademik olim  Zangi ota ziyoratgohi tarixi bilan bog‘liq keyingi adabiyotlarni, jumladan, F.Ashirafxo‘jayev, Z.Jo‘rayev, S.Mustafoyev, S.Murodov va boshqa mualliflar asarlarini ham sinchiklab o‘rgandi.

Akademik A. Saidovning ushbu kitobi muqaddima, o‘n bob va ilovalardan iborat. Ilovalarda ismlar ko‘rsatkichi, ayrim so‘z va iboralar izohi hamda   qabrlarni ziyorat qilish odobi taomillarining berilganligi, ayniqsa  muhimdir.

“Hazrat Zangi ota” kitobning ikkinchi nashriga muxtasar so‘zboshi yozgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov ta’kidlaganidek: “Akmal Saidov qalamiga mansub “Hazrat Zangi ota” kitobining eng muhim xususiyatlardan biri shuki, jahonning qaysi bir olimi bu ulug‘ zot haqlarida so‘z aytgan bo‘lsa, muallif ularni jamlagan, yana qaysi bir ma’lumotni bayon qilsa, izohda u ma’lumot va iqtiboslarning aniq manbasini ko‘rsatib o‘tgan. Olimlarimizning shu xislati, ya’ni dalil – hujjat keltirish fazilati Islom dini odoblariga juda muvofiq. Zotan, Akmal Saidov bu aziz zot mavzusiga besabab qo‘l urmagan. U kishi Zangi ota qasabasining munosib farzandi, mana shu ulug‘ qutlug‘ ziyoratgoh atrofida o‘sib ulg‘aygan ijodkor olimdir”[5].

Ushbu kitobda ulug‘ avliyo, shayx tasavvufining yirik namoyandalaridan biri Hazrat Zangi ota (Oyxo‘ja ibn Toshxo‘ja) haqida so‘z yuritilganda, Turkistonning buyuk voliylaridan biri bu mo‘tabar zot Hoja Ahmad Yassaviyning ustozi Arslon bobning evarasi hisoblanishi alohida ta’kidlangan. Asarda Zangi otaning tarjimai holi, xususan, ismi va nasablari, ahli ayollari, sulolasi, tavallud va vafot vaqtlari, vatani, sayohat va izlanishlari, ustoz va shogirdlari, Yassaviya tariqatidagi darajalari, maqbaralari va ziyoratgohlari to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar yoritilgan.

Zangi ota majmuasi – faqat O‘zbekistonda emas, ayni paytda Markaziy Osiyo hududidagi noyob tarixiy me’moriy va madaniy- ma’rifiy majmua va tabarruk ziyoratgoh sanaladi. Buyuk Sohibqiron Amir Temurning suyukli nabirasi, olim va shoh Mirzo Ulug‘bek tomonidan ta’mirlangan.

Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “Bu yerdagi tarixiy maqbara qurilishi Sohibqiron Amir Temur bobomiz tomonidan boshlanib, keyinchalik Mirzo Ulug‘bek tarafidan yakuniga yetkazilgan”[6]. Istiqlol yillarida ushbu qutlug‘ maskanda amalga oshirilgan keng qamrovli olamshumul bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari to‘g‘risida mazkur kitobda aniq daliliy ma’lumotlarning batafsil keltirilgaligi e’tiborga loyiqdir.

Kitobdan Hazrat Zangi otaning ma’rifati va ibratli faoliyati misolida tasavvufga oid qiziqarli ma’lumotlar ham o‘rin olgan. Buyuk shayxning karomat va fazilatlari, ul zot haqidagi she’rlar, rivoyatlar, shuningdek, ulug‘ avliyo merosining Sharqu G‘arbda o‘rganilishi masalalari ham mufassal bayon etilgan.

Ushbu salmoqli kitob 2015 yilda nashr etilgan bo‘lsa-da, shu o‘tgan davr mobaynida muallif mavzu doirasida tinimsiz ko‘plab ilmiy izlanishlar olib borib, o‘zinning yangi teran fikr-mulohazalarini davriy nashrlarda e’lon qildi. Shu ma’noda, o‘quvchilar mazkur kitobning to‘ldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashrida hazrat Zangi ota hayoti va faoliyati haqidagi birlamchi yangi ma’lumotlar, asarning ilk nashri haqida yurtimiz olimu ziyolilari va adiblari tomonidan bildirilgan xolisona fikr-mulohazalar bilan ham yaqindan tanishishlari ham mumkin.

Kitob so‘zboshisida muallif ta’kidlaganidek: “Ushbu to‘ldirilgan nashrda kitobxonda to‘liq tasavvur bo‘lishi uchun rasm va bezaklardan keng foydalanildi. Zangi ota me’moriy majmuasi obidalarining arab usulidagi bitiklarining o‘zbekcha tarjimalari, ushbu tarixiy yozuvlar tarjimalari taqdim etilmoqda. Bularning barchasi, o‘z navbatida, yangi nashrning yanada ko‘rkamlik va muhtashamlik kasb etishini ta’minlagan, nazarimizda”[7].

Yangi O‘zbekistonda miliy yuksalish davrida Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan hozirgi jarayonda akademik Akmal Saidovning nafaqat Zangi ota hayoti va faoliyati, balki tasavvuf tarixi bo‘yicha salmoqli bitigi eng noyob asarlardan hisoblanib, asarni fuqarolarining ma’naviy ozuqa olishi uchun  asosiy manbalardan biri deyish mumkin. Shu nuqtai nazardan, bu asarni qoraqalpoq, tojik, turkman,  qozoq, qirg‘iz tillariga hamda xorijiy tillar, jumladan, rus, ingliz nemis, arab, fors tillariga tarjima qilish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz.

Ushbu manoqibdagi mavjud 10 ta bobning har birini alohida holdagi monografiyaga qiyoslasa bo‘ladi. O‘ylaymizki, mamlakatimizdagi ijtimoiy-gumanitar fanlarning peshqadam vakillari mazkur qiziqarli va sermazmun manoqib haqida o‘zlarining xolis fikr-mulohazalarini bildiradi. Shunisi ahamiyatliki, ushbu muhtasham asar biron-bir kitobxonni, ayniqsa, ziyolilarni aslo befarq qoldirmaydi. 

Xulosa qilib aytganda, ma’naviyatimiz va madaniyatimiz jonkuyari akademik A.Saidovning ilmiy-ommabop shaklda yozilgan va tasavvuf tarixi bilan qiziquvchi mutaxassislar hamda keng jamotchilikka mo‘ljallangan “Hazrat Zangi ota” nomli qomusiy kitobi – Yangi O‘zbekiston madaniyati tarixi sohasidagi ulkan ilmiy yutuq, deb baholansa aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.  Binobarin, akademik A.Saidov uzoq yillar mobaynida hassoslik bilan bamisoli dengiz tubidagi duru gavharlarni terib, marjon shodasidek ipga tizib, yuksak mahorat bilan ushbu salmoqli kitobini yaratgan.

Ushbu kitobga nafaqat Hazrat Zangi ota tarixi, balki Markaziy Osiyo tasavvuf tariqatlari tarixi, deb ta’rif berganimiz bejiz emas. Shunday ekan, asardan oliy o‘quv yurtlari ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishidagi fakultetlarda o‘quv qo‘llanmasi sifatida ham bemalol foydalanish mumkin.

 Mavridi kelganda yana bir mulohazani bildirish o‘rinlidir. Har bir kitob, tadqiqot va uning muallifi xolisona munosib o‘z bahosini olishi lozim. Fikrimizcha, Zangi ota tarixiga bag‘ishlangan bu ulkan bitik Abu Rayhon Beruniy nomidagi birinchi darajali Respublika Davlat mukofotiga tavsiya etilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Fursatdan foydalanib, Zangi ota qasabasining chinakam farzandlaridan hisoblangan qomusiy olim – akademik Akmal Saidovga Yaratgandan doimo tan-sihatlik, yanada bardavom umr, ilmiy va ijodiy barakotlar tilaymiz. Domladan yanada o‘qishli va sermazmun yangi kitoblarni kutib qolamiz. Muallifga ulug‘ allomalarimizning ruhlari doimo madadkor bo‘lsin!

 

Ochil BO‘RIYEV,

Qarshi davlat universiteti professori

 

[1] Мирзиёев Ш.М. Буюк келажагимизни мард ва олижаноб халқимиз билан бирга қурамиз. -Т.: “Ўзбекистон” НМИУ, 2017. Б. 407.

[2] Акмал Саидов. Ҳазрат Занги ота. -Тошкент, “Sharq”, 2015. – 520 б.

[3] Акмал Саидов. Ҳазрат Занги ота. Китоб-альбом. Тўлдирилган ва қайта ишланган иккинчи нашри. –Тошкент: “Zamon -press -Info Nashriyot уйи”, 2023. – 752 б.

[4] Акмал Саидов. Ҳэзирети Зэнги ата. – Nokis: “Qoraqаlpog‘istаn”, 2017.  – 504 б.

[5] Нуриддин Холиқназаров. Ҳазрати шайх Занги ота тавсифлари тўлдирилган ва қайта ишланган иккинчи нашрига сўзбоши // Акмал Саидов. Ҳазрат Занги ота. Китоб-альбом. Тўлдирилган ва қайта ишланган иккинчи нашри. –Тошкент: “Zamon -press -Info Nashriyot уйи”, 2023. – Б. 8.

[6] Акмал Саидов. Ҳазрат Занги ота. Китоб-альбом. Тўлдирилган ва қайта ишланган иккинчи нашри. –Тошкент: “Zamon -press -Info Nashriyot уйи”, 2023. – Б. 407.

[7] Ўша манба. – Б. 23.

Powered by GSpeech