Joriy yilda xalqaro hamjamiyat Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi va Inson huquqlari sohasidagi Vena deklarasiyasi hamda Harakatlar dasturining 30 yilligini keng nishonlamoqda. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining ta’sirchan tarixi inson huquqlarining umumbashariy qadriyat ekanini to‘la namoyon etadi. Busiz tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlab bo‘lmaydi.
O‘zbekiston BMT Bosh kotibining “Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda inson huquqlari masalasi muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, Strategiyada belgilangan islohotlar BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keladi hamda “Hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini ta’minlashga qaratilgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda “inson sha’ni va qadrqimmati yo‘lida” g‘oyasi asosida Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda.
Xususan, inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlar milliy qonunchilikka implementatsiya qilindi hamda davlat organlarining huquqni muhofaza qilish faoliyatiga tatbiq etildi. O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatidagi faol ishtiroki, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari va inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilari bilan yaqindan hamkorlik qilayotgani bunga yaqqol misoldir. Shu bilan birga, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Inson huquqlari kengashining yoshlar va bolalar huquqlari bo‘yicha uchta rezolyusiyasi qabul qilindi, xalqaro hamkorlar bilan birgalikda yoshlar huquqlariga bag‘ishlangan 4 ta xalqaro forum tashkil etildi.
2023 yil aprel oyida ilk bor konstitutsiyaviy referendum o‘tkazildi. Uning tamal toshi inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, inson qadrqimmatini himoya qilishdan iborat bo‘ldi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatidagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Yangilangan Konstitutsiyada inson huquqlariga taalluqli konstitutsiyaviy normalar 3 barobardan ortiq ko‘paydi va 50 dan ortiq moddani tashkil etdi. Konstitutsiyada inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning teng huquqliligi tamoyillariga sodiqlik mustahkamlangan. O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida xalqaro miqyosda tan olingan huquqshunoslik institutlari — “Miranda qoidalari”, “Xabeas korpus”, shuningdek, “Pro bone”, ya’ni bepul yuridik yordam mustahkamlangan.
Asosiy qonunimizning 25-moddasida o‘lim jazosi taqiqlangani qayd etilib, shu bilan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning ikkinchi fakultativ protokoli qoidalari amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston o‘lim jazosining bekor qilinishini, shu jumladan, global va mintaqaviy darajada, xususan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashida faol ish olib borish orqali qo‘llab-quvvatlaydi.
Qonstitutsiyaviy o‘zgarishlar birinchi navbatda jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlari fuqarolarining shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini kafolatlash va himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakat normalariga aylandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson huquqlari bo‘yicha milliy va xalqaro organlarga murojaat qilish huquqini kafolatlaydi. Birinchi marta inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning maqomi konstitutsiyaviy darajada belgilab qo‘yildi. Masalan, Konstitutsiyaviy shikoyat instituti konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi, ya’ni fuqarolarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. Shuningdek, 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan Sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu Strategiyada ”Xabeas korpus” ins titutini yanada kengaytirish, tergov sudyasi institutini joriy etish, sudlar faoliyatida o‘zini o‘zi boshqarish prinsipini hayotga tatbiq etish va sudyalar hamjamiyati organlarining rolini oshirish choratadbirlari ko‘zda tutilgan.
Qiynoqlar va zo‘ravonlikning boshqa turlari konstitutsiyaviy darajada taqiqlangan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 26-moddasida qiynoqlar, zo‘ravonlik va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlari taqiqlandi. Davlat bu yo‘nalishda inson huquqlari kafolatlarini mustahkamlashning ins titutsionalhuquqiy mexanizmlarini takomillashtirmoqda, jumladan, Nelson Mandela qoidalari milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotga joriy qilindi.
BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalariga binoan “Ombudsman plyus” modeli bo‘yicha qiynoqlarning oldini olishda milliy preventiv mexanizmi yaratildi. Shuningdek, Bolalar ombudsmani, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz va Biznes ombudsmanga ham jazoni ijro etish muassasalarini nazorat qilish huquqi berildi. Fuqarolik kodeksiga qiynoq qurbonlariga yetkazilgan zararni qoplash tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilib, qiynoq qurbonlariga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan ayollar, bolalar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, ijtimoiy adolat tamoyillarini amalga oshirishga konstitutsiyaviy maqom berildi. O‘zbekiston Konstitutsiyasining “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan yangi bobida yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy huquqlari himoya qilinishi, shuningdek, ularning rivojlanishi va o‘zini o‘zi anglashi uchun teng imkoniyatlar yaratilishi kafolatlangan. Alohida moddada iqtidorli yoshlarning davlat hisobidan oliy ta’lim olish huquqi belgilangan.
2019 yildan buyon O‘zbekiston qurolli to‘qnashuv hududlaridan vatandoshlarni qaytarish bo‘yicha beshta “Mehr” gumanitar amaliyotini amalga oshirdi. Suriya, Iroq va Afg‘onistondan 531 nafar, asosan, ayollar va bolalar mamlakatimizga qaytarildi. Hukumat tomonidan repatriantlarni (Vatanga qaytarilganlarni) reabilitatsiya qilish va jamiyatga moslashtirish, kamsitilishining oldini olish, ularni ta’lim, ijtimoiy dasturlar va ish bilan ta’minlash, turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
2023 yil iyun oyida BMT bosh qarorgohida xalqaro hamjamiyat qurolli to‘qnashuv hududlaridan O‘zbekistonga qaytib, yangi hayot boshlagan vatandoshlarimizning hikoyalarini bevosita eshitdi. Xalqaro huquq normalari va xalqaro hamkorlik tamo yillariga asoslangan fuqarolarni vataniga qaytarishda O‘zbekiston modeli repatriatsiya bo‘yicha eng ilg‘or tajriba hisoblanib, bola manfaatlarini hamda mojaroli hududlardan qaytgan ayollarning to‘liq reintegratsiyasini ta’minlaydi.
BMT Bosh kotibining “Ibelong” fuqarosizlikni bartaraf etish bo‘yicha global kampaniya chaqiruvini qo‘llab-quvvatlagan holda, O‘zbekiston hukumati ushbu muhim tashabbusni amalga oshirish uchun aniq qadamlar qo‘ydi. 2016 yildan beri
80 mingdan ortiq fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berildi.
O‘zbekiston davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishlaridan biri — bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, jamiyatda millatlararo, konfessiyalararo va fuqarolar o‘rtasida totuvlikni mustahkamlashdan iborat. Konstitutsiyaning 19-moddasida barcha fuqarolar irqi, millati, tili va dinidan, shuningdek, boshqa asoslardan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga egaligi hamda qonun oldida tengligi kafolatlangan.
O‘zbekiston milliy huquqiy tizimida fuqarolarning teng huquqlarini buzganlik uchun jiddiy javobgarlik choralari mavjud. Qonunchilikda etnik guruhlarga hayotda o‘z tillaridan foydalanishi, madaniyati, urf-odat va an’analarini asrab-avaylash hamda rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Jumladan, 30 iyul — Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilandi hamda har yili keng nishonlanadi, ushbu kunda “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni o‘z egalariga topshiriladi. Mamlakatimizning barcha hududlarida turli millatga mansub fuqarolar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida “Do‘stlik uylari” tashkil etilgan bo‘lib, ularda 150 dan ortiq milliy madaniyat markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekistonda teleradioeshittirishlar 12 tilda olib boriladi, gazeta va jurnallar 10 dan ortiq tillarda chop etiladi. Mamlakatdagi umumta’lim maktablarining qariyb 20 foizi 7 tilda (o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, turkman, qirg‘iz va qozoq) o‘qitiladi.
Inson huquqlari masalalari bo‘yicha biznes tuzilmalari bilan hamkorlik katta ahamiyatga ega. Mamlakatda Biznes ombudsman instituti tashkil etilgan, 20 avgust — Tadbirkorlar kuni etib belgilangan. Prezidentimiz biznes vakillari bilan doimiy muloqot o‘tkazib kelmoqda. Shuningdek, sohaga oid qonunchilikni tizimlashtirish maqsadida Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Shu bilan birgalikda, “Biznes va inson huquqlari” milliy harakatlar dasturini qabul qilish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarning milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy etilishini izchil ta’minlamoqda. Xususan, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender, inson huquqlari hamda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish doimiy amalga oshirib kelinmoqda. Mamlakatimizda norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi faol ijro etilmoqda, xususan, normativhuquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayoni raqamlashtirildi. Keyingi 5 yil davomida normativhuquqiy hujjatlar loyihalarini yaratish va tasdiqlashning yagona elektron tizimi (Project.gov.uz), mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qarorlarini ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va ro‘yxatga olishning yagona elektron tizimi (E-qaror), normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portallari (regulation.gov.uz) ishga tushirildi.
O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha ta’lim inson huquqlariga umumbashariy hurmat va keng miqyosda rioya etilishini rag‘batlantirishning asosi ekanligini e’tirof etadi. Hukumat BMTning inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Buning isboti o‘laroq, mamlakatimizda 2023 yil 7 fevralda Prezident qarori bilan inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi qabul qilindi. Ushbu dastur doirasida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha tegishlicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etilmoqda. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari va migrantlar huquqlari yo‘nalishlarida o‘quv kurslari va seminar-treninglarni o‘tkazish belgilandi. “O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklari”, “Inson huquqlari”, “Bola huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari” nomli turkum qo‘llanma va risolalar chop etilmoqda. Shu bilan birgalikda, inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platforma ishga tushirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha jahon ta’lim dasturining yaqinlashib kelayotgan beshinchi bosqichi ham yoshlarga qaratilgan bo‘lib, dastur bolalar, raqamli texnologiyalar, iqlim o‘zgarishi va gender masalalarini ham qamrab oladi. Bu masalalarning barchasi 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Inson huquqlari sohasida ta’lim” mavzusidagi global forumda taklif qilingan edi.
O‘zbekiston Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash bo‘yicha xalqaro kampaniyada faol qatnashmoqda. Ushbu yubiley sanani keng nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda. Jumladan, maxsus dastur doirasida yoshlar huquqlarini mustahkamlash va ularning umumbashariy inson huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish, shuningdek, yosh avlodni erkinlik, tenglik va adolatning asosiy qadriyatlarini o‘zlashtirish hamda tushunishga faol jalb etishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi bilan birgalikda 2023 yilning 23 oktyabr kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlari ishtirokida “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi. Xalqaro forumda joriy yilning dekabr oyida “Inson huquqlari — 75” tashabbusi doirasida Jenevada bo‘lib o‘tadigan yuqori darajadagi tadbirda taqdim etilishi ko‘zda tutilgan Yoshlar huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo deklaratsiyasi ishlab chiqildi.
Mirzatillo Tillabayev
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari,
yuridik fanlar doktori, professor
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2023 yil 8 noyabr kungi 232 (1021)-soni
- Qo'shildi: 08.11.2023
- Ko'rishlar: 3681
- Chop etish