Инсон ҳуқуқлари умумжаҳон декларациясининг 75 йиллигига

FAROVONLIK VA YUKSALISH ASOSI

 Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi­­ insonning shaxsiy va siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq hamda erkinliklari ko‘lamini o‘zida to‘la mujassam etgan dastlabki xalqaro huquqiy hujjat hisoblanadi.  30 moddadan iborat ushbu hujjatda alohida madaniyat, millat va mintaqalar bilan cheklanmagan universal qadriyatlar mustahkamlangan.

BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasiga muvofiq, 1948 yil 10 dekabrda ushbu hujjatning qabul qilinishi xalqaro munosabatlar rivojida muhim tarixiy bosqich bo‘ldi. Shu ma’noda 1950 yilda BMT tomonidan 10 dekabrni Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida keng nishonlash belgilangan. U hozirgi kunda  535 tadan ortiq tilga tarjima qilingan.

Mazkur bu xalqaro hujjat har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, e’tiqod va so‘z erkinligi, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash, saylanish, oila, mehnat va dam olish, ta’lim, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va san’at asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qiladi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi­­ O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng tan olingan dastlabki xalqaro huquqiy hujjatlardan biridir. Deklaratsiyaning barcha asosiy prinsiplari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Inson  huquqlari orasida barcha huquqlardan foydalanishga yo‘l ochib beradigan boshlang‘ich nuqta bu ta’lim olish huquqi hisoblanadi. Bu haqda Deklaratsiyaning 26 -moddasida “Har bir inson ta’lim olish huquqiga ega” ekani qayd etilgan.  Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham davlat uzluksiz ta’lim tizimini, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlashi, maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratida ekani kafolatlangan.

Shuningdek, deklaratsiyaning 1- moddasida “Hamma odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar” deb mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa, Konstitutsiyamizda ham inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘lishi belgilanib, O‘zbekiston Respublikasida inson huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi, deya kafolatlangan.

Ushbu deklaratsiyaning dolzarbligi shundaki, u jahon hamjamiyati tomonidan inson huquq va erkinliklari tan olinishida asosiy manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Aksariyat davlatlar ushbu xalqaro huquq normalari asosida inson huquq va erkinliklarini ximoya qilishga ko‘maklashayotgani va shu sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan siyosatni qo‘llab-quvvatlayotgani tahsinga sazovor.

Joriy yil 10 dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi keng nishonlanadi.  2023 yil 12 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi  farmoni qabul qilindi. Farmon bilan ushbu sanaga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Bu mamlakatimizda inson huquq va erkinliklariga bo‘lgan e’tiborning yuqori o‘rinda ekanini namoyon etadi.

Inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning yana bir asosi fuqarolarning mulkka egalik qilish huquqining kafolatlanishidir. Deklaratsiyada bu jihatlar ham aks etgan. Unga hamohang tarzda Konstitutsiyamizda ham har bir shaxsning mulkdor bo‘lishga haqli ekanligi va meros huquqi qonun bilan himoyalanishi belgilangan.

Ta’kidlash joizki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi talablari negizida  ishlab chiqilgan va mamlakatimiz hayotining barcha sohalariga izchil tatbiq etilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ma’no-mohiyati jihatdan milliy, mintaqaviy va global darajadagi ahamiyatga ega muhim hujjat hisoblanadi. Unda belgilangan ustuvor yo‘nalishning bosh g‘oyasi inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan. Shunday ekan, inson, uning manfaatlari ustun bo‘lgan jamiyatda farovon hayot hukmron bo‘ladi.

Deklaratsiya ham ana shunday hayotbaxsh g‘oyalarni ro‘yobga chiqarishga turtki beradigan muhim hujjatdir. Unda aks etgan tamoyillarga rioya etilishi butun dunyoda inson qadrini ulug‘lash, huquq va manfaatlarini muhofazalash, erkin demokratik davlat, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda muhim omil bo‘layotir. Dunyo davlatlari o‘z konstitutsiyaviy islohotlarida ushbu deklaratsiyadan namuna olayotgani esa sayyoramizda tinchlik va farovonlikni ta’minlash, butun bashariyatni yuksalish va taraqqiyot sari yetaklashda muhim omil bo‘lajak.

Hamidulla MO‘MINOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi mas’ul xodimi

Powered by GSpeech