16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni
YuNESKO Bosh konferensiyasining 1995 yil 16 noyabrdagi 28-sessiyasida qabul qilingan Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi dunyoda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini kafolatlash, teng huquqlilik hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur xalqaro-huquqiy hujjatning 3-moddasida qayd etilganidek, “Bag‘rikenglik alohida odamlar o‘rtasida, oila va jamoadagi o‘zaro munosabatlarda zarurdir. Maktablarda va universitetlarda, norasmiy ta’lim yo‘li bilan uyda va ish joylarida bag‘rikenglik ruhini mustahkamlash va kishilar o‘rtasida bir-biriga ochiqlik, e’tibor va birdamlik munosabatlarini shakllantirish lozim. Bunda kommunikatsiya vositalari erkin, ochiq muloqot va muhokamaga ko‘maklashishda, bag‘rikenglik qadriyatlarini tarqatishda, ayniqsa, bosh ko‘tarayotgan murosasizlikni targ‘ib qiluvchi guruhlar va mafkuralarga nisbatan befarq munosabatda bo‘lish xavfli ekanini tushuntirishda amaliy ahamiyat kasb etadi”.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997 yildan buyon Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi qabul qilingan sana, 16 noyabr – har yili butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlab kelinadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad dunyo xalqlarini bag‘rikenglikka, tinchlikni asrab-avaylashga hamda ijtimoiy-iqtisodiy farovonlikka erishishga chorlashdir. Ushbu sanani mamlakatimizda nishonlash ham yaxshi an’anaga aylangan.
O‘zbekiston – ko‘pmillatli mamlakat. Zero, shu aziz Vatan – barchamizniki. Bu zaminda asrlar mobaynida turli millat va elat vakillari qo‘lni-qo‘lga berib, yelkama-yelka yashab kelmoqda. Yurtimizda millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik muhiti hukmron.
Xalqimiz odamiylik, insonni qadrlash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, necha-necha avlodlarga bezavol yetkazib kelmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalq hayotini, dunyoqarashini, turmush tarzini o‘zgartirmoqda.
Jamiyatimizda “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz” degan yuksak maqsad shakllantirilib, “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan yangi tamoyil kundalik faoliyatning asosiga aylandi. Bu oliy maqsad-muddaolarimiz yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan hujjatdir. Chunki u Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining barcha asosiy g‘oya va qoidalarini o‘ziga singdirgan. Shu bois Asosiy Qonunimiz umuinsoniy g‘oyalar – tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo do‘stlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi eng ulug‘ g‘oyalarga xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimiz xohish-irodasi negizida olib borayotgan oqilona siyosati tufayli yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz bag‘rikenglik tamoyillarini o‘zida namoyon etgan bir qator muhim normalar bilan boyitildi. Ayniqsa, fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, xorijda yashayotgan vatandoshlar va chet el fuqarolariga taalluqli konstitutsiyaviy normalar kuchga kirganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 23-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi”.
Bosh qomusimizning 32-moddasiga muvofiq, “Qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. Har kim O‘zbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistonga to‘sqinliksiz qaytish huquqiga ega”.
Sodda qilib aytganda, so‘nggi yillardagi shiddatli yangilanishlar tufayli insonning shaxsiy huquq va erkinliklarini amalga oshirishi uchun keng qulayliklar tug‘ildi. Jumladan, yurtdoshlarimizning xorijiy mamlakatlarga chiqishi osonlashdi va chet el safarini istaganlar uchun stiker olish tartibi bekor qilinib, o‘rniga «qizil pasport» joriy etildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2019 yildan buyon O‘zbekiston Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi ayollar va bolalarni qaytarish bo‘yicha beshta «Mehr» operatsiyasini o‘tkazdi. Xalqaro ekspertlarning fikricha, bu sa’y-harakatlar bolalarni jabrlanuvchilar sifatida tan olishga hamda bolalar va ayollar uchun gender masalalari inobatga olingan hamjamiyatlar darajasidagi reintegratsiya dasturlari yordamida ularning shaxsiy manfaatlarini himoya qilish zarurligiga asoslangani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
«Mehr» operatsiyalari asnosida mojaroli hududlardan mamlakatga jami 531 nafar kishi olib kelindi. Vataniga qaytib kelgan bolalar, ayollar va oilalarning jamiyatga qaytadan integratsiyalashuvi, bir tomondan, ularning ijtimoiy jihatdan yakkalanib qolishiga barham bergan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, jamiyatda kambag‘allikni kamaytirish orqali tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.
Har bir inson davlat rahbarining “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi”, degan qat’iy irodasi va prinsipiga guvoh bo‘lmoqda. Hayotimizning barcha jabhalarida, odamlar qalbida, ongu shuurida namoyon bo‘layotgan mehr-oqibat, muruvvat, bag‘rikenglik kabi fazilatlar va yurtdoshlarimizning ertangi kunga yuksak ishonchi buni to‘la tasdiqlaydi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Biz ushbu strategiyada yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini eng oliy qadriyat etib belgiladik. Ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab beradi. Biz bundan buyon faoliyatimizni “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida tashkil etamiz”.
Taraqqiyot strategiyasi doirasidagi yettita ustuvor yo‘nalishning har biri bo‘yicha amalga oshiriladigan eng muhim vazifalar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga, bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”.
O‘zbekiston ko‘plab xalqaro tashkilotlar va jahon davlatlari bilan keng ko‘lamli hamkorlikni amalga oshirmoqda. Shu tariqa yurtimiz hayotbaxsh islohotlari, demokratik o‘zgarishlar yo‘lida sobitqadamligi, mustaqil ichki va tashqi siyosati bilan dunyo xalqlarining hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lmoqda.
Bu haqda fikr yuritganda, O‘zbekistonning taraqqiyot, ma’rifat va bag‘rikenglikni mustahkamlash yo‘lidagi ilg‘or tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganini ta’kidlash lozim. Bunga birgina misol: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko‘ra, 2018 yil 12 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasi mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga a’zo 193 mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi.
O‘z navbatida, BMT Bosh Assambleyasining 2022 yil 11 iyuldagi 76-sessiyasida qabul qilingan «Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash» nomli rezolyusiyasi, ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekiston Prezidentining mintaqalararo uzviy bog‘liqlik konsepsiyasini amalga oshirish yo‘lida qo‘yilgan olamshumul qadamdir. Bu zalvorli qadam, albatta, xalqaro hamjamiyat Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan ulkan birdamlik g‘oyasiga uzoqni ko‘ra bilish va to‘g‘ri prognoz qilish qobiliyatining hosilasi sifatida yuksak baho berganini anglatadi.
Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi Farmoni asosida tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha yuzta muhim maqsadni o‘z ichiga qamrab olgan. Unda, jumladan, jamiyatda millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatini xalq va davlatning manfaatlaridan kelib chiqqan holda izchil amalga oshirish; Markaziy Osiyo mintaqasida amaliy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish; an’anaviy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, global ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlariga qo‘shilish; xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etish kabi muhim yo‘nalishlarda izchil ish olib borilmoqda.
Xalqaro huquq, huquqiy madaniyat va milliy qadriyatlar haqida gap borganda, avvalo, ko‘hna zaminimiz odamlari ko‘nglida ustuvor bo‘lgan adolat, haqiqat, iymon, oliyjanoblik, bag‘rikenglik, mardlik, tantilik kabi ulug‘ xislatlar yangilangan Konstitutsiyamizdan munosib o‘rin olganini alohida e’tirof etish lozim. Zotan, Asosiy qonunimiz xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini o‘zida yaqqol aks ettiradi.
Xulosa qilib aytganda, joriy yilda Xalqaro bag‘rikenglik kuni butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi bilan uyg‘un va hamohang nishonlanayotgani bejiz emas. Binobarin, mazkur Deklaratsiyaning 7-moddasida ta’kidlanganidek, “Barcha odamlar qonun oldida tengdir va hech bir tafovutsiz qonun bilan teng himoya qilinish huquqiga egadir. Barcha odamlar ushbu Deklaratsiyaga zid bo‘lgan har qanday kamsitishdan va shunday kamsitishga undaydigan har qanday gij-gijlashdan teng himoya qilinish huquqiga egadir”.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 16.11.2023
- Ko'rishlar: 4091
- Chop etish