Tengsizlikning barcha ko‘rinishlarini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda Barqaror rivojlanish oyligi doirasida "Tengsizlikning barcha ko‘rinishlarini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish"  mavzusida seminar o‘tkazdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, bir qator vazirlik va tashkilotlar mutasaddi rahbarlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarining 10 maqsadi — mamlakatlarda tengsizlikni va uning barcha ko‘rinishlariga barham berish sohasida yurtimizda tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, jamiyatning keskin ijtimoiy tabaqalanishini oldini olish bo‘yicha aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari daromadlarini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Natijada aholining turmush tarzini barqaror rivojlanishiga erishilmoqda.

“2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida” belgilangan “Inson qadri uchun” tamoyili Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining normalarida o‘z ifodasini topgan. Bosh qomusimizning qoidalari xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratishning huquqiy asosi hisoblanadi.

Asosiy qonunimizda O‘zbekiston — ijtimoiy davlat deb belgilandi, shuningdek, O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarining ko‘plab qoidalarini, ayniqsa ijtimoiy va huquqiy davlat qurish, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan normalar aks etgan.

Davlatning asosiy majburiyati sifatida Bosh qomusimizda muhtojlarni uy-joy bilan ta’minlash, munosib yashash uchun zarur bo‘lgan eng kam ish haqi, kafolatlangan tibbiy yordam va ta’lim olish, nogironlar, yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash va boshqa muhim kafolatlar belgilangan.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga nisbatan kamsitishga qarshi normalar va qonun hujjatlari qoidalarining to‘liq va so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan ulkan ishlar qilinib, kam ta’minlangan oilalarga ko‘rsatiladigan davlat tibbiy-ijtimoiy xizmatlari, ijtimoiy yordam dasturlari va nafaqalarga ajratilgan mablag‘lar oshirildi.

Shuningdek, xotin-qizlarning iqtisodiyot, mehnat bozori, ta’lim va ijtimoiy hamda madaniy hayotning boshqa sohalarida ishtirok etishiga ham ko‘maklashilyapti. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida so‘nggi ikki yilda 7 mln. dan ortiq xotin-qizlar xatlovdan o‘tkazilib, 1 mln. 680 ming nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan.

Xususan, 425 760 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlardan 406 233 nafari yangi ish o‘rinlari va jamoat ishlariga joylashtirilgan. 49 622 nafar tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand opa-singillarimizning 42 692 nafariga tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli kreditlar ajratilgan. 225 532 nafar boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlardan 189 975 nafariga bir martalik moddiy yordam berilib, shundan 2 676 nafarining uy-joyi ta’mirlab berilgan.

Seminarda BRMning 10-maqsadiga erishish doirasida ijtimoiy sohada tengsizlikni qisqartirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha zarur taklif va tavsiyalar berildi. Jumladan, jinsi, yoshi, yashash joyi bo‘yicha qambag‘allik darajasining milliy mezonga ko‘ra baholash, ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni tahlil qilish (multidimensional roverty), bolalar, ayollar, yoshlar, qariyalar va nogironlar manfaatlarini hisobga olgan holda 2030 yilgacha kambag‘allikni qisqartirish strategiyasini qabul qilish, aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini, uning maqsadi va samaradorligini oshirish lozimligi qayd etildi.

Shu bilan birga, aholining kam ta’minlangan va zaif qatlamlari ehtiyojlarini hisobga olgan holda qulay uy-joy qurilishini ta’minlash bo‘yicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqish, iqlim o‘zgarishi va boshqa xavf-xatarlarga qarshi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining barqarorligini oshirishga qaratilgan 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan har tomonlama himoya qilish konsepsiyasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbirda muhokama etilgan masala yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Oʼzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech