2023-yil 23-noyabr kuni Jahon bolalar kunini nishonlashga bag‘ishlangan bir haftalik tadbirlar doirasida Oliy Majlis Raisi Tanzila Narbayeva UNICEFning O’zbekistondagi vakilolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Joffri Ijumba, O‘zbekistonning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan bolalar va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Senat Raisi respublikada bola huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalarga birma-bir to‘xtaldi. Eng avvalo, T.Narbayeva yurtimizda bolalarni majburiy mehnatga jalb etishga mutlaqo chek qo‘yilganini, ularni uzluksiz ta’lim bilan qamrab olish, tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyalash borasida ishlar jadal olib borilayotganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng NNT vakillari, bolalar va yoshlar BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining O‘zbekiston uchun tavsiyalarini fuqarolik jamiyati va bolalar orasida tarqatishning ahamiyatiga batafsil to‘xtaldi.
Uchrashuvda bolalar bilan ishlashda ushbu ma’lumotlar tushunarli shaklda bo‘lishi va bunda ularning yosh xususiyatlari hisobga olinishi kerakligi alohida aytib o‘tildi. Ishtirokchilar har bir bolaning barcha huquqlarini himoya qilish zarurligini aytib, barcha uchun yanada yaxshi dunyoni yaratishda bolalar va yoshlar ishtirokining o‘zgartiruvchi kuchi haqida ma’lumot tarqatish bo‘yicha faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Shundan so‘ng yaqinda o‘tkazilgan U-Report so‘rovi natijalari taqdim etildi. Unda 1800 dan ortiq respondentlar bola huquqlarini amalga oshirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra respondentlarning to‘rtdan bir qismidan ozrog‘i (22%) bola huquqlari buzilgan taqdirda, ularni qanday himoya qilishni biladi. Ba’zi bolalar o‘z huquqlari haqida gapirishdan uyaladi (16%) yoki o‘z huquqlarini himoya qilishga harakat qilsa, jazolanishdan qo‘rqadi (13%). Bolalarning 60 foizidan ortig‘i, agar ularning huquqlari u yoki bu sabablarga ko‘ra buziladigan bo‘lsa, o‘z huquqlarni himoya qila olmasligini aytishgan.
Senat majlisining yosh ishtirokchilari bolalarning eng ko‘p buziladigan huquqlari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, hukumat va parlamentga bir qator takliflarini bayon qildi. Bolalar ham, NNT vakillari ham maktabga bormaslik, iqlim o‘zgarishi va atrof muhit, bolalarning yo‘llardagi xavfsizligi, oiladagi zo‘ravonlik va o‘smirlarning ruhiy salomatligi masalalariga urg‘u berdi.
Boshqa masalalar qatorida ular raqamli dunyoda bolalar huquqlarini belgilovchi BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 2021-yildagi 25-son umumiy sharhini amalga oshirish muhimligini ham ta’kidladi.
Yuqorida qayd etilgan U-Report so‘rovlari shuni ko‘rsatdiki, qishloq joylarda respondentlarning 70 foizi, shahar va viloyat markazlarida yashovchi respondentlarning 85 foizi Internetdan bepul foydalanish imkoniyatiga ega. Senatdagi yig‘ilishning yosh ishtirokchilari Internetdagi zararli saytlarga blok qo‘yish hamda Internetda bolalar xavfsizligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini qayd etdi.
NNT vakillari va yoshlar bola huquqlari bilan bog‘liq masalalarning muhokamalarida, xususan, qonunchilik va ma’muriy qoidalarni ishlab chiqish hamda ularni amalda tatbiq etishda muntazam ishtirok etish istagini bildirdi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 24.11.2023
- Ko'rishlar: 3188
- Chop etish