«Konstitutsiya – xalqchil davlat,
barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!»
Joriy yil 8 dekabrda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi keng bayram qilinadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 16 noyabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishida ta’kidlaganidek, “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi”[1].
Haqiqatan ham, 2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida xalqimiz o‘zining siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilgani beqiyos ahamiyatga ega. Binobarin, bundan 31 yil avval mustaqil davlatimizning ilk Asosiy qonuni qabul qilingan kun – 8 dekabrni umumxalq bayrami sifatida nishonlash an’anasi izchil davom etayotgani ham alohida e’tiborga loyiqdir.
Bu yilgi Konstitutsiya kuni tantanalari bir qator ulkan ijtimoiy-siyosiy voqealar bilan uzviylikda nishonlanmoqda. Xususan:
- 9 iyulda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazildi va 14 iyulda qayta saylangan Prezident Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi;
- 31 avgust – 1 sentyabr kunlari mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi keng nishonlandi;
- joylarda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etilmoqda.
Bularning barchasi qutlug‘ bayramimiz shukuhini yanada oshiradi. Chunki referendum bilan saylov, Konstitutsiya bilan Deklaratsiya – Vatanimiz istiqloli, xalqimiz mustaqilligining tom ma’nodagi timsollari sifatida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim demokratik hamda huquqiy vositalardir.
Mustaqillik – erkin va baxtli yashash huquqi. Bashariyat tarixi shundan dalolat beradiki, har bir xalq faqat erkin va ozod bo‘lgan taqdirdagina, o‘z hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqiga ega bo‘ladi.
Mustaqillik – bu inson huquq va erkinliklari, uning qonuniy manfatlarini har tomonlama va to‘liq ta’minlashning bosh mezoni.
Mustaqillik – Vatanimizning har bir farzandi o‘zligini, o‘z qadr-qimmati, or-nomusi va g‘ururini teran anglashi uchun cheksiz va buyuk imkoniyat.
Mustaqillik – milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi ruhida yashash, istiqlol g‘oyalarini yurtdoshlarimiz, xususan, yosh avlod qalbi va ongiga yanada teran singdirish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashning eng asosiy va muhim sharti, milliy taraqqiyotimiz kafolati.
Mustaqillik – biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning o‘q ildizi.
Mustaqillik – biz poydevorini tiklayotgan Uchinchi Renessansning mustahkam tayanchi.
Mustaqillik – «Haq berilmas, haq olinur!» deb millat ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimizning bundan 32 yil oldin ro‘yobga chiqqan farahli orzusi va asriy armoni, demakdir.
Yaqin tarixga nazar solsak, XX asrning so‘nggi o‘n yilliklarida sobiq sovet mustamlakasi iskanjasidagi yurtimizda ajib bir ketma-ketlikda taqdirulamal voqea-hodisalar yuz berganini ko‘ramiz. Ayni shu muhim voqealar silsilasi xalqimizga Istiqlol nash’u-namosidan umidbaxsh daraklar olib keldi.
Avvalo, 1989 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. So‘ng 1990-1991 yillarda qabul qilingan qator hujjatlar asosida yurtimizda Navro‘z qayta tiklandi, Ramazon va Qurbon hayitlari katta bayram hamda dam olish kunlari deb e’lon qilindi. Qur’oni karim va Hadis kitoblarining o‘zbek tilida emin-erkin nashr etilishi yo‘lga qo‘yildi. Ittifoqdosh respublikalar orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda 1990 yil 24 martda Prezidentlik instituti joriy etildi.
O‘zbekiston Oliy Kengashi qarori bilan 1990 yil 21 iyun kuni Prezident Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Keyinchalik, 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining loyihasi ana shu Komissiya tomonidan ikki yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi.
Yana bir muhim tarixiy dalil: hali sobiq ittifoq, uning kuch-qudrati, siyosati, davlat ramzlari amalda bo‘lib turgan qaltis bir paytda – 1990 yil mart oyidayoq davlat ramzlari haqidagi masala milliy parlament sessiyasida muhokama qilingan. Oradan ko‘p o‘tmay – 1990 yil 20 iyunda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasida O‘zbekiston o‘zining taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini belgilashi va bayroq, gerb, madhiya kabi davlat ramzlarini o‘zi ta’sis etajagi qayd etildi.
Afsuski, 1991 yil 19 avgust kuni sobiq Ittifoq poytaxtida o‘zini GKChP, ya’ni «Favqulodda holat davlat komiteti», deb atagan bir guruh siyosiy avantyuristlar (ya’ni, lo‘ttibozlar) tomonidan davlat to‘ntarishini sodir etishga harakat bo‘ldi. «Markaz»dagi bunday to‘s-to‘polon va xiyonatkorlik sharoitida Birinchi Prezidentimiz boshchiligidagi O‘zbekiston rahbariyati respublika hududida favqulodda holat joriy etilishiga yo‘l qo‘ymadi. Aksincha, ijtimoiy-siyosiy vaziyatning barqarorligini saqlab qolish uchun zudlik bilan amaliy chora-tadbirlar ko‘rishga kirishdi.
Bu jasoratu matonatli choralarning nafaqat tezkorligi va qamrovdorligi, ayni chog‘da qat’iyligi va izchilligi ham alohida diqqatni tortadi. Mustamlakachilik kishanlaridan uzil-kesil ozod bo‘lishga qaratilgan va atigi 12 kun ichida dadillik bilan qo‘yilgan shu uzviy tarixiy qadamlarni quyida birma-bir va hujjatli asosda sanab o‘tishga harakat qilamiz.
Birinchidan, 1991 yil 19 avgustda – Birinchi Prezidentimiz Toshkent shahri faollari bilan uchrashib, mamlakatda yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qildi[2].
Ikkinchidan, 1991 yil 20 avgustda – O‘zbekiston Oliy Kengashi Rayosati bilan Vazirlar Mahkamasining qo‘shma majlisida GKChPning qarorlariga O‘zbekiston rahbariyatining salbiy munosabati ochiq-oydin bayon etildi[3].
Uchinchidan, 1991 yil 21 avgustda – O‘zbekiston Prezidentining SSSRda GKChP qarorlari munosabati bilan respublikada istiqomat qiluvchi hamma fuqarolarni, katta-kichik barcha hamyurtlarimizni shu murakkab vaziyatda aql-idrok bilan ish tutishga, tinchlik-osoyishtalikni saqlashga, sabr-toqatli bo‘lishga da’vat etuvchi Murojaati matbuotda e’lon qilindi[4].
To‘rtinchidan, 1991 yil 22 avgustda – O‘zbekiston hududida GKChPning O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi va qonunlariga zid keladigan farmon va qarorlari haqiqiy emasligi bayon etilgan Prezident Farmoni e’lon qilindi[5].
Beshinchidan, 1991 yil 23 avgustda – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy komiteti Byurosi va Markaziy nazorat komissiyasi rayosatining Bayonoti matbuotda chiqdi[6].
Oltinchidan, 1991 yil 25 avgustda – O‘zbekiston Prezidentining mamlakatda vujudga kelgan ahvolni e’tiborga olib va respublika manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tarixiy Farmoni qabul qilindi[7].
Yettinchidan, 1991 yil 26 avgustda – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy komiteti Byurosi bilan Markaziy nazorat komissiyasi rayosatining kengaytirilgan majlisida Birinchi Prezidentimiz so‘zga chiqib, barchani xotirjamlik va sabr-matonatga da’vat etdi hamda osoyishtalikni saqlab turishga chaqirdi[8].
Sakkizinchidan, 1991 yil 26 avgustda – O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi «O‘zbekistonning davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini maromiga yetkazish bo‘yicha Ishchi guruh tuzish haqida farmoyish chiqardi[9].
To‘qqizinchidan, 1991 yil 27 avgustda – O‘zbekiston Prezidenti O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasiga va «O‘zbekiston SSRda jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi qonunga asoslanib, O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarga yangi omil bag‘ishlash maqsadiga qaratilgan yana bir muhim Farmonga imzo chekdi[10].
O‘ninchidan, 1991 yil 28 avgustda – Birinchi Prezidentimiz O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy komiteti va Nazorat komissiyasining qo‘shma plenumida SSSRda 19-21 avgust kunlari sodir bo‘lgan fojiali voqealarga, KPSS rahbariyatining noma’qul pozitsiyasiga siyosiy baho berdi va respublika partiya tashkilotlarining keyingi vazifalari to‘g‘risida ma’ruza qildi[11].
O‘n birinchidan, 1991 yil 29 avgustda – O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatining «O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida»gi qarori bilan ushbu sessiya kun tartibiga O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi haqidagi va O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi masalalar kiritildi[12].
O‘n ikkinchidan, 1991 yil 29 avgustda – O‘zbekiston Prezidenti «KPSSning O‘zbekiston SSR hududidagi mulki to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi[13]. Farmonga binoan, KPSSning O‘zbekiston SSR hududidagi butun mulki – respublika mulki, ya’ni umumxalq mulki, deb e’lon qilindi.
O‘n uchinchidan, 1991 yil 29 avgustda – Vazirlar Mahkamasining Raisi Islom Karimov «Kolxozchilar va sovxozlar xodimlarini 1991 yil paxta hosilini o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib-terib olishdan moddiy manfaatdorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar haqida»gi qarorga imzo chekdi[14].
O‘n to‘rtinchidan, 1991 yil 30 avgustda – O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosati Oliy Kengashning Oshkoralik va deputatlik odobi komissiyasini Oliy Kengashning Oshkoralik masalalari qo‘mitasiga va Oliy Kengashning Deputatlik odobi komissiyasiga aylantirdi[15]. Bundan ko‘zlangan maqsad o‘sha davrda yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy sharoitda davlat mustaqilligiga erishish uchun qat’iy yo‘l tutilganligiga asoslanib hamda demokratik jarayonlarni rivojlantirishda qonun chiqaruvchi hokimiyatni, Oliy Kengash va uning idoralari roli va ahamiyatini kuchaytirish edi.
O‘n beshinchidan, 1991 yil 31 avgustda – Oliy Kengashning navbatdan tashqari sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilindi[16].
Shukrki, Istiqlolning o‘tgan har yili milliy mustaqilligimizni mustahkamlash va rivojlantirishning sharafli bosqichlari sifatida tarix sahifalariga zarhal harflar bilan bitilmoqda. Ayniqsa, keyingi yetti yilda hayotimizning turli sohalarida:
- o‘tgan davrda yig‘ilib qolgan muammolar – mohirlik bilan hal etilayotgani;
- mavjud kamchiliklar – oqillik negizida bartaraf qilinayotgani;
- yo‘l qo‘yilgan ayrim xatolar – odillik asosida tuzatilayotgani har qancha tahsinga sazovor.
Bunda, shubhasiz, xalqimiz Shavkat Mirziyoyev nomzodi uchun 2016 yil dekabri (88, 61 foiz), 2021 yil oktyabri (80, 31 foiz) va 2023 yil iyulida (87, 05 foiz) bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida ishonch bilan eng ko‘p ovoz bergani beqiyos ahamiyatga ega. Chunki yurtdoshlarimiz so‘nggi yillarda xalqimizning mushkulini oson, og‘irini yengil, turmushini farovon qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan shiddatli va qamrovdor islohotlar samaralaridan bahra olmoqda.
O‘zbekistonliklarning Prezident Shavkat Mirziyoyevga bo‘lgan yuksak ishonchi bejiz emas. Bu tog‘dek ulug‘vor ishonch zamirida davlat rahbarining so‘nggi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish hamda Uchinchi Renessans poydevorini tiklash yo‘lida amalga oshirayotgan ezgu amallari bilan xalqimiz qalbidan mustahkam joy egallaganidek ayon voqelik mujassam.
Jadal sur’atlarda rivojlanayotgan dunyoda faqat zamon bilan hamnafas odimlayotgan, jamiyat va davlatni modernizatsiya qilish uchun zarur islohotlarni amalga oshirayotgan davlatlargina raqobatbardosh bo‘la oladi. Bu oddiy va asl haqiqat, o‘z navbatida, Yangi O‘zbekiston uchun yangi siyosat va mamlakat taraqqiyoti uchun uzoq muddatli strategiyalar ishlab chiqishni hayotiy zaruratga aylantirdi.
Yangi O‘zbekistonning birinchi strategik dasturi – O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidir. Jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishning mazkur besh yillik strategiyasi yurtimizda tub va jadal demokratik islohotlarning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi.
Xalqimizning ulug‘vor qudratiga tayanib O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish – Uchinchi Renessans davri poydevorini yaratishga qaratilgan Harakatlar strategiyasi asosida 2017-2021 yillarda qanchadan-qancha salmoqli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu ulkan ko‘lamdagi yangilanishlarning tezkor va tizimli, o‘zaro aloqador va bir-biriga chambarchas bog‘liqlikda hayotga tatbiq etilgani, ayniqsa, diqqatga loyiqdir.
Bu o‘rinda siyosiy tizimni modernizatsiya qilish, chuqur ma’muriy islohotlar o‘tkazish, sudlarning haqiqiy mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay biznes va investitsiya muhitini yaratish, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni, puxta o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirish borasidagi tub o‘zgarishlar haqida so‘z bormoqda.
Harakatlar strategiyasini ijro etish uchun 300 dan ortiq qonun va kodeks, Prezidentimizning 4 mingdan ortiq farmon va qarorlari, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ilmiy-texnik, sud-huquq, gumanitar va boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shu tariqa Yangi O‘zbekiston poydevorining huquqiy asoslari yaratildi. Yanada muhimi, bu hujjatlar samaralaridan xalqimiz mamnun va manfaatdor bo‘ldi.
Yangi O‘zbekistonning ikkinchi strategik dasturi – 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidir. Ushbu dasturilamal hujjat doirasida bir qator konsepsiya va dasturlar, 13 ta kodeks, 12 ta qonun, ya’ni har bir ustuvor yo‘nalishda zarur qonun hujjatlari qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Taraqqiyot strategiyasi ijrosi yo‘lida 2022-2023 yillarning o‘zidayoq yettita ustuvor yo‘nalishda bajarilgan ishlar ko‘lami va miqyosi tahsinga sazovor. Yangi O‘zbekiston poydevorini tiklash va binosini qurishga qaratilgan buyuk bunyodkorlik jarayonlari izchil davom etmoqda.
So‘nggi yillarda «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan tamoyil faoliyatimiz dasturiga aylanib ulgurdi. Mamlakatimiz pandemiya va global inqirozning salbiy ta’sirlariga qaramasdan, erkin, obod va farovon hayot qurish yo‘lidan dadil odimlamoqda.
O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, «biz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish oson emas. Bunday ulug‘ vazifaning sharti va mezonlari ko‘p. Ammo eng muhim va hal qiluvchi omil – bu demokratik islohotlar yo‘lidir. Shu bois xalqimiz manfaatiga to‘la javob beradigan bu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaymiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, faqat oldinga qarab boramiz»[17].
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda «Inson qadri» g‘oyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Inson qadri degani, sodda qilib aytganda, insonni ulug‘lash va insonlar o‘rtasidagi o‘zaro mehr-muhabbatni qadrlashdir. «Inson qadri» tushunchasi – insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari har tomonlama ta’minlanishini ham o‘zida qamraydi.
Yangi O‘zbekistonning uchinchi strategik dasturi – “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 2023 yilgi saylov kampaniyasida e’lon qilgan saylovoldi dasturiga va keng jamoatchilik muhokamasi asnosida bildirilgan amaliy takliflarga asoslanadi. Ushbu dasturilamal hujjatda quyidagi ustuvor g‘oyalar aks etgan:
- barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rish olish;
- aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish;
- aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish;
- xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlat barpo etish;
- mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash.
O‘zbekistonning 7 yillik maqsadlari e’lon qilingan mazkur Strategiyadagi jami 100 ta maqsad 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha taqsimlangan. Binobarin, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga ko‘ra, mamlakatimiz yaqin yetti yil ichida daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirishi, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimi yaratilishi, xalq xizmatidagi adolatli davlat barpo etilishi belgilab olindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning uchala strategik dasturi ham yurtdoshlarimiz va xalqaro hamkorlar taklif-tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan. Shuning uchun ular nihoyatda xalqchil va amaliydir.
Har bir maqsad muayyan chora-tadbirlar va qat’iy vazifalarni ko‘zda tutadi. Ushbu vazifalarning ko‘lami va miqyosi qanchalik qamrovdor bo‘lsa, ijrosini ta’minlash mexanizmlari shunchalik aniq.
Bu strategik dasturlar davlatimiz va jamiyatimiz hayotining barcha sohalarini tugal qamrab olgan. Ayni dasturlardagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishidan yurtimizdagi har bir insonga – qulay imkoniyat, muayyan yengilliklar, moddiy va ma’naviy manfaat yetsa, o‘z navbatida, har qaysi oila va xonadon obodlik, to‘kinlik, fayz va baraka topadi.
Eng asosiysi, dunyoda koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, keskin raqobat, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar tufayli yuzaga kelgan g‘oyat og‘ir va murakkab vaziyatda Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uni jahonga tarannum qilish yo‘lida g‘oyat muhim natijalarga erishilmoqda. Bunda O‘zbekiston Prezidentining xalqimiz bilan hamjihatlikda ishlab chiqqan va amalda tatbiq etayotgan uzoq muddatli strategiyalari asosiy dasturilamal bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning bunday tarixiy yutuqlari xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda. Zero, vatandoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarib, xalqimiz islohotlar samarasini kundalik hayotida tobora teran his qilib yashamoqda.
Mustaqillik yillarida, ayniqsa, keyingi davrda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida amalga oshirish xalq uchun farovon hamda munosib turmush sharoitini yaratishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarning asosiy mezoniga aylandi. Ayniqsa, oxirgi ikki yilda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot natijalari bu oliyjanob mezonni yanada yuksak bosqichlarga ko‘tardi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, jumladan, mamlakatimiz suvereniteti va xalqimiz mustaqilligining mazmun-mohiyati va ahamiyatini yanada qat’iy ta’kidlashga qaratilgan yangi normalar bilan boyitilib, mavjud konstitutsiyaviy qoidalari kengaytirildi.
Endilikda Konstitutsiyamizning 1-moddasi mana bunday yangicha mazmunda jaranglaydi:
«O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.
Davlatning «O‘zbekiston Respublikasi» va «O‘zbekiston» degan nomlari bir ma’noni anglatadi».
Yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizning 17-moddasi quyidagi normalardan iborat:
«O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ektidir.
O‘zbekistonning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslanadi».
Konstitutsiyamizning 18-moddasida o‘z aksini topgan mana bu normalar eski matnda mavjud emasdi:
«O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi davlatning, xalqning oliy manfaatlaridan, uning farovonligi va xavfsizligidan kelib chiqqan holda ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi hamda ulardan chiqishi mumkin».
Bosh Qomusimizning 19-moddasi quyidagi birinchi band bilan to‘ldirildi:
«O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi».
Konstitutsiyamizning 23-moddasi ham yangi normalar hisobiga boyitildi:
«O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas.
Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi».
Mazkur konstitutsiyaviy normalarda, bir tomondan, O‘zbekiston davlati va xalqining mustaqilligi, suvereniteti, egamenligiga asosli ravishda urg‘u berilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yanada mustahkam kafolatlash nazarda tutilgan.
Muxtasar aytganda, istiqlol yillarida jonajon Vatanimiz qanday suronli davrlarni boshidan kechirgan, mehnatkash xalqimiz qanday salmoqdor yutuqlarga erishgan bo‘lsa – bularning barchasida, bir tomondan, mustaqillik ruhi va bunyodkorlik g‘oyasi, ikkinchi tomondan, insonparvarlik mohiyatiga yo‘g‘rilgan Konstitutsiyamiz bizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lib kelmoqda.
G‘ulom MIRZO,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist
[1] https://lex.uz/docs/6663721
[2] Osoyishtalikni saqlaylik, tartibni mustahkamlaylik // Sovet O‘zbekistoni, 1991 yil 20 avgust.
[3] O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov faoliyati xronikasi: Kitob 1: 1989-2012 yillar. – T.: «O‘zbekiston», 2013. – 20-bet.
[4] O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Jumhuriyatining Prezidenti, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi I.A.Karimovning respublika aholisiga Murojaati // Sovet O‘zbekistoni, 1991 yil 21 avgust.
[5] O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991 y., 10-son, 217-modda.
[6] O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti Byurosi va Markaziy nazorat komissiyasi rayosatining Bayonoti // Sovet O‘zbekistoni, 1991 yil 23 avgust.
[7] O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Prezidentining Farmoni // Sovet O‘zbekistoni, 1991 yil 27 avgust.
[8] O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti Byurosi va Markaziy nazorat komissiyasida // Sovet O‘zbekistoni, 1991 yil 27 avgust.
[9] O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatida // Sovet O‘zbekistoni, 1991 yil 27 avgust.
[10] O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Prezidentining Farmoni // Sovet O‘zbekistoni, 1991 yil 28 avgust.
[11] Karimov I.A. Xalqimizning fikri – biz uchun oliy mezon // Karimov I.A. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. – T.: «O‘zbekiston», 2011. – 372-391-betlar.
[12] O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatining Qarori // Sovet O‘zbekistoni, 1991 yil 29 avgust.
[13] O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Prezidentining Farmoni: KPSSning O‘zbekiston SSR hududidagi mulki to‘g‘risida // Sovet O‘zbekistoni, 1991 yil 30 avgust.
[14] Vazirlar Mahkamasining «Kolxozchilar va sovxozlar xodimlarini 1991 yil paxta hosilini o‘z vaqtidava sifatli yig‘ib-terib olishdan moddiy manfaatdorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar haqida»gi qarori // Sovet O‘zbekistoni, 1991 yil 30 avgust.
[15] O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Rayosatida // Sovet O‘zbekistoni, 1991 yil 31 avgust.
[16] O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi. O‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining 1991 yil 31 avgustda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari VI sessiyasi va 30 sentyabrda bo‘lib o‘tgan VII sessiyasi materiallari. Fond – R-2454, Ro‘yxat – № 6 pr., Saqlash birligi – 7337. – V. 4.
[17] O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi/31.08.2022// https://president.uz/uz/lists/view/5484
- Qo'shildi: 27.11.2023
- Ko'rishlar: 6704
- Chop etish