Yangi O‘zbekistonni birga quramiz!

«Konstitutsiya – xalqchil davlat,

barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!»

 

Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida bugungi globallashuv jarayonida yurtdoshlarimiz va mamlakatimiz manfaatlarini to‘laqonli himoya qilgan holda mamlakat taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan alohida ikki yo‘nalish va uning doirasida amalga oshirishga qaratilgan muhim maqsad va vazifalar ko‘zda tutilgan. Jumladan, Harakatlar strategiyasidan farqli ravishda, Taraqqiyot strategiyasida ma’naviy taraqqiyotni ham ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish hamda milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.

2023 yil aprelida ilk bor Konstitutsiyaviy referendum o‘tkazildi, uning tamal toshi inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash, inson qadr-qimmatini himoya qilishdan iborat bo‘ldi. Shu negizda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning teng huquqliligi tamoyillariga sodiqlik o‘z tasdig‘ini topdi.

Mazkur siyosiy jarayon nafaqat yurtdoshlarimizning, balki jahon hamjamiyatining ham diqqat markazida bo‘lganini alohida ta’kidlash zarur. Xalqimizdan kelib tushgan takliflar asosida tayyorlangan yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonni qurish, mamlakatimizda inson qadrini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdagi moddalar 128 tadan 155 taga ko‘paydi. Unga turli yo‘nalishlarda o‘zgartirishlar kiritilib, inson erki, qadr-qimmati asos qilib olindi.

Chunki inson erkin bo‘lib, bu dunyoga kelar ekan, demak erkin yashashi lozim. Har bir insonning qadr-qimmati bo‘lishi, davlat va jamiyat esa bunga sharoit yaratib berishi kerak.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada aybsizlik prezumpsiyasi, uy-joy daxlsizligi, qonunda cheklanmagan har qanday faoliyat turi bilan shug‘ullanish erkinligi, ishsizlikdan himoyalanish huquqi kabi normalar kiritilgan.

Asosiy Qonunimizda xalqimizning 60 foizdan ortig‘ini tashkil qiluvchi yoshlarga berilayotgan e’tiborni alohida ta’kidlash lozim. Yoshlarning ta’lim olishi, kasb o‘rganishi, uy-joyli bo‘lishi, tibbiy va ijtimoiy himoyasi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish davlatning konstitutsiyaviy majburiyatidir. Quvonarlisi, Bosh Qomusimizda yoshlar uchun alohida bob ajratilgan.

Bundan tashqari, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlatning oliy majburiyati etib belgilangan. Inson hamda davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun munosib, yetarli bo‘lishi kerakliligi qayd etilgan.

Avvalo, ushbu konstitutsiyaviy qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaydi. Shu bilan bir qatorda, davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishida zarur darajadagi mas’uliyatni shakllantiradi.

Avvalgisiga nisbatan 65 foizi yurtdoshlarimiz takliflari asosida yangilangan Bosh Qomusimizda inson huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlikka yuqori maqom berish, o‘qituvchilar mavqeini mustahkamlash kabi yangi moddalarning kiritilgani ham har bir fuqaroning ko‘ngliga mamnunlik baxsh etadi. Bularning barchasi, shubhasiz, xalqimiz tabiatidagi bag‘rikenglik, xolislik va donishmandlik fazilatlarining amaldagi namoyonidir.  

Xulosa qilib aytganda, xalqimiz muallifligida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimiz barqaror taraqqiyotini ta’minlash, fuqarolarimiz turmush tarzini yuksaltirish yo‘lida yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qilmoqda. Eng muhimi, Asosiy Qonunimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida xalqimizni jipslashtirmoqda va beqiyos bunyodkorlik ishlariga ilhomlantirmoqda.

 

 

Hamid RAVSHANOV,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

Bosh hisobchisi

Powered by GSpeech