«Konstitutsiya – xalqchil davlat,
barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!»
3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni. Ushbu xalqaro sana tarixiga nazar solsak, avvalo dunyo miqyosida nogironlar hayot tarzini yaxshilashga e’tibor qaratish maqsadida BMT tomonidan 1983-1992 yillar Xalqaro nogironlar o‘n yilligi etib belgilanganini ko‘ramiz.
O‘z navbatida, ana shu o‘n yillik yakunida, 1992 yil 14 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 37-yalpi majlisida qabul qilingan rezolyusiyaga muvofiq, 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni sifatida e’tirof etilgan. Shundan buyon har yili mazkur sana doirasida nogironlar duch kelayotgan muammolarni chuqurroq anglash, shunday masalalarni hal etish, ularning qadr-qimmati, huquqini himoyalash, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar uyushtiriladi, moddiy ko‘mak ajratiladi.
Ushbu toifa insonlar imkoniyati sog‘ligi bilan bog‘liq muammo sabab cheklangan. Shu bois ularnihar tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali jamiyatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi faolligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda dunyoda 1 milliard nafardan ortiq inson, ya’ni sayyoramiz aholisining har yettitasidan biri nogironlikning muayyan turidan aziyat chekadi. Ularning 100 milliondan ortig‘i bolalardir.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning 80 foizdan ko‘pi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi. Shu ma’noda, imkoniyati cheklangan insonlarning har tomonlama teng huquqliligini ta’minlash, qadr-qimmatini himoya qilish zarur.
Nogironlarning sog‘lig‘ini saqlash, ularga ta’lim, ish berish, jamiyatda to‘laqonli ishtirok etish imkonini taqdim etish oson emas. Shunga qaramasdan, so‘nggi bir necha yil davomida dunyo miqyosida nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalar imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha ijobiy tendensiya kuzatilyapti.
Mamlakatimizda ham fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida amalga oshirish xalq uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarning asosiy mezoniga aylandi. Bu o‘rinda 2021 yil 7 iyunda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinganini alohida ta’kidlash darkor.
Shuningdek, mamlakatimizda 2020 yil 15 oktyabrdan buyon “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun amal qilmoqda. Mazkur qonun talabiga ko‘ra, oldingi qonun hujjatlarida qo‘llanilgan “nogiron” so‘zi o‘rniga endilikda “nogironligi bo‘lgan shaxs” atamasidan foydalanilmoqda.
Bunda, bir tomondan, xalqaro standartlar talabidan kelib chiqilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, xalqimizning azaliy insoniy fazilati, hammaning tengligiga amal qiladigan xushkalom tabiatiga tayanilgani juda ma’qul ish bo‘ldi.
Xalqaro nogironlar kuni joriy yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi tantanalari bilan uyg‘unlikda nishonlanmoqda. Ushbu Deklaratsiyaning 7-moddasida qayd etilganidek, “Barcha odamlar qonun oldida tengdir va hech bir tafovutsiz qonun bilan teng himoya qilinish huquqiga egadir. Barcha odamlar ushbu Deklaratsiyaga zid bo‘lgan har qanday kamsitishdan va shunday kamsitishga undaydigan har qanday gij-gijlashdan teng himoya qilinish huquqiga egadir”.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin qo‘shilgan birinchi xalqaro-huquqiy hujjatdir. Mazkur Deklaratsiya qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydigan milliy qonunchilik normalarida o‘z ifodasini topgan.
Ayniqsa, 2023 yil 30 apreldagi umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz timsolida inson, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati yana bir bor yorqin namoyon bo‘ldi.
Muqaddas QOSIMOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 01.12.2023
- Ko'rishlar: 3168
- Chop etish