Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz – xalqaro huquq qoidalari tasdig‘i

«Konstitutsiya – xalqchil davlat,

barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!»

 

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Muqaddimasida xalqimizning inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sodiqligi yana bir bor e’tirof etildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topdi. Davlat rahbarining bu boradagi dadil siyosiy qadamlari jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarida tub islohotlar uchun yanada keng yo‘l ochdi.

Ushbu islohotlar asnosida Konstitutsiyamizning 13-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi” deb mustahkamlanishi bejiz emas. Ayni konstitutsiyaviy normalar “Inson – jamiyat – davlat” tamoyilini amlada yaqqol ifoda etdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 155 moddadan iborat bo‘lib, 40 dan ortiq moddasi bevosita inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlandi. Asosiy Qonunimiz inson huquqlari sohasidagi deyarli barcha xalqaro huquq normalarini o‘zida mujassamlantirgan.

Bosh qomusimiz, xususan, BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt, Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiya kabi inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarining deyarli barcha prinsipial qoidalarini o‘zida aks ettirgan.

Konstitutsiyaning Muqaddimasida ham Asosiy Qonunimiz xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda qabul qilinganligi alohida e’tirof etilgan. Binobarin, Konstitutsiyaning barcha qoidalari inson huquqlariga oid xalqaro huquq normalariga to‘la mosdir.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 7-moddasi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 4, 20, 24, 26-moddalari, Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiyaning 1-moddasida barcha kishilarning qonun oldida teng ekani va hech bir kamsitishsiz qonun orqali teng himoya qilinish huquqiga egaligi qayd etilgan. Bu borada har qanday turdagi kamsitish qonun bilan taqiqlab qo‘yilishi va qonun barcha shaxslarga hech bir kamsitishsiz, jumladan irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy va boshqa e’tiqodi, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, nasl-nasabidan qati nazar kamsitishga qarshi teng va samarali muhofazani kafolatlashi kerakligi belgilangan.

Mazkur qoidalar Konstitutsiyamizning 26-moddasidagi “Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas” degan normada to‘laligicha o‘z aksini topgan.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizga, xalqaro huquq qoidalarini umume’tirof etgan holda, inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli ekanligini belgilovchi yangi norma kiritildi.

Konstitutsiyamizning 19-moddasiga ko‘ra, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq quyidagilar belgilandi:

  • “insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi, qonunlarning, davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi”;
  • davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak;
  • inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

Inson huquqlari va erkinliklari kafolati ramzi sifatida Konstitutsiyada birinchi marta quyidagilar mustahkamlandi:

- har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega va hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas;

- insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy ahloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin.

Shuningdek, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt va uning Fakultativ protokoliga mos ravishda yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi ekanligidan kelib chiqib, Konstitutsiyada “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi”, deb aniq va ravshan belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, Konstitutsiyamizga inson huquqlariga oid boshqa ko‘plab normalar qo‘shildi. Jumladan:

  • agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas;
  • qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • har kim o‘z shaxsiga doir noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega.

Shuningdek, Konstitutsiyaning yangi tahririga asosan barcha noaniqliklar – inson foydasiga hal etilish lozimligi belgilandi. Bunda inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

Ijtimoiy munosabatlar cheksiz shakllarga ega, ularni normativ-huquqiy hujjatlarda to‘liq kodifikatsiya qilib chiqish amalda imkonsiz. Endilikda qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilmagan masalalarda ziddiyat yuzaga kelsa, masala davlat emas, inson foydasiga hal etiladi.

Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir. Ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.

Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.

Shu o‘rinda qiynoq qo‘llashni taqiqlashga oid moddani ham eslatish joiz. Bu moddaning aynan shu qismi avvalgi holida, o‘zgarishlarsiz saqlab qolindi:

Konstitutsiyaning 26-moddasida “Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas” deb belgilangan.

Mazkur normaning mustahkamlanishi O‘zbekistonning xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq normalariga sodiqligining yana bir e’tirofidir.

Xulosa qilib aytganda, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning xalqaro va milliy mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi xalqchil konstitutsiyaviy asoslar imkon qadar to‘liq darajada mustahkamlanishiga erishildi.

 

Iqbolbek ABDUMAJIDOV,

Inson xuquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech