Xalq fikri – jamiyat taraqqiyoti ko‘zgusi

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida “O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usul, nazariya va amaliyot” muntazam ilmiy-amaliy seminari doirasida xalqaro majlis bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston sotsiologlari assotsiatsiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz va boshqa qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.

“Jamiyat barqaror rivojlanishining asosi sifatida ta’limni tarkibiy modernizatsiyalash” mavzusidagi anjuman akademik olima Ra’no Ubaydullayeva xotirasiga bag‘ishlangan yillik sotsiologik o‘qish doirasida o‘tkazildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Darhaqiqat, sohada olib borilayotgan islohotlar inson manfaati ustuvorligini ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yorqin namunasidir.

Mamlakatimiz ta’lim tizimining ijtimoiy-iqtisodiy mazmuni va amaldagi faoliyati, sohada xizmat bozorini shakllantirish va O‘zbekiston iqtisodiyoti sharoitiga moslashtirishning tashkiliy mexanizmi, boshqaruv usullarini o‘rganish o‘ziga xos ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. Ta’lim sohasini tez va og‘riqsiz modernizatsiyalashga erishilishi boshqa ijtimoiy sohalarda ham shunday o‘zgarishlarni yuzaga chiqaradi. Shu bilan birga mahalliy ishlab chiqarish dinamikasi ob’ektiv tendensiyasi hisobga olinmagan holda modernizatsiyalashtirilgan ta’lim tizimi ma’muriy, yuzaki xusustyatga ega bo‘lishini yoddan chiqarmaslik zarur.

2022-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish doirasida “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da zamonaviy bilimga, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyasiga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlarini izchillik va jadallik bilan amalga oshirish belgilangan.

Seminarda davlat va jamoat, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, olimlar, doktorantlar, yosh tadqiqotchilar, sotsiologiya sohasi mutaxassislari, magistrlar, talabalar ishtirok etdi.

Mazkur ilmiy-amaliy anjuman soha mutaxassislari  o‘rtasida fikr almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish, muammolarga yechim topish imkonini beradi.

– Bugungi tadbirda ta’limni modernizatsiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratildi, – dedi “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mutaxassisi Sherzod Boboyev. – Hozirgi kunda ilmiy tadqiqot olib borishda jahon tajribasini o‘rganish juda muhim. Shu bois markazimiz nafaqat MDH davlatlari, balki Yevropaning qator davlatlari, masalan, Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi, Germaniyaning “INSA-CONSULERE” bozor va ijtimoiy tadqiqot instituti kabi ilg‘or muassasalar bilan sheriklikni yo‘lga qo‘ygan. Bu galgi tadbirda ham ushbu hamkorlarimiz bilan mamlakatimizdagi sotsiologik tadqiqotlar, sohada amalga oshirilayotgan ishlar, kamchilik va yutuqlar, muammolar to‘g‘risida fikr almashdik. Muhimi, markazda olib borilayotgan keng ko‘lamli ilmiy asoslangan tadqiqotlar jamiyat rivoji uchun juda muhim ekani ekspertlar tomonidan e’tirof etilmoqda.

Seminar doirasida sotsiologiya va jamoatchilik fikrini o‘rganish, iqtisod va siyosatshunoslik, tarix va etnografiya sohasidagi yetakchi tadqiqotchi va amaliyotchilar ilmiy maqolalaridan tuzilgan “Jamiyat barqaror rivojlanishining asosi sifatida ta’limni tarkibiy modernizatsiyalash” mavzusidagi to‘plam taqdimoti o‘tkazildi.

Mazkur ilmiy-amaliy seminar hozirgi tarixiy davrga xos jadal global o‘zgarishlar sharoitida mamlakatimiz ta’lim tizimini isloh qilish jarayoni tahliliga oid qizg‘in munozaraga boy tarzda o‘tdi.

Go‘zal Sattorova,

O‘zA  

Powered by GSpeech