INSON HUQUQLARI KAFOLATLANGAN BOSH HUJJAT

«Konstitutsiya – xalqchil davlat,

barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!»

 

Butun dunyo mamlakatlari Konstitutsiyalari, uni qabul qilgan davlatlarning Asosiy qonuni xisoblanadi. Unda davlat va jamiyat qurilishi, inson huquq va majburiyatlari aks ettiriladi.

Konstitutsiyaning kelib chiqish tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, adabiyotlarda yozilgan va ulug‘ ustozlarimiz bergan ilmlarga tayangan holda dastlab qadimgi Bobil davlatida podsho Hammurapi qonunlarini eslash kifoyadir. Konstitutsiyaga xos jihatlarni o‘z ichiga olgan ushbu qonun bundan 4 ming yil avvalgi tarixga borib taqaladi.

Buyuk bobokalonimiz Amir Temurning “Temur tuzuklari”ni ham o‘z davrining konstitutsiyaviy qonuni deyish mumkin.

Shuningdek, O‘rta asrlarda yashab ijod qilgan ajdodlarimizdan biri xisoblangan Yusuf Xos Xojibning “Qutadg‘u bilig” asari ham davlat, jamiyat, boshqaruv hamda inson huquqlari, ular o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normalar ko‘rsatilgan shunday hujjatlar hisobiga kiradi.

Dunyoning rivojlangani sari Konstitutsiyalar ham o‘zgartirilib, ularga zarur qo‘shimchalar kiritib boriladi. Bunga ko‘plab davlarning yangilangan Asosiy qonunlarini misol tariqasida keltirish mumkin. Chunki hayot bir joyda to‘xtab qolmaydi, doimiy ravishda o‘zgarib turadi.

2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson manfaatlari ustun qo‘yilgan. Chunki Asosiy qonunimizning butun mazmun-mohiyati insonga xizmat qilish g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan. Unda ko‘rsatilishicha, “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”, “Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi”.

Konstitutsiyamiz o‘zining insonparvarligi bilan alohida ajralib turadi. Ya’ni, unda yolg‘iz keksalar, mehnatga layoqatsizlar, voyaga yetmaganlarning huquqlari davlat himoyasida ekanligi haqida tegishli qoidalar mavjud. Shuningdek, davlat va jamiyat ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda yetim bolalarning ta’lim-tarbiyasi, ularni parvarishlash uchun mas’ul ekani bilan bog‘liq moddalar kiritilganini ham ta’kidlash joiz.

Mamlakatimizda dunyoning AQSh, Fransiya va boshqa shu kabi eng rivojlangan davlatlari Konstitutsiyalari bilan raqobatlashadigan Konstitutsiya ishlab chiqildi, desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo, Konstitutsiyani qabul qilish – masalaning bir jihati, ikkinchi asosiy va muhim jihati shuki, uni hayotda to‘g‘ri va aniq tatbiq etish shart.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga ayrim normalarning kiritilishi o‘ta muhimligi bilan ajralib turadi, deb o‘ylayman. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi masalasini olaylik. Bu borada 2023 yil 23 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Bosh qomusimizga, shuningdek, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi, inson huquqlari cheklanishi bilan bog‘liq kiritilgan aniqlik, “hurmati ancha tushib ketgan” o‘qituvchilar nufuzini yuksaltirish bilan bog‘liq normalar, yerning xususiy mulkka aylantirilishi, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilinganlik uchun qonun asosida qat’iy javobgarlik belgilanishi, davlat boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatidagi o‘zgarishlar kiritilgani juda muhim.

Konstitutsiyaga kiritilgan ushbu yangi normalar inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari va qadr-qimmatini ulug‘lashga xizmat qiladi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas, inson qadri deganda biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”.

 Huquqshunoslikda bir qoida bor: “Kim qonunlarni bilmasa, bu uni javobgarlikdan ozod etmaydi”. Shuning uchun har bir inson yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qayta-qayta o‘qib chiqib, o‘z huquq va majburiyatlarini bilib olishi maqsadga muuvofiq bo‘ladi. Har bir inson Asosiy qonunda kafolatlangan huquqlaridan o‘z o‘rnida foydalansa, barcha joyda huquqlari ta’minlanishiga erishadi albatta.

Eng asosiysi, inson huquqlarini yaxshi bilgan har bir fuqaro mamlakat taraqqiyotiga, jamiyatimizda qonun ustuvorligi va inson huquqlari ta’minlanishiga ham katta hissa qo‘shadi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 56-moddasi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga bag‘ishlangani bejiz emas. Binobarin, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi milliy institutlar tashkil etilgan.

Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining birgina yo‘nalishi – jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash faoliyatiga e’tibor qarataylik. Milliy markaz kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish davomida aniqlangan huquqbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli davlat organlariga tavsiya va takliflar yuborish orqali inson huquqlari buzilishi holatlari barham topishiga izchil hissa qo‘shmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, 2023 yilning 11 oyi davomida  Milliy markazga kelib tushgan jami 1200 dan ortiq murojaat ko‘rib chiqilgan. Milliy markaz tomonidan kiritilgan 500 dan ortiq tavsiya ko‘rib chiqilishi natijasi bo‘yicha 53 ta murojaat yuzasidan fuqarolarning huquqlari tiklandi, 22 ta holatda fuqarolarga huquqlari ro‘yobga chiqarilishida va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda amaliy ko‘maklashildi.

Shuningdek, 118 ta holatda fuqarolarga qonun hujjatlari talablari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. Bundan tashqari, Milliy markazga telefon orqali murojaat qilgan 2300 nafardan ortiq fuqaroga huquqlari borasida og‘zaki huquqiy tushuntirishlar berilishi ta’minlandi.

O‘tgan davrda Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi qabulida bo‘lgan 550 nafardan ortiq fuqarodan 370 ta yozma murojaat qabul qilingan. Bu jarayonda 180 nafardan ziyod fuqaroga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilgan.

Shunday qilib, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishda o‘z munosib o‘rni bor. Yanada e’tiborlisi, endilikda ushbu institutlarning faoliyati yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlab qo‘yilgan.

 

Otabek NORBOYEV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i

 

Powered by GSpeech