Qonunchilik palatasida Konstitutsiya yaratilish tarixiga bag‘ishlangan Arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 4 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilish tarixiga bag‘ishlangan Arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

“Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan bosh g‘oya asosida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazmada Qonunchilik palatasi deputatlari, senatorlar, Konstitutsiyaviy sud, xorijiy davlatlar diplomatik korpuslari vakillari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman), Parlament tadqiqotlari instituti hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Mazkur ko‘rgazmada Bosh qomusimizning yaratilishi va hayotimizga tatbiq etilishi tarixi, shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishiga oid yuzga yaqin eksponatlar o‘rin olgan.

Prezidentimizning joriy yil 16 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratgani alohida qayd etildi.

Ko‘rgazmali tadbirda Asosiy Qonunimizning mazmun-mohiyati, uning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy poydevori, fuqarolar huquq va manfaatlarining ishonchli kafolati sifatidagi ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritildi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining noyob namunasi bo‘lgan Konstitutsiyamiz mamlakatimizda suveren demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlash, turmush farovonligini yuksaltirishning mustahkam huquqiy asosi bo‘lib kelmoqda. Pirovardida o‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy manzarasi butunlay o‘zgardi. Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylandi.

Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Barcha darajadagi rahbarlar, jumladan, deputat va senatorlar quyi bo‘g‘inga, mahalla darajasiga tushib, aholi bilan bevosita uchrashib, ularning muammolarini joyida hal etmoqda.

Muhim hujjatlar loyihalari, chunonchi, budjet mablag‘laridan oqilona foydalanish, davlat xaridlari masalalarini muhokama qilish jarayonida keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etmoqda. Shu asosda davlat tashkilotlari va fuqarolik institutlari o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanib, jamoatchilik nazorati yangi bosqichga ko‘tarildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, davlat va jamiyat qurilishini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berganligini alohida e’tirof etdi.

Qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan vakillik organlari rivoji uchun yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makon yaratildi. Mamlakatimizda milliy parlamentarizm instituti faoliyati samaradorligi yanada oshirildi. Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari, shuningdek, har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va mas’uliyat sohalari aniq belgilandi. Ilgari Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 ta bo‘lgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga asosan ularning soni 12 taga yetdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov Konstitutsiyaning yaratilishi tarixi haqida to‘xtalib, Asosiy Qonunimizda muhrlab qo‘yilgan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida keng ko‘lamli ulkan ishlar amalga oshirilganini alohida qayd etdi.

Shu bilan birga, 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni yoqlab ovoz bergani xalqimizning birdamligi va hamjihatligini namoyon qilgani, Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topgani aytib o‘tildi.

Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz oldingi Konstitutsiyaga nisbatan qariyb 65 foizga yangilanganiga urg‘u berildi. Jumladan, uning moddalari 128 tadan 155 taga, normalari esa 275 tadan 434 taga ko‘paydi. Amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga konseptual o‘zgartirishlar kiritildi. Eng muhimi, Asosiy Qonunimizda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotimizning turli sohalarida keyingi yillarda ro‘yobga chiqarilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni izchil davom ettirish bo‘yicha strategik maqsadlar o‘z ifodasini topdi.

— Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lgan Konstitutsiyamiz yurtimizda demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda, — dedi so‘zga chiqqan “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov. — Zero, mamlakatimiz 31 yil davomida bosib o‘tgan g‘oyat murakkab va sharafli yo‘l Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi va ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Bugungi kunda Markaziy Davlat arxivida Konstitutsiyamizning yaratilishi tarixi bilan bog‘liq muhim hujjatlar 19 ta jildda saqlanmoqda. Albatta, bu kelajak avlodga tariximizni to‘la-to‘kis yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda so‘z olganlar Asosiy Qonunimizda aks ettirilgan har bir yangi norma jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyoti hamda xalqimizning ijtimoiy hamda boshqa huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yaqin va uzoq istiqboldagi strategik maqsadlarni amalga oshirishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladilar. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai, degan norma asosida O‘zbekiston Respublikasida jahon miqyosida umume’tirof etilgan xalq hokimiyatchiligi prinsipi, ya’ni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanini anglatuvchi tamoyil mustahkamlab qo‘yilgani alohida e’tirof etildi.

Asosiy Qonunimiz biz uchun nafaqat muhim hayotiy qo‘llanma, balki milliy g‘urur-iftixor, ushbu zaminda istiqomat qilayotgan, jinsi, irqi, millati, tili, dinidan qat’i nazar, barcha insonlar uchun mustahkam huquqiy himoya hisoblanishi qayd etildi.

Tadbir yakunida mehmonlar ko‘rgazmadagi eksponatlar, parlament kutubxonasi faoliyati hamda Qonunchilik palatasi muzeyidagi eksponatlar bilan tanishdilar.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech