INSONPARVAR VA XALQCHIL KONSTITUTSIYA

«Konstitutsiya – xalqchil davlat,

barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!»

 

1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mustaqilligimizning dastlabki yillaridan boshlab davlat va jamiyat taraqqiyotining mustahkam huquqiy asosi bo‘lib kelmoqda.

Ayniqsa, so‘nggi yetti yilda mamlakatimiz o‘z rivojlanishining yangi va yuksak bosqichiga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbarining qat’iy irodasi bilan jamiyat hayotining barcha sohalarida keng ko‘lamli demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xalq manfaatlari va inson huquqlari ustuvorligi tamoyili asosida olib borilayotgan ushbu islohotlar mamlakatimizning Asosiy qonunini ham isloh etish zaruratini yuzaga keltirdi. Natijada 2023 yil 30 aprelda referendum asosida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Bosh qomusimizga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, eng avvalo, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani bilan, ayniqsa, e’tiborga molik. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

         Konstitutsiyaning Muqaddimasida O‘zbekiston xalqining inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga bo‘lgan sodiqligi e’lon qilingan. Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat ta’kidlangan.

         Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada “inson – jamiyat – davlat” tamoyili ustuvor bo‘lib, inson huquqlariga oid konstitutsiyaviy normalar miqdori 3 barobar ortganini e’tirof etish kerak. Inson huquq va erkinliklariga oid konstitutsiyaviy normalar davlat organlari va nodavlat tashkilotlar faoliyatida inson huquqlari ustuvorligini kafolatlaydi.

         Konstitutsiyamizning 20-moddasida qayd etilganidek, insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Shuningdek, qonunlarning, davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini inson huquqlari va erkinliklari belgilaydi.

Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

Shu bilan birga yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini cheklash asoslari ham aniq belgilangan bo‘lib, bu faqatgina qonunga muvofiq va zarur bo‘lgan doirada amalga oshiriladi. Konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligi va tartibini ta’minlash maqsadida inson huquqlari qonunga asosan cheklanishi mumkin.

  Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlatning inson huquqlarini ta’minlashdagi majburiyatlari ham kengaytirilgan. Xususan, 54-moddada insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi sifatida belgilangan bo‘lsa, 56-moddada davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun sharoitlar yaratishi ko‘rsatilgan.

Asosiy qonunimizning 55-moddasida esa shaxslarning o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish huquqi xalqaro-huquqiy hujjatlarga muvofiq holda kengaytirilgan. Jumladan, fuqarolar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lganlaridan so‘ng, inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilishlari mumkin.

Konstitutsiyaning yangi normalaridan biri 57-moddada belgilangan. Unda mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida ekani, davlat ularning turmush sifatini oshirish, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan choralar ko‘rishi qayd etilgan.

         Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xalqimizning farovon turmushi, yurtimizning tinchligi va obodligi, davlatimizning insonparvar va xalqchil siyosati kafolatlangan. Bosh qomusimizda belgilangan inson huquqlariga oid normalar Yangi O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. 

        

Farhod HAYITBOYEV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi, dotsent

O‘zA

Powered by GSpeech