Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligida 1999 yilda tashkil etilgan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali yuzlik dovondan oshdi – jurnalning 100-soni nashr etildi. Ushbu maxsus son O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi hamda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlandi. Shu kunlarda mamlakatimizda “Inson huquqlari o‘n kunligi” doirasida bo‘lib o‘tayotgan huquqiy-ma’rifiy tadbirlarda jurnal taqdimoti ham o‘tkazilmoqda.
Jurnalning o‘zbek, rus va ingliz tilidagi sahifalari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligi va obodligi, davlatimizning barqaror taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etishiga doir dolzarb maqolalar bilan boshlanadi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi Bahodir Umurzoqovning “Konstitutsiya – ijtimoiy yo‘naltirilgan davlatimizning adolatli poydevoridir” nomli maqolasida Asosiy qonunimizda mustahkamlangan “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilining mazmun-mohiyati, bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 2023 yildagi faoliyati batafsil sharhlangan.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, yuridik fanlar nomzodi Haydarali Yunusovning “Murojaat qilish huquqining konstitutsiyaviy asoslari: qiyosiy-huquqiy tahlil” nomli maqolasi ham keng ko‘lamli tadqiqotlar hamda teran mushohadalar asosida yozilgan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan bir qatorda Yevropa, Shimoliy Amerika, Janubiy Amerika, Afrika, Osiyo, arab dunyosi, MDH va Markaziy Osiyoda joylashgan mamlakatlarning konstitutsiyalari qiyosiy-huquqiy tahlil qilingan. Muallif ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish asosida O‘zbekiston milliy qonunchiligini va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha bir qator taklif hamda tavsiyalarni ishlab chiqqan.
Yuridik fanlar doktori, professor Mirzatillo Tillabayevning “Human rights protection in new Uzbekistan” nomli ingliz tilidagi maqolasi ham dolzarb mavzugu bag‘ishlangani bilan ahamiyatli. Unda inson huquqlarini himoya qilish va ularga rioya etish masalalari, inson huquqlari sohasida milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar konstitutsiyaviy normalar asosida tahlil qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unovning “Конституция Республики Узбекистан в новой редакции – основа правового государства в новом Узбекистане” nomli rus tilidagi maqolasida esa mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ustuvorligi va uning oliy yuridik kuchi so‘zsiz tan olinishi batafsil yoritilgan.
Maxsus sonda “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi” ruknida inson huquqlari sohasida faoliyat olib borayotgan nafaqat o‘zbekistonlik, balki xorijlik taniqli ekspertlarning ham maqolalari, ma’ruza va intervyulari taqdim etildi.
Jumladan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurkning joriy yilning 23 oktyabr kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusidagi Markaziy Osiyo yoshlar forumidagi nutqi o‘zbek va ingliz tillarida, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakili Matilda Bognerning mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga oid intervyusi o‘zbek va rus tillarida jurnalxonlar e’tiboriga havola qilindi.
Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkovaning “Всеобщая декларация прав человека и ее роль в условиях становления многополярного мира” nomli maqolasida esa Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, ushbu deklaratsiyadagi inson huquqlariga oid normalarni amalga oshirish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasining tajribasi batafsil bayon etilgan.
Jurnalning ushbu ruknida o‘zbekistonlik yurist olimlar va tadqiqotchilarning ham dolzarb maqolalari chop etilgan. Taniqli huquqshunos olim, yuridik fanlar doktori, professor Jo‘raboy Toshqulov hamda O‘zFA Davlat va huquq instituti amaliyotchi tadqiqotchisi Baxromjon Ortiqov hammuallifligidagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilangan ta’lim olish huquqiga doir normalarning islom davlatlari konstitutsiyalarida ifodalanishi” nomli maqola shular jumlasidandir. Unda ta’lim olish huquqiga oid xalqaro va mintaqaviy hujjatlar, rivojlangan demokratik davlatlar konstitutsiyalari va islom huquqi normalari bilan hozirgi zamon islom davlatlari konstitutsiyalari normalari qiyosiy tahlil qilinib, ular uchun xos bo‘lgan umumiylik, o‘xshashlik va o‘ziga xoslik aniqlangan. Mazkur yo‘nalishda chuqur va keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish davr talabi ekani asoslab berilgan.
Yuridik fanlar doktori, dotsent O‘tkirbek Ochilovning “O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarning rivojlanishi” nomli maqolasi ham diqqatga sazovor. Maqolada ta’kidlanganidek, “O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga o‘tish jarayonini amalga oshirishda asosiy e’tibor inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilmoqda. Shu bois inson huquqlari va erkinliklarini to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlarning ilmiy asoslarini o‘rganish muhim ahamiyatga ega”. Muallif mamlakatimizda inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni batafsil tahlil qilish asosida muhim takliflarni ilgari surgan. Jumladan, ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi ilmiy tashkilot sifatida Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz huzurida Inson huquqlari akademiyasini tashkil etish taklifini bildirgan.
Jurnalning maxsus sonida “Kitob – tafakkur xazinasi”, “Retsenziya na knigu” ruknlarida taqdim etilgan o‘zbek va rus tilidagi taqrizlar ham mutolaa ixlosmandlariga manzur bo‘lishiga aminmiz.
Xususan, akademik Akmal Saidovning “Мультиполярный взгляд на биполярный мир” nomli taqrizida estoniyalik taniqli huquqshunos olim Reyn Myullersonning “Living in Interesting Times: Curse or Chance?” nomli kitobiga mufassal sharh berilgan. Kitobda G‘arb va Sharq o‘rtasidagi global siyosiy-huquqiy munosabatlar xolisona yoritilganini ta’kidlar ekan, akademik A. Saidov kitob muallifining mahoratini e’tirof etadi: “So‘nggi o‘n yilliklarda dunyoda sodir bo‘lgan deyarli barcha voqealarni 200 sahifaga sig‘dira olish qobiliyati professor Myullerson o‘z ishining chinakam ustasi ekanidan dalolat beradi”.
Yuridik fanlar doktori, professor Xudoyor Mamatovning “O‘tmish va bugunni bog‘lovchi ko‘prik” nomli taqrizida esa akademik Akmal Saidovning 2023 yilda nashr etilgan “Hazrat Zangi ota” nomli kitob-albomi to‘g‘risida qiziqarli fikr-mulohazalar bildirilgan. Ushbu kitob Hazrat Zangi ota timsollarida xalqimiz tarixi, ulug‘ ajdodlarimizning ma’rifiy g‘oyalari, istiqlol yillarida yurtimizdagi muqaddas qadamjolarni obod qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy soha rivoji kabi ko‘plab mavzular yoritilgan fundamental qomusiy asar ekani e’tirof etilgan. Kitob muallifining katta hajmdagi mehnati, olib borgan keng ko‘lamli tadqiqotlari, har bir ma’lumotni asosi bilan taqdim etgani, kitobga tartib berish mahorati va unda foydalanilgan tarixiy hamda zamonaviy fotosuratlarga yuqori baho berilgan.
Shuningdek, jurnalning maxsus soni sahifalaridan Sh. Sheraliyev, M. Tajiboyev, H. To‘xtayev, S. Saidova, N. Toirov, R. Arslonova, Sh. Rahimov, T. Norboyev, E. G‘aniyev, N. Sultonov, A. Mahamadaminov, S. Alimuxamedov, S. Usmanov, B. Islomov, F. Qanoatova muallifligida o‘zbek, ingliz va rus tilida taqdim etilgan maqolalar ham o‘rin olgan.
Shunday ekan, foydali va zavqli mutolaaga marhamat! Sarflagan vaqtingiz mazmunli va samarali o‘tishiga aminmiz.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 07.12.2023
- Ko'rishlar: 2842
- Chop etish