Konstitutsiya qabul qilingan sana munosabati bilan turli tadbirlar, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida turli soha vakillari ishtirokida ana shunday tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida “So‘z va ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligining konstitutsiyaviy-huquqiy kafolatlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda “nafrat tili” (“Hate speech”)dan foydalanib tashkil etilayotgan axborot urushlari, yolg‘on ma’lumotlarga qarshi kurashish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, fuqarolarning axborotni izlash, olish va tarqatish kabi konstitutsiyaviy huquqlarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shu jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada so‘z erkinligining barcha zarur kafolatlari o‘z ifodasini topgani alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, tadbirda ijtimoiy tarmoqlardagi “nafrat tili” nafaqat axborot urushlari, yolg‘on va tuhmat bilan inson sha’ni va qadrining kamsitilishiga sabab bo‘layotgani, balki davlatlararo nizolar, millionlab insonlar hayotini izdan chiqarib yuborayotgan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni oyoqosti qilayotgani ta’kidlandi. “Nafrat tili”ga qarshi kurashish, internetda bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lish lozimligi alohida qayd etildi.
***
Quyi palataning Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlarning konstitutsiyaviy huquqiy asoslari” mavzusidagi konferensiya ham yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.
Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib bergani, Milliy institutlarning huquqiy asoslari, ularga yaratilayotgan imkoniyat va vazifalar haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, Bosh qomusimiz Milliy institutlar rivojida ham alohida o‘rin tutadi. Xususan, Konstitutsiyaning 56-moddasida “inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi.

Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi”, deb belgilab qo‘yildi.
98-moddasida esa Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi berildi. Bularning barchasi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlashi e’tirof etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 07.12.2023
- Ko'rishlar: 2987
- Chop etish