Mamlakatimiz delegatsiyasi «Inson huquqlari-75» kampaniyasi doirasida Jenevada o‘tkazilgan nufuzli tadbirlarda qatnashdi

Shu kunlarda butun dunyoda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi keng tantana qilinmoqda. Ushbu muhim xalqaro sanaga bag‘ishlangan rasmiy-madaniy tadbirlarda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi joriy yil 10-12 dekabr kunlari Jeneva shahrida bo‘ldi.

Inson huquqlarining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilingan ushbu tadbirlarda davlatlar hamda hukumatlar rahbarlari, fuqarolik jamiyati faollari, inson huquqlari himoyachilari, mashhur kompaniyalar yetakchilari, peshqadam sportchilar, san’at va iqtisodiyot namoyandalari ishtirok etdi. Ayni tadbirlar doirasida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi tashabbusi bilan joriy yil mobaynida davom etgan “Inson huquqlari-75” kampaniyasiga yakun yasaldi.

Bundan 75 yil ilgari dunyoning barcha mintaqalari, turli huquqiy an’analar va turfa madaniyatlar namoyandalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini ishlab chiqqan. Shu negizda 1948 yili qabul qilingan mazkur xalqaro-huquqiy hujjatda insoniyat oilasining hamma a’zolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi ekanligi e’tirof etilgan.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qabul qilinishi – insoniyat tarixidagi bemisl ahamiyatga ega ulkan voqelikdir. Binobarin, xalqaro hamjamiyat ilk bor ushbu Deklaratsiyada inson huquqlari umuminsoniy, ya’ni barcha madaniyatlar, dinlar va qit’alarni birlashtiruvchi asosiy qadriyatlarga asoslanganligini e’tirof etgan.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk ta’biri bilan aytganda, bugun xalqaro jamoatchilik nafaqat tarixiy bir Deklaratsiyaning, balki inson huquqlarini himoya qilish sohasida olamshumul ahamiyat kasb etgan eng muhim xalqaro-huquqiy hujjatning 75 yilligini nishonlamoqda. Ushbu muhim xalqaro sana doirasida “Inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlab ovoz beramiz” degan mavzuda ikki qismdan iborat tadbirlar tashkil etildi.

Xususan, yetakchilar ishtirokidagi xalqaro tantanalarga BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari F.Tyurk moderatorlik qildi. Bu nufuzli forum davlat boshliqlari ishtirokidagi qizg‘in muzokaralarga boy bo‘ldi.

O‘z navbatida, to‘rtta xalqaro davra suhbati inson huquqlari sohasining muammolari tahlili va istiqboli muhokamasiga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar, jumladan, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari tinchlik va xavfsizlik, raqamli texnologiyalar, iqlim va atrof-muhit, taraqqiyot va iqtisodiyotga oid dolzarb masalalarni inson huquqlari ko‘zgusida ko‘rib chiqdilar.

Joriy yilda xalqaro hamjamiyat qatori xalqimiz ham Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini keng nishonlayotgani bejiz emas. Chunki Yangi O‘zbekistonni siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarda inson huquqlari asosiy o‘rinni egallaydi.

O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha harakatga chaqiruvini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keladi va “Hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini ta’minlashga qaratilgan.

Shu ma’noda, O‘zbekiston delegatsiyasining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtiroki doirasidagi rasmiy tashrifi amaliy uchrashuv va muloqotlar misolida davom etdi. Bu o‘rinda avvalo mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari A.Saidovning BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari F.Tyurk bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvini alohida ta’kidlash lozim.

Muloqot boshida BMT Oliy komissari «Inson huquqlari–75» tadbirlaridagi ishtiroki uchun O‘zbekiston delegatsiyasiga samimiy minnatdorlik bildirib, xalqimizni Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi. F.Tyurk mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan inson huquqlarini ta’minlash, xususan, xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa zaif qatlamlari huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan qat’iy islohotlarni yuqori baholadi.

BMT Oliy komissari O‘zbekistonga joriy yil mart oyidagi tashrifi yakunlari bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» qabul qilinganidan mamnunligini bildirdi. U o‘zi rahbarlik qilayotgan BMT Boshqarmasi ushbu «Yo‘l xaritasi»da belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashish uchun tayyorligini tasdiqladi.

F.Tyurk yurtimizga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi O‘zbekistonning, bir tomondan, Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar Boshqarmasi, ikkinchi tomondan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha boshqa xalqaro tuzilmalari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotganini e’tirof etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Jenevaga tashrifi doirasida O‘lim jazosiga qarshi xalqaro komissiya vitse-prezidenti, Shveysariya sobiq prezidenti Rut Dreyfus bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Janob R.Dreyfus mamlakatimiz Konstitutsiyasining yangi tahririga o‘lim jazosini bekor qilish bo‘yicha normalar kiritilgani, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasini o‘lim jazosidan holi hudud deb e’lon qilishdagi faol roli va qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishda ko‘rsatayotgan yordami uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik izhor etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech