Senatda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash holati muhokama qilindi

Joriy yil 14-dekabr kuni Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Senat Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Yig‘ilishda Kengash aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, 2023-yil davomida mamlakatimiz uchun ustuvor bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid 9 ta, siyosiy-huquqiy sohada 10 ta xalqaro reyting natijalari eʼlon qilindi. Xususan, “Transparency International” xalqaro tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 14 pog‘onaga ko‘tarilib, 180 ta davlat orasida 126-o‘rinni egalladi.

Logistika samaradorligi indeksida O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini 11 pog‘onaga yaxshilab, 138 ta mamlakat orasida 88-o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida respublikamiz ko‘rsatkichlari 8 pog‘onaga yuqorilab, 166 ta davlat orasida 69-o‘rin, Iqtisodiy erkinlik indeksida ham ko‘rsatkichlarimiz 8 pog‘onaga yaxshilanib, 176 ta mamlakat orasida 109-o‘rin qayd etildi.

Tadbirda Hududlarning huquq ustuvorligi indeksining 2022-yil natijalari ham muhokama qilindi. Tahlillarga ko‘ra, eng yaxshi ko‘rsatkich Surxondaryo viloyatida (72,5 ball) qayd etilgan bo‘lsa, eng  quyi ko‘rsatkichlar Farg‘ona (66,3 ball), Samarqand (66,4 ball) va Buxoro viloyatlarida (67,7 ball) qayd etilgan.

Hududlarda qonun hujjatlariga rioya qilinishi indikatorida ijobiy ko‘rsatkichlarga (2022-y. 81 ball, 2021-y. 73 ball) erishilgan bo‘lsa, Mahalliy ijro organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati (-15 ball), Hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligi (-5 ball) indikatorlarida umumiy natijalar pasaygan.

Yig‘ilishda Prezidentning 2022-yil 18-maydagi “Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashda ilmiy salohiyat va amaliy faoliyat uyg‘unligini taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–246-sonli qarori ijrosi ko‘rib chiqildi.

Jumladan, xalqaro reytinglarning tarkibiy indikatorlarida muntazam past baholanib kelinayotgan soha va tarmoqlarni jadal rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinishi kerak bo‘lgan o‘rta va uzoq muddatli strategiyalar loyihalari muhokama qilindi.

Qolaversa, xalqaro reytinglarning past ko‘rsatkichli indikatorlari uchun masʼul davlat organlari tomonidan soha va tarmoqlardagi mavjud tizimli xatoliklarni bartaraf etish loyihalarini ishlab chiqish uchun ilmiy grantlarga buyurtma berishi holati tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz uchun ustuvor etib belgilangan reytinglar metodologiyalarining tez-tez o‘zgarib turishi, ularning vaqtinchalik yoki mutlaqo tugatilishi amaliyotda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotganligi sababli xalqaro reytinglar bilan ishlash tizimini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” ekani belgilanib, aholining ijtimoiy himoya qilinishi mamlakatimiz siyosatining bosh mezoni sifatida ko‘rilayotganligidan hamda ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan keng chora-tadbirlarning amalga oshirilayotganligidan kelib chiqib, Ijtimoiy taraqqiyot indeksi va Ekologik samaradorlik indeksi bilan ishlash maqsadga muvofiqligi muhokama qilindi.

Tadbirda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axboroti eshitilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Xususan, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohaga oid xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga, jumladan, Global innovatsiya indeksining 2023-yil hisobotida qayd etilgan past indikatorlar bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.

Yig‘ilish yakunida Respublika kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech