O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffarjon Mamasiddiqov boshchiligida akademiyaning bir guruh professorlari Bojxona qo‘mitasida bo‘lib, joriy yilning 29 avgustida Davlatimiz rahbarining tashrifi chog‘ida ishga tushirilgan Bojxona rasmiylashtiruvi markazi faoliyati bilan tanishishdi.
Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari hamda San’atkorlar, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish Palatasi raisi ham tanishuv jarayonlarida ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022 yil 27 apreldagi PF-122-son Farmonida sohani raqamli transformatsiya qilish, xizmatlar sifati va tezkorligini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Farmon ijrosi doirasida tashkil qilingan Bojxona rasmiylashtiruvi markazida Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, Markazlashtirilgan masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash va xavflarni monitoring qilish boshqarmasi faoliyat yuritmoqda.
Jumladan, Markazlashtirilgan masofaviy elektron deklaratsiyalash postida 116 nafar bojxona xodimlari tomonidan tadbirkorlar bilan bevosita muloqoti cheklangan holda tovarlar masofaviy rasmiylashtirilmoqda.
Ushbu bojxona postida respublika bo‘yicha rasmiylashtirilayotgan jami deklaratsiyalarning 50 foizi (kuniga 3 mingta) qamrab olingan.
Bojxona qo‘mitasining eng so‘nggi zamonaviy shart-sharoitlar bilan ta’minlangan “Call” markazi esa bojxona organlarida murojaatlar bilan ishlash sifatini tubdan yaxshilab, bir kunda 600 dan ortiq murojaatlarni kunu-tun qabul qilish va muammoli holatlarni tezkor hal etishga xizmat qilmoqda.
Bojxona qo‘mitasida tashkil etilgan muqobili yo‘q yana bir markaz - Targetlash va xavflarni monitoring qilish boshqarmasida esa Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlarining bojxona xizmatlari bilan tunu-kun o‘zaro tezkor ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2023 yilning 11 oyida rasmiylashtirilgan jami 1 mln.ga yaqin deklaratsiyalarning barchasi Xavflarni boshqarish tizimi orqali qayta ishlanib, xavf aniqlangan 60 mingga yaqin deklaratsiyalar bo‘yicha byudjetga 80 mln. dollardan ortiq ekvivalentidagi qo‘shimcha to‘lovlar undirilgan.
83 foiz deklaratsiya soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan, eksport deklaratsiyalarning 81 foizi esa inson omilisiz amalga oshirilgan.
O‘zbekiston va Jahon bojxona tashkiloti o‘rtasidagi faol hamkorlikning yangi namunasi bo‘lgan Markaziy bojxona laboratoriyasi ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi maqomini olgan bunday laboratoriyalar dunyo bo‘ylab atigi 10 ta davlatda bor, xolos.
Bugungi kunda laboratoriya tekstil mahsulotlari, polimer va undan tayyorlagan mahsulotlar, tamaki va nikotin moddasi saqlovchi mahsulotlar, genetik modifikatsiyalangan organizmlar, ozon qatlamini buzuvchi moddalar, metall va metall qotishmalari, alkogol mahsulotlari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir etuvchi dori vositalari ekspertizasini amalga oshirish uchun zarur qurilmalar bilan jihozlandi. Bu yerda amalga oshirilgan ekspertiza sinov natijalari mintaqa miqyosida tan olinadi.
Olimlar bojxona sohasida qo‘lga kiritilayotgan yutuq va tajribalarni fan bilan umumlashtirish, tizimda xizmat qilayotgan xodimlarning amaliy tajribalarini ilmiy tadqiqotlarga keng jalb qilish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini berishdi.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VA MOLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI BOJXONA QO‘MITASI
- Qo'shildi: 14.12.2023
- Ko'rishlar: 3637
- Chop etish