Xavfsiz, tartibli va qonunniy migratsiya borasidagi ishlar xalqaro tashkilotlar e’tirofida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi hamkorligida “18-dekabr – Xalqaro migrantlar kuni” munosabati bilan “Xavfsiz, tartibli va huquqiy migratsiya bo‘yicha global kelishuvning amalga oshirilishiga ko‘maklashish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning bandligini ta’minlash shuningdek xorijiy davlatlarda band aholining har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda migratsiya masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, migrantlar huquqi va manfaatini himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratila boshlandi.

Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (IOM)ning so‘nggi hisoblariga ko‘ra, hozirda jahon bo‘ylab 285 milliondan ortiq kishi migrant bo‘lib, bu insoniyat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ularning o‘z vatanlariga yuborayotgan pul o‘tkazmalari esa aksariyat davlatlarning iqtisodiyoti uchun xorijiy investitsiyalarning umumiy miqdoridan ham bir necha bor salmoqlidir.

Tadbirda so‘z olganlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdilar. Oxirgi yetti yilda xorijda ishlayotgan fuqarolarga nisbatan munosabat tubdan o‘zgarib, mehnat migrantlari bilan muloqot o‘rnatilgani, ularning muammo va ehtiyojlarini o‘rganish hamda hal qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilingani qayd etildi. Qonuniy migratsiyani ta’minlash, xorijdagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari takomillashtirilib borilayotgani aytib o‘tildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 23-moddasida O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi, deb belgilab qo‘yildi.

Ayni chog‘da xorijda ishlamoqchi bo‘lgan shaxslarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, fuqarolarning chet elda bo‘lish davrida huquqlarini himoya qilish, qaytib kelgan mehnat migrantlarining bandligini ta’minlash, ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muayyan ishlar qilinmoqda. Xorijga ishlashga ketishdan oldin fuqarolarni kasb-hunarga va xorijiy tillarga o‘qitish, xorijda murakkab sharoitga tushib qolgan mehnat migrantlarini moliyaviy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilayotir.

Shuningdek, xorijga ketish xarajatini qoplash uchun mikroqarz berish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan. Boquvchisi xorijga ishlash uchun ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi ro‘yxatiga kiritilgan oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish joriy qilingan.

Prezidentimizning “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, fuqarolarimizni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish ko‘lamini kengaytirish, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish maqsadida doimiy ravishda salohiyatli ish beruvchilar bilan muzokara olib boriladi. Xorijda zo‘ravonlik, majburiy mehnat yoki tahqirga duchor bo‘lgan, jarohat olgan, baxtsiz hodisaga uchragan, og‘ir kasallikka chalingan, murakkab ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizga yordam ko‘rsatilmoqda.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya, Koreya, Turkiya va Qozog‘istonda 19 ta vakolatxonasi hamda vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz, ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilgan.

Tadbir davomida milliy hamkorlarni “Xavfsiz, tartibli va huquqiy migratsiya bo‘yicha global kelishuv”ni amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlash, bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikni rivojlantirish, navbatdagi ixtiyoriy milliy ma’ruzalarni tayyorlash jarayoniga ko‘maklashish, Global kelishuv bo‘yicha harakatlar rejasining loyihasini taqdim etish va migratsiya boshqaruvi borasida milliy qonunchilikni takomillashtirish istiqbollari xususida fikr almashildi.

Qayd etilganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 95-maqsadi aynan xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini ta’minlash hamda samarali migratsiya siyosatini yuritishga bag‘ishlangan. Bu kelgusi yetti yilda ham xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga axborot jihatidan va huquqiy yordam ko‘rsatish asosiy maqsadlardan bo‘lishini anglatadi.

Davra suhbatida Xalqaro migratsiya: o‘zgarib borayotgan dunyo tartibi va xalqaro huquq nuqtai nazaridan, Xavfsiz, tartibli va huquqiy migratsiya bo‘yicha global kelishuv, Migratsiya bo‘yicha global kelishuvning maqsadlariga erishishga ko‘maklashish bo‘yicha tayyorlangan harakatlar rejasi loyihasi kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Tadbirda ushbu sohada amaldagi qonunchilikni takomillashtirish, bu borada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, Xavfsiz, tartibli va huquqiy migratsiya bo‘yicha global kelishuvning amalga oshirilishiga ko‘maklashish borasida kelgusidagi vazifalar bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech