AYOLLAR MAMLAKATIMIZDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISLOHOTLARNING FAOL ISHTIROKCHISI

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. O‘zbekiston tarixida ilk bor parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga ko‘tarilib, qariyb 32 foizga yetdi va dunyodagi 190 parlament orasida 37-o‘rinni egalladi. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foiz, partiyalarda 44 foiz, oliy ta’limda 40 foiz, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi.

Mamlakatimizda jamiyatimizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish ham doimiy e’tiborda. Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid yigirmadan ziyod qonunchilik hujjati qabul qilindi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etilib, davlat byudjetidan har yili 300 milliard so‘m mablag‘ ajratib borish yo‘lga qo‘yildi. Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning o‘qish to‘lovini qoplab berish tizimi joriy etilib, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki barobar ortdi.

Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 224 mingdan ortiq xotin-qizga jami 6,9 trillion so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Sohada olib borilayotgan islohotlar mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rniga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda va bu boradagi yutuqlarimiz xalqaro miqyosda alohida e’tirof etilyapti.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish bo‘yicha o‘tkazilgan sammitida qabul qilingan rezolyusiyasiga muvofiq, shuningdek, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibining barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida gender tenglikni ta’minlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga oid to‘qqizta vazifani ishlab chiqdi. Unga muvofiq, 2030 yilga kelib, barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qarorlar qabul qilishning barcha darajasida ayollarning to‘liq va samarali ishtirokini va yetakchilik qilishi uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, davlatning turli darajalarida davlat dasturlarini qabul qilish jarayonida gender tenglik tamoyillarini joriy qilishni o‘z ichiga oladi.

So‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo‘yicha ishlar bir necha yo‘nalishda olib borilmoqda. Xususan, ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini takomillashtirish, aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish kabi ishlar shular jumlasidan.

Gender tenglikka erishish strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, unda xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, ilm-fanni rivojlantirish, ayollar malakasini oshirish maqsadida olima xotin-qizlar ishtirokida “PhD sari qadam” mavzusida o‘quv kursi, “Kelajak: ilmli qizlar hamjamiyati” ta’lim-almashinuv dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Inson huquqlari va gender tenglik masalalari bo‘yicha rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha o‘quv kurslari joriy qilingan.

Gender tenglikni ta’minlash nuqtai nazaridan ta’limdagi ijobiy siljishlarni alohida ta’kidlash kerak. Ya’ni 2017 yildan boshlab aksariyat oliy o‘quv yurtlarida turli mutaxassisliklar bo‘yicha sirtqi bo‘limlar faoliyati tiklandi. Ta’limning ushbu shakli yosh ayollarga bolalarni parvarish qilish va boshqa oilaviy majburiyatlarni bajarishga xalal qilmasdan oliy ma’lumot olish imkoniyatini beradi.

Gender tenglik bo‘yicha institutsional choralarga kelsak, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida ayollar huquqlarini ta’minlash, ularni kamsitishning har qanday shakliga barham berish bo‘yicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uyg‘unlashtirish bilan shug‘ullanuvchi Xotin-qizlar, gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil qilingan. Oiladagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish maqsadida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markaz, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti kabi yangi tuzilmalar tashkil etildi.

Mazkur barcha yangi institutsional mexanizmlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda BMT konvensiyasiga muvofiq, ayollar huquqlari, gender tenglik va xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berishning yagona yaxlit mexanizmiga aylanishi masalaning muhim tomonidir. Qabul qilinayotgan chora-tadbirlar esa hududlarimiz va xotin-qizlarning barcha toifalarini qamrab olishi kerak. Xususan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT global kun tartibining barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish jarayonida “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini hisobga olgan holda har xil kamsitish shakllariga moyil bo‘lgan xotin-qizlarning holatiga alohida e’tibor qaratish dolzarb masaladir.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida bu borada belgilangan chora-tadbirlar ana shunday dolzarb vazifalarni amalga oshirishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda. Xususan, strategiyada gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish orqali boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushini 30 foizga yetkazish, jamiyatda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, ayollarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlashning shaffof mexanizmini yaratish, mazkur ishlar bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatish vazifalari belgilangan.

Ushbu maqsadlar ijrosi esa ayollarning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi bo‘lishiga zamin yaratadi. Qolaversa, davlat va jamiyatning har tomonlama jadal rivojlanishi, demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etishdek ezgu maqsadlarimiz ro‘yobiga xizmat qiladi.

 

Sevara ISHMURATOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim

Boshlig‘i

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2023 yil 16 dekabr kungi 262 (1051)-soni

Powered by GSpeech