Keyingi yillarda mamlakatimizda insonning qonuniy huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlashga, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirishga hamda ularning malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan malakali yuridik yordam olish huquqidan to‘liq foydalanish imkoniyati yaratildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda. Joriy yil 20 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq sakkizinchi yalpi majlisida senatorlar ma’qullagan “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.
Mazkur qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatish uchun jinoyat, fuqarolik ishlari va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda advokatning ishtirok etishini ta’minlash tartibini belgilashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu qonun fuqarolarning odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga hamda davlat hisobidan malakali yuridik yordam olish huquqini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qizg‘in muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish hamda davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan har kimga o‘z huquqlari va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlandi.
Shu bilan birga, ma’muriy sudlarga murojaat qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish tartib-taomillarini soddalashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu munosabat bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlar, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini fuqarolardan oldindan undirmasdan, ushbu bojni ishni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra aybdor tarafdan undirish tartibini nazarda tutuvchi, shuningdek, davlat bojining ko‘rsatilgan stavkasi miqdori pasaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlarning so‘zlariga ko‘ra, qonun fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari sud tartibida himoya qilinishini ta’minlashga, ularning odil sudlovdan foydalanish hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudlarga murojaat qilish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati ma’lum qilganidek, Oliy Majlis Senatining qirq sakkizinchi yalpi majlisida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 14 ta masala, shu jumladan, 10 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.12.2023
- Ko'rishlar: 3089
- Chop etish