Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya tashkil etildi hamda ushbu masalalar bo‘yicha milliy maʼruzachi instituti taʼsis etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi tufayli “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasi asosida davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy poydevorini mustahkamlash, bu jarayonlarda inson huquqlari tizimini yana-da mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Ana shu islohotlarning muhimlaridan biri sifatida odam savdosi va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ko‘rilgan amaliy choralarni keltirib o‘tish mumkin.

Bu borada 2019-yilda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etildi. Milliy komissiya tomonidan o‘tgan davr mobaynida odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish yo‘nalishida milliy qonunchilikni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish, ushbu yo‘nalishlardagi mavjud muammolarni, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash va tizimli hal etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan 40 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, Xalqaro mehnat tashkilotining 5 ta konvensiyasi hamda 1 ta protokoli ratifikatsiya qilindi.

Jumladan, bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik belgilandi, O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi, odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajada identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish tartibi belgilandi, odam savdosiga oid jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Natijada bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi, tizimli majburiy mehnat bartaraf etildi.

Ana shu saʼy-harakatlar tufayli Xalqaro Mehnat tashkiloti O‘zbekistonda majburiy mehnatga to‘liq barham berilganligini eʼlon qildi. O‘zbekiston AQSH va Yevropaning Preferensiyalar bosh tizimida “GSP+” qatnashish huquqiga ega bo‘ldi. Sanoatga to‘siq bo‘lib turgan “Cotton Campaign” koalitsiyasining “paxta boykoti” bekor qilindi.

Shuningdek, AQSH Mehnat vazirligining “Bolalar mehnatining eng yomon shakllari” to‘g‘risidagi yillik hisobotida eng yuqori, yaʼni “muhim o‘zgarishlarni amalga oshirgan davlatlar” qatoriga kiritildi, 131 ta davlat orasidan 4 ta eng yaxshi davlat qatoridan o‘rin oldi. O‘zbek paxtasi “Majburiy mehnatni qo‘llab ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxati”dan chiqarildi.

Bundan tashqari odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlanganlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish borasida ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, AQSH Davlat departamentining Dunyoda odam savdosi to‘g‘risidagi yillik hisobotida O‘zbekiston alohida kuzatuv ostidagi davlatlar ro‘yxatidan chiqarildi, 2-toifadagi davlatlar (xalqaro standartlarni to‘liq bajarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirayotgan davlatlar) qatorida qayd etildi.

Bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga barham berilgandan so‘ng xorijiy brendlar, investorlarning O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik sanoatiga qiziqishi borgan sari ortib bormoqda. Ularning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishlari uchun barcha zarur shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha ham muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

Yaqindagina Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor majlisida mamlakatimizda mashhur brendlar ostida mahalliy mahsulot ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, brendlarni jalb qilish bo‘yicha yangicha yondashuvlarni joriy qilish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi, brendlar bilan ishlayotgan korxonalarga qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar berilishi qayd etildi.

Kelgusidagi asosiy vazifalar sifatida paxtani ekishdan to uni tayyor mahsulot sifatiga kelguniga qadar ishlab chiqarish zanjiriga xalqaro texnik, ishlab chiqarish, ekologik va mehnat standartlarni tatbiq etishni yo‘lga qo‘yish zarurati paydo bo‘lmoqda.

Ushbu yo‘nalishda alohida choralar belgilanib, bugungi kunda Xalqaro Mehnat Tashkiloti va Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan birga “Better Work” xalqaro standartlarini, shuningdek, “Better Cotton Initiattive” (BCI) tashkiloti bilan hamkorlikda "Better Cotton" xalqaro standartlarini tatbiq etish ishlari olib borilmoqda.

Mamlakatimizda bolalar mehnatiga va tizimli majburiy mehnatga barham berilganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi “Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya” sifatida qayta tashkil etildi.

Komissiyaning asosiy vazifalari va tarkibi qayta ko‘rib chiqildi. Milliy komissiyaga Oliy Majlis Senati Raisi rahbarlik qilishi belgilandi. Milliy komissiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri rahbarlik qiladigan Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri rahbarlik qiladigan Munosib mehnat masalalari bo‘yicha kichik komissiyalar tashkil etildi.

Endilikda Milliy komissiya munosib mehnat tamoyillarini tatbiq etish, mehnat sohasida xalqaro standartlarni joriy qilish, shuningdek, migratsiyaga oid siyosatni takomillashtirish borasidagi ishlarga asosiy eʼtiborni qaratadi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etishda kichik komissiyalar va vazirlik va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

Ishlab chiqarish va mahsulot yetkazib berish zanjirida xalqaro standartlarning tatbiq etilishi paxta-to‘qimachilik sanoati tarmog‘iga investitsiyalarni jalb qilishga, tekstil mahsulotlarimizni jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirishga, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Milliy komissiya Raisiga Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy maʼruzachi vazifasini ham bajarish yuklandi.

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech