28 dekabr – O‘zbekiston Qahramoni,
xalq shoiri Erkin Vohidov tug‘ilgan kun
Mamlakatimizda xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan atoqli adib va shoirlar, san’at va madaniyat namoyandalarining ulkan xizmatlari munosib baholanib, ularning xotirasini abadiylashtirish, ijodini o‘rganish va targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash yuzasidan 2016 yil 7 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorining qabul qilinishi mamlakatimizda adabiyotga, ma’naviyatga bo‘lgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Chunki Erkin Vohidov XX asr o‘zbek she’riyatining yirik namoyandasi sifatida milliy adabiyotimiz rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan adibdir.
Men sevimli shoirimiz, atoqli adib va mohir tarjimon, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovni o‘spirinlik davrimda mashhur kitoblari orqali, g‘oyibona taniganman. Keyinchalik, 1989 yilda Erkin aka “Davlat tili haqida”gi qonunni amalga oshirish komissiyasi tarkibida faoliyat yuritgan davrda u kishi bilan ilk bor shaxsan tanishish, yuzma-yuz muloqotda bo‘lish imkoniyati tug‘ilgan.
Istiqlol yillarida O‘zbekiston parlamentida yonma-yon ishlash asnosida Erkin akani yanada yaqindan bilish, o‘zaro ijodiy hamkorlik, hatto oilaviy bordi-keldi qilish baxtiga musharraf bo‘ldim. Binobarin, Erkin Vohidov mustaqilligimizning ilk yillaridan boshlab 20 yil davomida Oliy Majlisda samarali faoliyat yuritgan.
Shu jumladan, ustoz 5 yil – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputati, Oshkoralik qo‘mitasining raisi, 10 yil – parlamentning Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi, bundan tashqari, yana besh yil – Oliy Majlis Senatining a’zosi, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi sifatida faol ish olib borgan.
Bu davrda Erkin Vohidov Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan parlament islohotlari, xususan, soxta vakillik organi bo‘lmish “sovet”lardan zamonaviy professional parlament tizimiga o‘tish, O‘zbekistonning xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi, xalqaro parlamentlararo aloqalarning bardavom rivojlanishi jarayonlariga o‘z hissasini qo‘shganini alohida ta’kidlash lozim.
Erkin Vohidov mustaqil O‘zbekistonning ikki va ko‘p tomonlama parlamentlararo aloqalarining o‘rnatilishi hamda rivojlanishida bevosita ishtirok etgan. Ayni paytda u Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Parlamentlararo hamkorlik qo‘mitasining hamraisi sifatida samarali mehnat qilgan. Ushbu nufuzli qo‘mitaning goh Bryusselda, goh Strasburg va Toshkent shaharlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanlarida Erkin aka ham mohir parlamentariy, ham zukko diplomat sifatidagi fazilatlarini ko‘p bor namoyon etgan.
Bu haqda fikr yuritganda, Erkin aka parlamentda ishlagan davrda O‘zbekiston eng muhim ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilganini alohida qayd etish zarur, deb hisoblayman.
Ma’lumki, Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan Oliy Majlisda Normativ-huquqiy atamalar komissiyasi tuzildi. Ushbu komissiya tarkibida Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimov va Ibrohim G‘afurov kabi ulug‘ adiblar bilan yelkama-yelka ishlash jarayonida o‘zbek davlat tilining bu fidoyi targ‘ibotchilari sa’y-harakatlari tufayli milliy qonunchiligimiz yuridik tili naqadar rivoj topganiga qayta-qayta guvoh bo‘lganman.
Ushbu fikrimning yaqqol tasdig‘i sifatida birgina misol keltiraman. Odatda, ko‘p yillar davomida tilimizda, shu jumladan, qonunchilik tilida muayyan qotishmaning massa ulushlari miqdorida qancha qimmatbaho metall borligini, sodda qilib aytganda, oltin yoki kumushning soflik darajasini bildiruvchi raqamni ifodalash maqsadida “proba” degan baynalmilal so‘z (polyakcha: proba – tekshirmoq, sinab ko‘rmoq) qo‘llanib kelingan. Masalan, “99,9 probali oltin” deganda, oltinning sofligi 99,9 foizga teng ekani tushunilgan. Bunday miqdorni ko‘rsatuvchi raqam aks etgan tamg‘aga nisbatan ham “proba” atamasi ishlatilgan.
O‘shanda Erkin akaning tashabbusi bilan qonunchiligimizdagi “proba” so‘zi “asillik belgisi” degan g‘oyatda o‘zbekona ibora bilan almashtirilgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Erkin Vohidovdek o‘zbek tili bilimdoni va so‘z zargarining tafakkuri va iqtidori, mahorati va tajribasi qonun ijodkorligi jarayonlarida milliy qonunlarimizning yuridik tili sayqal topishi, tom ma’noda o‘zbekona bo‘lishini ta’minlash borasida nihoyatda qo‘l kelgan.
Ulug‘ adib o‘zining butun umri davomida vatanparvarlik, xalqimiz tarixi va buyuk ajdodlarimizdan faxr-iftixor tuyg‘ulari madh etilgan she’r va g‘azallari, dostonlari, dramalari bilan yurtdoshlarimiz qalbidan mustahkam o‘rin egallagan. Shu ma’noda, avvalboshda Erkin akani kitoblari orqali taniganimga alohida urg‘u berganim bejiz emas. Erkin Vohidov she’rlari va dostonlari, she’riy tarjimalari va publitsistik maqolalarini zavq bilan o‘qiganman, hozir ham sevib mutolaa qilaman.
Buning sababini, menimcha, shoir ijodidagi mavzular xilma-xilligi, asarlarining falsafiy mushohada va quyma tashbehlarga boyligi hamda yuksak badiiy ifodasiga maftunligim bilan izohlash mumkin. Negaki, Erkin Vohidovning 1961 yilda nashr etilgan “Tong nafasi” ilk she’riy to‘plamidan boshlab, toki “Qo‘shiqlarim sizga”, “Yurak va aql”, “Mening yulduzim”, “Kelajakka maktub” kitoblari, “Muhabbatnoma” va “Sadoqatnoma” nomli ikki jildli saylanmasi, “Palatkada yozilgan doston”, “Kuy avjida uzilmasin tor”, “Yaxshidir achchiq haqiqat” kabi to‘plamlariga kirgan doston va she’rlar nodir iste’dod sohibi qalamidan to‘kilgan noyob misralar ekani yaqqol sezilib turadi.
Shuningdek, Erkin akaning “Nido”, “Lirika”, “Yoshlik devoni”, “Charog‘bon”, “Dostonlar”, “Hozirgi yoshlar”, “Muhabbat”, “Tirik sayyoralar” “Sharqiy qirg‘oq”, “Bedorlik” “Orzu chashmasi”, “Quyosh maskani”, “Baxmal”, “Ruhlar isyoni”, “Toshkent sadosi”, “Shoiru she’ru shuur”, “Iztirob” kabi o‘nlab she’riy kitoblari va publitsistik asarlarida Vatanimizning shonli tarixi, saodatli bugungi kuni va yorug‘ kelajagi, zamondoshlarimiz hayoti, quvonch-iztiroblari to‘g‘risidagi haqiqat yuksak samimiyat va mahorat bilan tarannum etilgan.
Misol uchun, Erkin Vohidovning sobiq tuzum davridayoq birgina g‘azal janri rivojini yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarish borasida qo‘ygan dadil qadamlari har qancha ehtiromga loyiq. Bu janrda ulug‘ shoirimiz ijod etgan sodda, ravon, go‘zal badiiy ifodalarga yo‘g‘rilgan nazmiy namunalar o‘shanda ham, hozir ham mumtoz she’riyatimiz muxlislarining chanqoq qalblarini bee’tibor qoldirmay kelmoqda.
Ulug‘ adibning aruz vaznida yaratgan ijod mahsullari mohiyati va ahamiyati haqida, nazarimda, eng xolis baho unga zamondosh va yelkadosh bo‘lgan yana bir buyuk ijodkor – O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov qalamiga tegishlidir. Xususan, Abdulla akaning “...mumtoz g‘azaliyotimizning oltin eshiklari abadiy bekildi, deya karomat qilishayotganda yosh avlod orasidan birinchilardan bo‘lib Erkin Vohidov aruzning tabarruk ostonasida posbon yanglig‘ paydo bo‘ldi”, deb aytgan samimiy fikrlari Erkin akaning adabiyotimiz oldidagi xizmatlariga berilgan tom ma’noda yuksak, xolis va eng munosib baho, demakdir.
Ayni chog‘da, Erkin Vohidov ulkan o‘zbek adibi sifatida o‘lmas asarlari bilan qardosh xalqlar adabiyoti o‘rtasida yaqin ijodiy aloqa o‘rnatdi. Adib asarlarining barcha qardosh xalqlar tillariga tarjima qilinishi va ularning ham o‘z shoiriga aylanishi zamirida aynan shu omillar turgan bo‘lsa, ajab emas.
Erkin Vohidovning tarjimonlik mahorati to‘g‘risida so‘z borganda, avvalo, ustoz tarjima qilgan aksariyat sara asarlarni asliyat tilida o‘qiganim uchun, menda asliyat va tarjima matnini o‘zaro qiyoslash imkoni ham, ishtiyoqi ham nisbatan kuchli bo‘lgan, deb o‘ylayman. Xususan, buyuk nemis shoiri Yohann Volfgang Gyotening bundan qariyb qirq yil ilgari o‘zbek tiliga ilk bor tarjima va nashr qilingan yirik asari – “Faust” fojiasining 2015 yili “Yangi asr avlodi” nashriyotida “Kamolot” kutubxonasi turkumida chop etilgan ikkinchi nashri haqida ham ayni shunday fikrni aytish mumkin. Zero, Gyote ijodini “Faust” shoh asarisiz tasavvur etish aslo mumkin emas.
Zabardast tarjimon, ustoz adib Erkin Vohidov bu borada ulkan va mas’uliyatli ishga bel bog‘lab, Gyote qalamiga mansub “Faust” asarining birinchi qismini 1972 yili, keyingi davrda esa ikkinchi qismini ham tarjima qilib, 1985 yili birinchi bor uning ikkala qismini yagona kitob shaklida chop ettirgan. Shuni ta’kidlash joizki, ushbu asarning o‘zbekona jarangi milliy adabiyotimizda olamshumul voqea bo‘lgani barobarida, kitobxonlarimizning ruhiy-ma’naviy yuksalishi yo‘lida muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.
Shu vaqtdan e’tiboran milliy adabiyotshunosligimizda Gyote ijodini jiddiy o‘rganishga kirishildi va o‘zbek tiliga o‘girilgan Gyote asarlarini keng tadqiq etish ishlari boshlanib ketdi. Bu borada o‘zbek adabiyotshunosligi va tarjimachiligi hamda tarjimashunosligi izma-iz va yonma-yon faoliyat olib borganini qayd etish o‘rinlidir. Hech shubhasiz, “Faust” tarjimasi milliy tarjima nazariyasi va amaliyotida yangi sahifa ochdi.
Taniqli adabiyotshunos olim va mohir tarjimon Ibrohim G‘afurov “Faust” tragediyasining birinchi o‘zbekcha nashriga yozgan so‘ngso‘zida ushbu tarjima milliy adabiyotshunoslik fanida gyoteshunoslikning rivojlanishida muayyan hissa bo‘lib qo‘shilganini e’tirof etgan. Ustozning fikricha, “Faust” kabi dohiyona asarni maromiga yetkazib tarjima qilish uchun ijodkorning o‘zi ham ana shu asar darajasiga mos ravishda fikran va qalban yuksalgan bo‘lishi darkor.
Gyote “Faust”ni o‘zining butun ijodiy hayoti davomida yozgani ma’lum. Erkin Vohidov ham uni tarjima qilishga umr bo‘yi hozirlik ko‘rdi va o‘zbekcha matn ustida besh yil mobaynida shiddat-shijoatli va qut-barakali ijodiy mehnat qildi. Erkin akaning ayrim she’rlarini, ayniqsa, “Ruhlar isyoni” dostonini o‘qish davomida, chindan ham, Gyote tragediyasidagi timsollar shoir xayolini qanchalik uzoq davr va nechog‘lik teranlik bilan o‘ziga maftun etgani yarq etib xayolingizdan o‘tadi.
Erkin Vohidov, shuningdek, XIX asr fransuz adabiyotining yirik namoyandalaridan biri, fransuz mumtoz yozuvchisi va zabardast shoiri Viktor Gyugoning “Shohona ishrat” dramasini tarjima qilgan. Besh pardadan iborat, she’riy shaklda yozilgan ushbu romantik drama asosida buyuk italyan bastakori Juzeppe Verdining “Rigoletto” shoh asari yaratilganligi Gyugo demokratik romantizmining dunyo madaniyatiga ulkan ta’sir o‘tkazganligidan darak beradi.
Viktor Gyugo asarlari XX asrning elliginchi yilaridan boshlab o‘zbek tiliga tarjima qilina boshlangan bo‘lsa-da, “Shohona ishrat” dramasining atoqli o‘zbek adibi, ustoz Erkin Vohidov tarjimasi timsolida o‘zbek kitobxoni XXI asr boshida fransuz adibining ijodini qaytadan kashf etdi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Mazkur dramaning Erkin aka tomonidan amalga oshirilgan o‘zbekcha tarjimasi muqaddam alohida nashr etilmaganini (faqat jurnal sahifalarida chop etilganini) hisobga olib, Viktor Gyugo asarlarining o‘zbekcha tarjimalari to‘plamida 2014 yili kitobxonlarimiz e’tiboriga havola etildi.
Erkin Vohidov mashhur rus shoiri Sergey Yeseninning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, alohida kitob holida nashr ettirgan. Bundan tashqari, u turli xalqlar shoirlari, shu jumladan, Fridrix Shiller, Iqbol, Ulfat, Rasul Hamzatov, Lesya Ukrainka, Aleksand Blok asarlarini ham o‘zbek tiliga tarjima qilgan. O‘z navbatida, Erkin Vohidov qalamiga mansub “Oltin devor”, “Saylanma”, “Nido” asarlari nemis, fransuz, rus, ingliz, urdu, hind, arab va boshqa bir qator xorijiy hamda qardosh turkiy xalqlar tillarida nashr etilgan.
Eng muhimi, bu asarlarning yuksak mahorat va nozik did bilan amalga oshirilgan tarjimalari boshqa sohalar qatori adabiyot sohasida ham xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, shu jumladan, Sharq va G‘arb o‘rtasida adabiy aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro adabiy ta’sir muammolarini qiyosiy o‘rganish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori muqaddimasida ta’kidlanganidek, o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan atoqli shoir va adib, taniqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov ijodiy merosi chindan ham yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida ulkan ahamiyatga egadir.
Akademik Akmal Saidovning
“O‘zbegimning erkin o‘zbegi” kitobidan
- Qo'shildi: 28.12.2023
- Ko'rishlar: 5592
- Chop etish