G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent shahridagi filialining professori, iqtisodiyot fanlari doktori Baxtiyor Islomovning har uchala kasbi – pedagogligi ham, olimligi ham, diplomatligi ham bugungi va ertangi kun uchun birdek dolzarb hamda muhim. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda yangi, 2024 yilni “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilgani munosabati bilan navqiron avlod vakillari ko‘z o‘ngida ayni sohalarning ahamiyati yanada ortdi.
Bu haqda batafsil fikr yuritishdan oldin Baxtiyor akaning hayoti va faoliyatiga daxldor ayrim muhim ma’lumotlarga to‘xtalish o‘rinli, deb o‘ylayman. Chunki, Parij bir kunda barpo bo‘lib qolmaganidek, iqtisodchi olimning mohir pedagog, zukko olim va o‘z kasbiga sadoqatli elchi maqomiga yetishishi ham o‘z-o‘zidan bo‘lmagan.
Hayot yo‘li
1954 yil 6 yanvarda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan Baxtiyor aka maktabni tugatishi bilan ilmiy-ma’rifiy sohani tanlagan – mehnat faoliyatini 1971 yilda Toshkent elektrotexnika aloqa instituti laboranti vazifasidan boshlagan. O‘sha yilning o‘zida Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakulteti kunduzgi bo‘limiga o‘qishga kirgan.
O‘z navbatida, Baxtiyor Islomov 1977 yilda Fanlar akademiyasi Jahon tizimining Iqtisod instituti aspiranti, 1981 yilda Toshkent aloqa institutining “Siyosiy iqtisod” kafedrasi assistenti, 1983 yilda Tashqi ishlar vazirligining matbuot bo‘limi mudiri, 1988 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumining Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, 1990 yilda O‘zFA Iqtisod institutining yetakchi ilmiy xodimi bo‘lib ishlagan.
Yaxshi eslayman: Baxtiyor aka 1994-1996-yillarda BMT Istiqbolli rivojlanish loyihasining birinchi direktori sifatida iqtisodiyot yo‘nalishidagi vazirlik va idoralar rahbar shaxslari malakasini oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga asosli tahliliy ma’lumotlarni tayyorlash jarayonlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbarlik qilgandi. O‘shanda u kishining faol sa’y-harakatlari natijasida “Iqtisodiy tahlil” jurnali bilan hamkorlikda Iqtisodiy tadqiqotlar markazi tashkil etilgan.
Baxtiyor Islomov AQShning Garvard universitetida o‘qigan o‘zbekistonlik dastlabki uch nafar olimdan biridir.
Olim iqtisodiyot sohasidagi ilmiy izlanishlarini amaliy va pedagoglik faoliyati bilan uzviy bog‘liqlikda davom ettirgan. Xususan, 1993-1996-yillarda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori, Xalqaro iqtisodiy rivojlanish kafedrasi asoschisi, mudiri va dotsenti bo‘lgan.
Baxtiyor Islomov – iqtisodiyotshunos olim
O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi mamlakatimizning barcha intiluvchan ziyolilari qatori Baxtiyor Islomovga ham iqtisodiyotshunos olim maqomidagi faoliyatini tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyat bilan uyg‘unlikda amalga oshirish uchun keng yo‘l ochdi. Bu o‘rinda Baxtiyor aka 1988-1990-yillardayoq O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumining Tashqi masalalar bo‘limi boshlig‘i sifatida ilmiy-tashkiliy jabhada yurtimiz olimlarining xorijiy hamkasblari bilan aloqalarini rivojlantirish hamda ilmiy-texnik hamkorligini mustahkamlashda yaqin ko‘makdosh bo‘lganini ta’kidlash ayni muddaodir.
U 1996-2001 yillarda Yaponiyaning Toxoku universitetida Shimoliy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarini o‘rganish markazi professori, Yaponiyaning Xitosubashi universiteti Iqtisodiy izlanishlar institutining professori sifatida faoliyat yuritgan. Darvoqe, professor B.Islomov xorijning ana shu nufuzli universitetlariga taklif etilgan birinchi o‘zbek iqtisodchisi hisoblanadi.
Baxtiyor aka Xitosubashi Universitetining “Iqtisodchilar uchun yagona muallif yozgan eng maqbul monografiyalar” turkumida chop etgan kitobi uchun sharafli unvon bilan taqdirlangan bo‘lib, Yaponiyada xorijlik olimlarning bunday yuqori natijaga erishishi noyob hodisa sanaladi. O‘zbek olimining Tokioda 2001 yilda nashrdan chiqqan ushbu kitobi «The Central Asian States Ten Years After: How to Overcome Traps of Development Transformation and Globalisation”, deb nomlangan.
Baxtiyor aka 2001 yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida kafedra mudiri bo‘lgan hamda bir muddat “Ustoz” Respublika fondining ijrochi direktori vazifasini bajargan. Qolaversa, Bank-moliya akademiyasining ilmiy-metodik ishlar bo‘yicha prorektori lavozimida ishlab, ana shu nufuzli ta’lim maskanlarining amaliy va ilmiy-uslubiy faoliyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan.
Taniqli olim 2002 yilda mashhur xorijiy professorlar ishtirokida O‘zbekistonda ilk bor ingliz tilida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Baxtiyor Islomov chet ellarda asarlari eng ko‘p nashr etilgan olimlar qatoriga kiradi. U muallifi bo‘lgan qariyb 250 ta ilmiy nashrning 100 taga yaqini xorijda – AQSh, Kanada, Finlandiya kabi mamlakatlarda chop etilgan.
B.Islomov, jumladan, 21 ta monografiya va 5 ta risola, 69 ta jurnalda chiqqan ilmiy maqolalar, 42 ta ma’ruza, 10 ta darslik va o‘quv qo‘llanmalarining muallifi yoki hammuallifidir. U 5 ta xorijiy hamda 6 ta mahalliy mualliflik guvohnomalariga ega.
Bugungi kunda professor B.Islomov bir qancha nufuzli Ilmiy kengashlarning a’zosidir. Shuningdek, taniqli olim “Markaziy Osiyo iqtisodiyoti” (Moskva), “Biznes ekspert” (Toshkent) jurnallarida tahririyat hay’ati a’zosi hamdir.
Baxtiyor aka talabchan va mehribon ustoz sifatida 3 nafar iqtisodiyot fanlari nomzodi va 3 nafar iqtisodiyot fanlari doktorini yetishtirib bergan. O‘z ilmiy maktabini yaratgan fidoyi olim ayni vaqtda 10 nafardan ortiq DSc. hamda Ph.D ilmiy darajalari talabgorlariga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.
O‘z kasbiga sodiq diplomat
Baxtiyor Islomov 1994 yilda O‘zbekiston Respublikasining BMT bosh qarorgohidagi vakolatxonasi maslahatchisi bo‘lib ishlagan. Shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturining Makroiqtisodiy tahlil va kadrlar tayyorlash bo‘yicha loyihasi direktori bo‘lgan.
Baxtiyor aka 2002 yildan e’tiboran tom ma’nodagi diplomatlik faoliyatiga qadam qo‘ygan. Xuddi o‘sha yili Baxtiyor Islomov O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining maslahatchisi lavozimida ish boshlagan bo‘lsa, 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan. Shuningdek, o‘rindoshlik asosida 2004-2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Belorussiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat olib borgan.
Keyingi bosqichda Baxtiyor Islomov 2008 yili – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, 2010 yili – Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasi va Yevropa Ittifoqi Komissiyasi texnik ko‘maklashuv dasturlarining O‘zbekiston Respublikasi nomidan Milliy muvofiqlashtiruvchisi, shuningdek, MDH tashkilotidagi Milliy muvofiqlashtiruvchi lavozimlariga tayinlangan.
Fidoyi va professional diplomat zamondoshimizning izlanish va intilishlari hayotda o‘z samarasini bermoqda. Baxtiyor Islomov O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi faxriy unvoniga sazovor bo‘lgani ham bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Pedagoglik – fidoyilik degani
Baxtiyor Islomov 2012 yildan buyon G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali professori, 2013 yildan o‘rindoshlik asosida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Jahon iqtisodiyoti” kafedrasi professori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Hozirgi paytda u tadqiqotchi sifatida REBN loyihasida ham ishtirok etmoqda.
Ayniqsa, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining prorektori bo‘lib ishlagan davrida jonkuyar pedagog ushbu oliy o‘quv yurtining xalqaro aloqalarini salmoqli darajada kuchaytirishga erishdi. Bu yerda “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy rivojlanish” kafedrasining birinchi mudiri sifatida ish boshlagach esa, ayni yo‘nalishda ilk bor ilmiy maktabga asos soldi.
Baxtiyor aka 2013-2014 yillar oralig‘ida Yaponiyaning Xokkaydo universitetida Slavyan va Yevro-Osiyo mamlakatlarini o‘rganish markazining taklif etilgan professori, 2015 yildan Yaponiyaning Xokkaydo universitetida iqtisodiyot fakultetining taklif etilgan professori, 2018 yilda Yaponiyaning Toxoku universitetida Shimoliy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarini o‘rganish markazining taklif etilgan professori lavozimlarida ishlagani ham alohida e’tiborga molikdir. Binobarin, ayni yo‘nalishdagi xizmatlari bilan o‘zbek olimi O‘zbekiston – Yaponiya hamkorligi doirasida o‘zaro ilmiy munosabatlarni rivojlantirish ishiga sezilarli ulushini qo‘shdi.
E’tirof
Halol mehnat qilgan inson – el-yurtimizda doimo qadrlanib kelgan. Baxtiyor aka hamngdek, “Ustoz” Respublika fondining faxriy ustozi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi a’lochisi, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali faxriy professoridir.
Shuningdek, u Xokkaydo universitetining O‘zbekistondagi Faxriy elchisi, “Metsenat” Xalqaro akademiyasi akademigi va "Ehtirom nishoni" sovrindori hisoblanadi.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Prezidenti keyingi chiqishlarida ziyolilarimizni tinchlik va bag‘rikenglik muhitini mustahamlashda yanada faol bo‘lishga, o‘zlarining ma’naviy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak ko‘rsatishga chaqirdi. Professor Baxtiyor Islomov o‘z shogirdlari bilan birga ayni shu dolzarb chorlovga “labbay” deb maydonga chiqqan olovqalb oydinlarimizdandir.
Akmal SAIDOV,
akademik, yuridik fanlar doktori;
O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi
«Ishonch» gazetasining 2023 yil 6 yanvar kungi 3-4 (4912)-soni
- Qo'shildi: 09.01.2024
- Ko'rishlar: 3296
- Chop etish