“Buyuk ma’rifatparvar bobolarimiz tomonidan olg‘a surilgan g‘oyaviy-siyosiy, ijtimoiy-ma’rifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar o‘rtasida bag‘rikenglik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish bilan birga, milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan intilishlar hozirgi murakkab va tahlikali zamonda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat namunasidir. Ularning hayoti va jasorati bugungi tinch va osoyishta kunlarga osonlik bilan erishilmaganini eslatib, milliy istiqlolimizni, jonajon Vatanimizni ko‘z qorachig‘iday asrashga doimo da’vat etib turadi”.
Ushbu purma’no va haqqoniy fikrlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda poytaxtimizda o‘tkazilgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida aytilgan. Davlatimiz boshlig‘i bu borada ilgari surgan amaliy takliflardan biri yangi, 2024 yilning ilk kunidayoq ro‘yobga chiqqani – «Jadid» gazetasining dastlabki soni chop etilgani tahsinga sazovor.
Millat Sardorining tabrigidan keltirilgan iqtibosda jadidlarning “g‘oyaviy-siyosiy, ijtimoiy-ma’rifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar”ni olg‘a surgani alohida ta’kidlanishi bejiz emas. Chunki ma’rifatparvar bobolarimizning faoliyati faqat adabiyot sohasi bilangina cheklanib qolmagan. Ular ijtimoiy sohaning ta’lim va ma’rifat, tarix va taraqqiyot, teatr va dramaturgiya, san’at va musiqa, falsafa va mantiq, milliy davlatchilik va huquq, tabiat va geografiya kabi deyarli barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish tarafdori bo‘lgan.
Shuni ham qayd etish joizki, O‘zbekiston Prezidenti ayni mavzuga 2023 yil 22 dekabrda bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ham to‘xtalgandi. O‘shanda Prezidentimiz, jumladan, shunday deb ta’kidladilar:
“Tarixdan ma’lum, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”.
Binobarin, bugun jadidchilikning holati va istiqbollarini har tomonlama chuqur o‘rganishimiz lozim. O‘rganganda ham – faqat adabiyotshunoslik emas, balki barcha fanlar doirasida jadidchilik fenomenining turfa qirralarini sinchiklab tahlil va talqin etish kerak bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, bir qator ilmiy-amaliy ishlarni bajarishni taqozo etadi.
Birinchidan: “Jadidchilik lug‘ati”ni tuzish kerak. Bo‘lajak lug‘atda ushbu voqelikka taalluqli barcha, so‘z, atama va tushunchalar jamlanishi hamda ularning har biri aniq ilmiy-nazariy izohlanishi maqsadga muvofiqdir.
Ikkinchidan: tashkil etilajak Jadidchilik akademiyasi xalqaro maqomga ega bo‘lgani maqbul. O‘tgan asr boshlarida shakllangan jadidchilik harakati nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun musulmon olami va turkiy dunyo tarixida chuqur iz qoldirganligi fakti ham aynan shunday yondashuvni talab etadi.
Uchinchidan: “Jadidchilik harakatining tarixiy solnomasi”ni tuzish zarur. Birgina hozirgi O‘zbekiston hududini oladigan bo‘lsak, o‘sha davrda Xiva va Qo‘qon xonliklari hamda Buxoro amirligi sarhadlarida bu harakat turli tarixiy shaxslar tomonidan har xil davrlarda va turlicha shakllarda tashkil etilganini ko‘ramiz. Ularning maqsad va intilishlarida ham muayyan farqli jihatlar mavjud bo‘lgan. Ana shu tarixiy haqiqatlarning barchasi tarixiy solnomada o‘z aksini topishi o‘rinli va foydali, deb hisoblaymiz.
To‘rtinchidan: “Jadidchilik qomusi”ni yaratish darkor. Albatta, qomusnoma tuzish tez bitadigan ish emas, balki izchillik va uzviylikni talab etadigan mas’uliyatli jarayon. O‘ylaymizki, avvalo, “Jadidchilik lug‘ati” va “Jadidchilik harakatining tarixiy solnomasi”ni tuzish ishlari bu borada muhim tayyorgarlik bosqichlari bo‘lib xizmat qiladi.
Beshinchidan: jadidchilik harakati namoyandalari asarlarining ko‘p jildligini nashr etish kerak. Bu to‘plam barcha ma’rifatparvar ajdodlarimizning asarlarini qamrab olishi shart. Aytmoqchimizki, “Hamza jadid bo‘lmagan” yoki “Mustafo Cho‘qay xoin edi” deyilgani kabi g‘ayriilmiy qarashlarga allaqachon chek qo‘yish fursati yetgan!
Oltinchidan: barcha darajalardagi ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan darsliklarning mazmun-mohiyatiga jadidchilik g‘oyalarini singdirish lozim. Zero, jadidchilikni alohida fan sifatida o‘qitish o‘z yo‘liga, yurtimiz o‘quvchi va talabalari saboq oladigan turli fanlar bo‘yicha darsliklarning tegishli tarzda ushbu harakat namoyandalariga mansub ilg‘or fikrlar bilan boyitilishi yanada ta’sirchan va maqbul amaliyot bo‘ladi, degan fikrdamiz.
Yettinchidan: jadidlarning davlatchilik g‘oyalari va huquqiy qarashlarini bugungi tarixiy va siyosiy voqelik nuqtai nazaridan teran hamda xolis o‘rganishimiz davr talabidir. Zotan, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “ushbu harakat namoyandalarining Markaziy Osiyo hududida milliy davlatchilik va mintaqaviy o‘ziga xoslikni, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasini konseptual va tizimli asosda atroflicha o‘rganish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda”.
Muxtasar aytganda, biz uchun jadidchilikning sinovdan o‘tgan amaliy tajribasi Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni bunyod etishning muhim ma’naviy-nazariy manbasi bo‘lib xizmat qiladi. Chunki jadidlarning g‘oya va dasturlari, davlatimiz rahbari e’tirof etganidek, Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.
Shu ma’noda, taraqqiyparvar ajdodlarimizning ilg‘or g‘oya va qarashlarini tadqiq etish va tizimlashtirish, Turkiston jadidlarining milliy davlatchilik rivojidagi o‘rni va ta’sirini o‘rganish, XX asrning birinchi choragida ular tomonidan barpo etilgan davlat tuzilmalarining qonunchilik bazasini tahlil qilish, dunyoviy, huquqiy va demokratik jamiyat qurishga qaratilgan faoliyatiga tarixiy baho berish bilan bog‘liq serqirra hamda ko‘lamdor vazifalar oldimizda turibdi.
Akmal SAIDOV,
akademik
«JAMIYAT» gazetasining 2024 yil 11 yanvar kungi 2 (873)-soni
- Qo'shildi: 11.01.2024
- Ko'rishlar: 3207
- Chop etish