Milliy markaz – 2023 yilda: axborot erkinligi, ochiqlik va shaffoflik

“…Agar biz O‘zbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni o‘z qo‘limizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib bergan bo‘lamiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy ma’lumot, real voqealarga bo‘lgan ehtiyojni biz qondirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”.

 

Shavkat MIRZIYOYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Yakuniga yetgan 2023 yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini targ‘ib etishga qaratilgan 5 ming 272 ta axborot Milliy markaz rasmiy saytining “Markaz yangiliklari” rukniga joylashtirildi. Ushbu axborotlar O‘zbekiston tele-radio kanallari, gazetalar, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va veb-saytlarda e’lon qilindi.

Bu axborotlarning muayyan qismi ingliz va rus tillariga ham tarjima qilinib, keng tarqatildi. Shuningdek, mamlakat ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan inson huquqlariga taalluqli materiallar saralanib, muntazam ravishda Milliy markaz saytining “O‘zbekiston yangiliklari” rukniga joylashtirildi.

Bundan tashqari, Milliy markaz saytining “Xorij yangiliklari” rukniga xalqaro tashkilotlar rasmiy saytlari va xorijiy OAVning inson huquqlariga doir muhim materiallari saralab berib borildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini 2023 yil davomida yoritishda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar targ‘iboti alohida o‘rin tutadi. Ushbu tadbirlar O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 12 maydagi Farmoni ijrosi doirasida o‘tkazildi.

Mamlakatimizda 1-10 dekabr – "Inson huquqlari o‘n kunligi" deb e’lon qilindi. Bu tashabbus doirasida tashkil etilgan barcha huquqiy-ma’rifiy tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va 10 dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlandi.

 Xususan, 4 dekabr kuni o‘tkazilgan bir guruh fuqarolar va tashkilotlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari – 16 nafar sovrindorni 2023 yilda «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sohadagi mas’uliyatli ishlarga yelkadosh bo‘layotgan fidoyi yurtdoshlarimiz va xorijiy hamkorlarni rag‘batlantirishda o‘ziga xos o‘rin tutadi.

Maktab, litsey va kollej o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida "Inson huquqlari bolalar nigohida" tanlovi o‘tkazildi va 1 dekabrda uning g‘oliblari taqdirlandi. Bu kabi tanlovlar orqali yosh avlodning inson huquqlari bo‘yicha tushuncha-tasavvurlarini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘n kunlik doirasida – 4 dekabr kuni “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘ldi. Mazkur tadbirni o‘tkazishda  O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori talablaridan kelib chiqildi.

Bundan tashqari, ta’lim muassasalarida "Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari" hamda "Yangi Konstitutsiya va inson huquqlari" mavzularida turli tadbirlar, jumladan umummilliy darslar, ma’naviyat soatlari, ochiq darslar va “mahorat darslari” o‘tkazildi. Bundan maqsad yoshlarga inson huquqlari va konstitutsiyaviy huquq haqida batafsil ma’lumot berishdir.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida “Konstitutsiya va inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar” burchaklari tashkil qilinib, ularga zarur adabiyotlar beg‘araz taqdim etildi. Ushbu huquqiy-ma’rifiy ko‘rgazmalar yordamida aholiga inson huquqlari sohasidagi mavjud adabiyotlar va ma’lumotlarni muntazam yetkazish ko‘zda tutilgan.

 “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusidagi o‘quv kursida ishtirok etgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi. Inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘quv kurslarini o‘tkazishda faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan hamkor tashkilotlarga tashakkurnomalar taqdim etildi. Bu tadbirlar mamlakatimizda inson huquqlarini yanada rivojlantirish, ayni sohadagi xalqaro tajribani izchil o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

"Inson huquqlari o‘n kunligi" davomida o‘tkazilgan barcha tadbirlar izchil yoritildi. Ayni mavzuda OAVda 47 ta axborot e’lon qilindi.

Bu raqam faqat Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmatining ayni tadbirlarni yoritishga doir faoliyatiga taalluqlidir. Binobarin, "Inson huquqlari o‘n kunligi" doirasida turli vazirlik va tashkilotlar, muassasa va korxonalar tomonidan ko‘plab tadbirlar o‘tkazilgan hamda tegishli tartibda yoritilgan.

Bunga birgina misol: Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona va uning tizimida "Inson huquqlari o‘n kunligi" doirasida jami 498 ta tadbir o‘tkazilgan. Shundan 100 tasi – ko‘rgazma, 398 tasi – turli xil anjumanlar bo‘lib, ularning barchasi haqida OAVda axborot berib borilgan.

Bu boradagi bizning eng muhim ko‘rsatkich: Toshkent shahrida 23 oktyabrda o‘tkazilgan “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro forum OAVda keng yoritildi. Shu birgina tadbir haqida jami 151 ta material e’lon qilindi.

Milliy markazda 2023 yil 6-7 sentyabr kunlari “Ayollar huquqlarini himoya qilish: xalqaro va milliy mexanizmlar” mavzusida o‘tkazilgan o‘quv kursi faoliyatini targ‘ib etish borasida Milliy markaz matbuot xizmati tomonidan o‘zbek, ingliz va rus tillarida axborot tayyorlandi. Ayni axborotlar OAV s’hifalarida, shuningdek, Milliy markazning rasmiy sayti hamda Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarida izchil yoritildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” doirasidagi chora-tadbirlar ijrosi va monitoringi doimiy e’tibor markazida turibdi. Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan uchta Milliy harakatlar rejasi ijrosi ham monitoring qilib borilmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi doirasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda:

  • «Inson huquqlari haftaligi»;
  • “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida videokonferensiya;
  • #Inson_huquqlari_oliy_qadriyat xeshtegi;
  • “Inson huquqlari bilimdoni” viktorinasi;
  • “Inson huquqlari bolalar nigohida” tanlovi;
  • ko‘plab muloqot hamda uchrashuvlar o‘tkazildi.

Viloyatlarda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kurslari, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va ichki ishlar idoralarida joylashgan vaqtinchalik saqlash hibsxonalarida inson huquqlariga rioya etilishi ahvoli yuzasidan monitoring tadbirlari tashkil etildi. Turli vazirlik va idoralardan kelgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari ekspertizadan o‘tkazildi.

Milliy markaz vakillari Nyu-York, Jeneva, Berlin, Pekin, Jidda, Vena, Skope, Moskva, Sankt-Peterburg, Luanda Almati, Ostona shaharlarida inson huquqlari mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan turli forumlarda qatnashdi. Milliy markazda 20 dan ortiq xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlar delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu jarayonlarning barchasi haqida jamoatchilikka o‘z vaqtida axborot yetkazib turildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi rasmiy veb-sahifasida yangi tahrirdagi Konstitutsiya, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda O‘zbekiston Prezidentining dasturiy ma’ruza va nutqlari targ‘iboti doirasida intervyu, maqola va sharhlar muntazam ravishda e’lon qilib borildi.

Milliy markaz matbuot xizmati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan turli rasmiy topshiriq va ko‘rsatmalar, media-reja va hisobotlar negizida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Misol uchun, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni  keng targ‘ib qilish borasida Agentlik Media-rejasida ko‘rsatilgan chora-tadbirlar ijrosiga oid axborotlar, shuningdek, Markaz xodimlarining ayni yo‘nalishdagi maqola, intervyu va davra suhbatlari izchil yoritilmoqda.

Yana bir muhim dalil: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari tomonidan 2023 yil yanvar-dekabr oylari davomida 241 ta maqola, intervyu va ko‘rsatuvlar tayyorlangan. Shundan xorijiy ommaviy axborot vositalarida 123 ta material e’lon qilingan. 

Shunday qilib, 2023 yil davomida Milliy markaz matbuot xizmati materiallarini asosan Kun.uz, Gazeta.uz, XS.uz, Dunyo.info, UzA.uz, Yuz.uz, Darakchi.uz, UzDaily.uz, Nuz.uz, Kultura.uz, Newshub.uz, PLOV, Sharq-Press.uz, BRM, CENTRAL-ASIA.NEWS kabi ommaviy axborot vositalarida keng tarqatish ta’minlandi.

Bundan tashqari “Yangi O‘zbekiston”, “Pravda Vostoka”, "Ishonch", “Xalq so‘zi”, “Narodnoe slovo”, "Kuch – adolatda", "Hurriyat", "Postda" gazetalari hamda MTRK telekanallari va nodavlat telekanallar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borildi. Milliy markaz faoliyati Ittehad Digital Network, embassylife.ru, Avesta.tj, INFOZAKON, Inform.kz, The Asia Today, SEE, ONENEWS.KZ. singari bir qator xorijiy manbalarda izchil yoritildi.

 

G‘ulom MIRZAYEV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, matbuot xizmati rahbari

 

Powered by GSpeech