19-20 yanvar kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda o‘nta qonun, shuningdek, Senat vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Senatning ushbu yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 248-moddasiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ma’qullandi.
Qonun muhokamasi asnosida ta’kidlanganidek, keyingi yillarda ichki ishlar organlarida xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ma’naviy hamda jismoniy rivojlanishiga ko‘maklashish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Hukumatining tegishli qarorlari bilan ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarida voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarida zarur vakolatlar mavjud emasligi voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida himoya orderi talablarining bajarilishini nazorat qilish yuzasidan ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarining mas’uliyatini kuchaytirish talab etiladi.
Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasiga bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlikda, jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini iste’mol qilganlikda, shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlikda aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlariga tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik kabi ma’muriy huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish vakolatlari berilmoqda.
Senatorlar fikricha, ushbu qonun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga, xotin-qizlar va bolalarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida Oliy Majlis Senatining 2023 yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan masala atroflicha ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati xabarida qayd etilganidek, o‘tgan yil davomida Senat Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan vakolatlari, shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida aks etgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib faoliyat yuritgan.
Jumladan, qonunchilik faoliyatini takomillashtirish, parlament nazoratini kuchaytirish, xalqaro va parlamentlararo munosabatlarni kengaytirish, mahalliy Kengashlar faoliyatiga ko‘maklashish, xalq bilan muloqot samaradorligiga erishishda parlament ta’sirini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Qonunchilik yo‘nalishida 2023 yilda jami 91 ta qonun ko‘rib chiqilgan. Qonunlarni tizimli tahlil qilish va ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish amaliyoti davom ettirilib, bir qator qonunlar ijrosi, huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini monitoring qilish yakunlari bo‘yicha Hukumat oldiga tegishli vazifalar qo‘yilgan.
Parlament nazorati doirasida Senat yalpi majlislarida 8 marotaba hukumat a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, hududlar rahbarlarining axborotlari eshitilgan.
Senatorlar tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan masalalarni o‘rganishga alohida e’tibor berilgan holda, Senat yalpi majlislari muhokamasiga 17 ta muammoli masala olib chiqilgan va ulardan 9 tasi ijobiy hal etilgan. Qolgan 8 tasi bo‘yicha hozirgi vaqtda muammolarni ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, byudjetni ijtimoiy yo‘naltirish, jumladan, mablag‘larni hududlarda aholini tashvishga solayotgan dolzarb masalalarni hal qilishga yo‘naltirishda Senat faol ishtirok etmoqda. Yil davomida Senatning hududlarda olib borgan o‘rganishlari va uning yakunlari asosida hukumatga kiritgan takliflari asosida joylardagi muammoli masalalarni (maktab, bog‘cha, kasalxona, suvdan foydalanish, yo‘l qurish va h.k.) hal qilishga umumiy hisobda 1 trillion so‘mdan ziyod byudjet mablag‘lari yo‘naltirilishi ta’minlangan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.01.2024
- Ko'rishlar: 2935
- Chop etish