24 yanvar – Xalqaro ta’lim kuni
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2018 yil 3 dekabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq, 24 yanvar – Xalqaro ta’lim kuni deb e’lon qilingan.
Bu muhim qaror xalqaro hamjamiyat tomonidan ta’limning tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi ahamiyati nechog‘lik yuksak e’tirof etilayotganining yaqqol tasdig‘idir. Bundan ko‘zlangan maqsad nafaqat insoniyatning ilm-ma’rifatga tashnaligini e’tirof etish, balki dunyo davlatlari hukumatlari va jamiyatlari e’tiborini ta’lim sohasida mavjud muammolarga, jumladan, savodsizlikni bartaraf etish, turli mintaqalarda yaxlit ta’lim dasturlari ishlab chiqish va amalga oshirish kabi masalalarga qaratishdan iborat.
Ushbu xalqaro sana yurtimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingan 2024 yilda oltinchi bor nishonlanmoqda. Zero, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ham ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor izchil davom ettirilishi alohida ta’kidlangani bejiz emas. Binobarin, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’biri bilan aytganda, ta’lim olish huquqi insonning asosiy huquqlari sirasiga kiradi.
A.Guterrishning fikricha, ta’lim – jamiyat, iqtisodiyot va har bir inson salohiyatining asosi hisoblanadi. Lekin talab darajasida investitsiya jalb etilmas ekan, ana shu salohiyatdan hech qanday foyda bo‘lmaydi. BMT Bosh kotibi ayni xalqaro sanaga bag‘ishlangan 2023 yilgi videomurojaatida uqtirganidek, investitsiyalar Barqaror taraqqiyot sohasidagi 4-maqsadga erishishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, butun dunyoda pandemiya inqirozi oqibatlari tufayli ta’lim sohasida ko‘plab muammoli vaziyatlar kuzatilayotgan murakkab bir davrda O‘zbekistonda yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani alohida diqqatni tortadi. Mamlakatimizda bolalar va yoshlarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish jarayonlari “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” g‘oyasi asosida tubdan takomillashtirilayotgani bu fikrning amaliy ifodasidir.
O‘zbekiston Prezidenti e’tirof etganidek, “Bugun biz mamlakatimizda millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir inson o‘z qobiliyati va iste’dodini, bilim va tajribasini ro‘yobga chiqara oladigan ijtimoiy davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda barcha kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli ta’lim olib, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun safarbar etmoqdamiz”.
Ayni mas’uliyatli jarayonda, bir tomondan, BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ta’lim sohasidagi islohotlarimiz ushbu nufuzli tashkilotning Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un va hamohang ekani e’tirof etilgani diqqatga sazovor. Ikkinchi tomondan, 2023 yili yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani har birimizga bemisl faxru iftixor bag‘ishlaydi.
Bularning barchasi bejiz emas. Chunki davlatimiz va jamiyatimiz butun e’tiborini Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratmoqda. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”.
Shu negizda, avvalambor, yurtimizda maktabgacha ta’lim muassasalarida maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarning umumiy savodini chiqarish, bolalarda Vatanni sevish, u bilan g‘ururlanish hissini uyg‘otish, dunyoqarashini kengaytirishga alohida ahamiyat berilmoqda. So‘nggi yetti yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 74 foizga yetishi natijasida bugungi kunda 2 million atrofidagi bola bog‘chaga bormoqda.
Kelgusi besh yilda qamrovni 80 foizga yetkazish uchun 600 ming yangi bog‘cha o‘rni kerak. Yurtboshimiz bu – juda katta marra ekanini qayd etar ekan, bog‘chalar sonini ko‘paytirish, ulardagi ta’lim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha dastur qabul qilish hamda bog‘cha qamrovini kengaytirish bo‘yicha xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratish zarurligiga e’tiborni qaratdi.
Yangi yil boshida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ma’lumotlarga qaraganda, BMT ning Barqaror rivojlanish maqsadlari reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 2023 yilda 166 ta mamlakat orasida 69 o‘rinni egallagan. Buni 2022 yil bilan taqqoslaganda, 8 pog‘ona yuqoridir. O‘zbekistonda 2017-2022 yillarda BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 10 tasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar yaxshilangan bo‘lib, shulardan biri – 4 maqsad, ya’ni “Sifatli ta’lim bilan ta’minlash” maqsadi bo‘lib, u o‘z ichiga 9 ta vazifa hamda 6 ta ko‘rsatkichni qamrab oladi.
Mamlakatimizda “Sifatli ta’lim bilan ta’minlash” maqsadi ko‘rsatkichlari bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar qayd etilgan. Masalan, uy xo‘jaliklarini o‘rganish bo‘yicha xalqaro dastur – Multiindikator klaster kuzatuvlari doirasida olib borilgan tadqiqotlar sog‘lig‘i, ta’lim olishi va psixologik ijtimoiy farovonligi nuqtai nazaridan yaxshi rivojlanayotgan 3-5 yosh oralig‘idagi bolalar ulushi 82,6 foizni tashkil etishini ko‘rsatgan. Bu ko‘rsatkich BMT ga a’zo mamlakatlar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga mos keladi. 2018-2022 yillarda bolalarning boshlang‘ich ta’limga bir yillik tayyorlov jarayonida ishtirok etishi 2 barobar yaxshilangan.
Shuningdek, 2018-2022 yillarda ta’lim jarayonida zarur vositalar bilan ta’minlangan maktablar ulushi ham ortgan. Masalan, ta’lim maqsadlari uchun internetdan foydalana oluvchi maktablar ulushi 86,3 foizdan 94,6 foizga, kompyuterlar bilan ta’minlangan maktablar ulushi 87,3 foizdan 97,7 foizga, jismoniy imkoniyatlari cheklangan o‘quvchilar uchun moslashtirilgan infratuzilma va materiallarga ega maktablar ulushi 26,5 foizdan 49,8 foizga ko‘paygan.
Bunday salmoqli natijalar, albatta, o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmagan, xalqona ibora bilan aytganda, shunchaki osmondan tushmagan. Balki maktablarda ta’lim sifatini hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash eng asosiy vazifalardan etib belgilangani samarasidir. Shu negizda oxirgi yetti yilda maktabgacha ta’lim bo‘yicha qamrov darajasini 27 foizdan 72 foizga yetkazishga erishildi.
Ta’lim-tarbiya sohasida qabul qilingan dasturlar asosida keyingi vaqtda 261 ta yangi o‘rta ta’lim muassasasini qurish, 2,5 mingta maktabni kengaytirish hisobidan qo‘shimcha 700 mingta o‘quvchi o‘rni yaratilganini ta’kidlash lozim.
O‘tgan yili xorijdan taklif etilgan 500 nafar chet tili mutaxassisi maktablarimizda ish boshladi. Kelgusi yillarda ularning soni 3 barobar oshiriladi. Qolaversa, 10-11-sinflarda bir qator fanlarni o‘quvchilarning tanlovi asosida chuqurlashtirib o‘qitish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ta’lim sohasi xodimlarining o‘rtacha ish haqi 2 barobar ko‘paytirilayapti. Ming nafar tarbiyachi va o‘qituvchilar xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborilib, o‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimini takomillashtirish ishlari ham nazoratda turibdi.
Yanada muhimi, 2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlandi. Bu ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilib, zamonaviy maktablar qurilmoqda, yangi darsliklar nashr etilmoqda, ilg‘or ta’lim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut va laboratoriyalar tashkil etilmoqda.
Prezidentimiz ishonch bilan qayd etganidek, biz farzandlarimizni milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Butun dunyoda iqtisodiyotni rivojlantirishda professional ta’lim alohida o‘rin tutadi. Bu muhim voqelikni birgina raqam – taraqqiy etgan davlatlarda o‘quvchilarning 75 foizigacha kasbiy ta’lim bilan qamrab olinganligi ham aniq tasdiqlab turibdi.
Mamlakatimizda ushbu soha mehnat bozori talablari asosida rivojlantirib kelinmoqda. O‘rta bo‘g‘in mutaxassislari, asosan, ikki yo‘nalishda – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi kasb-hunar maktablari va texnikumlar hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga qarashli monomarkazlarda tayyorlanmoqda.
Bugungi kunda 689 ta professional ta’lim muassasasida 714 ta kasb va mutaxassislik hamda 20 ta “Ishga marhamat” monomarkazida aholiga 54 ta kasb va 6 ta xorijiy til o‘rgatilmoqda. O‘quvchilarga bir vaqtda ham o‘qish, ham ishlab daromad topish imkonini beradigan “dual ta’lim” shakli joriy etilgan.
Shu bilan birga, sohada muayyan bo‘shliqlar ham bor. Ayrim ta’lim dasturlari hayot talabi bilan bog‘lanmagan. Professional ta’lim maktab o‘quvchilarini o‘ziga jalb qila olmayapti. Oqibatda mavjud quvvatlar to‘la ishlatilmayapti. Monomarkazlar o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondirmayapti.
Bitiruvchilarga malaka razryadi berish joriy etilmagani sababli ular qo‘shimcha imtihon topshirayapti. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan professional ta’lim o‘rtasida hamkorlik yo‘q. Chet tillarini o‘rgatish va tasdiqlovchi hujjat berish bo‘yicha ishlar yetarli emas.
Prezidentimiz 2023 yil 4 oktyabr kuni professional ta’lim sifatini oshirish hamda aholini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha yangi tashabbuslar taqdimoti bilan tanishish asnosida ushbu kamchiliklarga ham e’tiborni qaratdi[1].
Bu borada mavjud muammolarni bartaraf etib, kasbga o‘qitish sifatini oshirish maqsadida tegishli vazirliklar tomonidan ishlab chiqilgan yangi takliflar atroflicha muhokama etildi. Xususan, mutasaddilarga professional ta’lim tizimini rivojlantirishning yilma-yil dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bunda, jumladan:
- xorijiy ta’lim dasturlarini joriy etish, bitiruvchilar malakasining ichki va tashqi bozorda tan olinishini ta’minlash, o‘quvchilarni kollej va texnikumlarga kengroq jalb etish, monomarkazlarda kasbga o‘qitish sifatini yaxshilash chora-tadbirlari nazarda tutildi;
- aholi bandligi eng muhim masala ekanini hisobga olgan holda, yoshlarga kasb-hunarlarni tumanlar ixtisoslashuvidan hamda korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib, aniq yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rgatish kerakligiga e’tibor qaratildi;
- kasblar va professional ta’lim klassifikatorlarini bosqichma-bosqich yangilab, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, professional ta’lim muassasalarini maktab va oliy o‘quv yurtlari bilan uzviy bog‘lash muhimligi aytildi;
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi barcha kasb-hunar ta’limi muassasalarini yaxlit tizim sifatida muvofiqlashtirishi belgilandi;
- yangi o‘quv yilidan har bir viloyatda dunyo tan olgan dastur asosida kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yilib, ularning bitiruvchilari xalqaro malaka va xorijiy til sertifikatiga ega bo‘ladi, shuningdek, ilg‘or kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish sifatini ta’minlash mezonlari tatbiq etiladi;
- monomarkazlarda kasblar ish beruvchilarning buyurtmasi asosida o‘qitiladi, bu bitiruvchilarning ishga joylashishida muhim omil bo‘ladi.
Bundan tashqari yurtimizda oliy ta’lim sohasidagi islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Keyingi yetti yilda mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan 212 taga ko‘paydi. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 42 foizga oshgani ham, hech shubhasiz, eng muhim yutug‘imizdir.
Asosiysi – raqamlar izidan quvish emas, balki ta’lim sifatini oshirish. Bu borada 40 dan ziyod oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi, ularda transformatsiya ofislari ochildi.
Yangi O‘zbekiston — insonning rivojlanishi va iste’dodi qadrlanadigan mamlakat. Bugun ilmfan, ta’lim, innovatsiya, texnologiya va kadrlar zamonaviy demokratik jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi omili ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Mamlakatimiz taraqqiyotini zamon talablariga mos ravishda ilmfansiz tasavvur etish qiyin.
Prezident Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Biz jahonga faqat xomashyo emas, avvalo ilm-ma’rifat, ma’naviy boylik yetkazib bergan ne-ne ulug‘ zotlarning avlodimiz. Hech shubhasiz, ularga xos bo‘lgan buyuk fazilatlar, ular yaratgan shonli an’analar bugun ham bizning qalbimizda, ongimizda, hayotimizda yashamoqda. Men ishonaman, biz bu tarixiy yo‘lni munosib davom ettirishga har tomonlama qodirmiz. Bugungi kunda dunyo xaritasida tutgan o‘rnimiz, o‘z oldimizga qo‘yayotgan juda ulkan maqsad va marralarimiz ham aynan shuni taqozo etmoqda”[2].
Xulosa qilib aytganda, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarida amalga oshirilayotgan salmoqli va ko‘lamdor ishlar bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari qatori mamlakatimizda ham ta’limni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish masalalariga birinchi galdagi vazifa sifatida qaralayotganidan, yanada muhimi, ayni yo‘nalishda izchil natijalarga erishilayotganidan dalolat beradi.
G‘ulom MIRZO
[1] Kasb-hunarga o‘qitish tizimi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi// https://president.uz/uz/lists/view/6725
[2] Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi// https://president.uz/uz/lists/view/6637
- Qo'shildi: 24.01.2024
- Ko'rishlar: 3126
- Chop etish