Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Jeneva shahrida (Shveysariya) “Parlamentlarning iqlim o‘zgarishi borasidagi ishlarida jamoatchilik ishtiroki” mavzusida bo‘lib o‘tayotgan seminarda nutq so‘zladi.
Parlamentlararo Ittifoq va Parlamentlararo hamkorlikning xalqaro tarmog'i tomonidan tashkil etilgan mazkur anjumanda tashkilotga a’zo davlatlar vakillari, xalqaro institutlar ekspertlari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlari va tajribasi, davlatimiz rahbarining ushbu yo‘nalishdagi tashabbuslari haqida so‘zlab berildi. O‘zbekiston mazkur sohada barqarorlikning global maqsadlariga moslashish va mintaqada faol yetakchilikni namoyish etish borasida muhim qadamlar qo‘ygani ta’kidlandi.
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Konstitutsiyamizning yangi tahririda ekologik huquqlarga, fuqarolarning nafaqat qulay atrof-muhit, balki uning holati to‘g‘risida ishonchli ma’lumot olish huquqiga ega bo‘lishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilganini aytib o‘tdi. Bu borada qator qonunchilik hujjatlari, strategik dasturlar qabul qilinib, izchil tatbiq etilayotganiga urg‘u berildi. Davlatning sa’y-harakatlari ekologik muvozanatni saqlash va Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirishga, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilishga qaratilgani qayd etildi.
Akmal Saidov, shuningdek, davlatimizning Parij bitimi va boshqa xalqaro kelishuvlarga muvofiq o‘z zimmasiga olgan majburiyatlari haqida batafsil axborot berdi.
Mamlakatimiz parlamenti va hukumati tomonidan O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti, xususan, ekologik xavfsizligini ta’minlashdagi ishlari keng jamoatchilikni faol jalb qilgan holda amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi. Ushbu sohada yoshlarning roli, xususan, ularning innovatsion g‘oyalari va tashabbuslari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda sezilarli darajada ekani qayd etildi. Bu esa, ma’ruzachi so‘zlariga ko‘ra, kelajak avlod vakillarida jamiyat barqaror taraqqiyoti oldida nafaqat ulkan mas’uliyat, balki innovatsiyalar, kreativ yondashuvlar uchun yangi imkoniyat hamdir. O‘zbekiston yoshlarining iqlim bo‘yicha muzokaralar jarayonida o‘z pozitsiyasi, qarashlari inobatga olinmoqda, ular Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash siyosati va ushbu yo‘nalishdagi harakatlarning kelajagini shakllantirmoqda.
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari o‘z nutqida aytib o‘tganidek, O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishi borasida tanlagan yo‘li jamiyat umumiy maqsad sari birlashsa, nimalarga erishish mumkinligidan dalolat beradi.
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlardan tortib, aholini iqlim o‘zgarishi masalalarida xabardor qilish kampaniyalarigacha kelajak avlodlar uchun yanada barqaror va farovon davlat barpo etishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonning bu taraqqiyoti, ma’ruzachi so‘zlariga ko‘ra, barchamizni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga o‘z hissamizni qo‘shishga undaydi. Mazkur sa’y-harakatlarda har bir qadam muhim, deya ta’kidladi Akmal Saidov.
- Qo'shildi: 30.01.2024
- Ko'rishlar: 2641
- Chop etish