Davlat dasturi loyihasi – keng jamoatchilik muhokamasida

1 fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ayni vaqtda ushbu hujjat loyihasi mamlakatimiz keng jamoatchiligi ishtirokida qizg‘in muhokama qilinayotganini ta’kidladi. Bu muhim demokratik jarayon inson qadriyati, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklari g‘oyalariga asoslangan hamda "inson – jamiyat – davlat" degan yangi rivojlanish paradigmasiga tayanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi nafaqat BMTning “2030 yilgi kun tartibi”ga mos keladi, ayni chog‘da  Barqaror rivojlanish bo‘yicha O‘zbekiston milliy maqsad va vazifalarining barchasini to‘liq qamrab oladi. Ushbu Strategiyadagi 100 ta ustuvor maqsad zamirida xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish, har bir fuqaroning o‘z salohiyatini rivojlantirishi uchun imkoniyatlar yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy yetuk avlodni voyaga yetkazish, jahon ishlab chiqarishining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan, adolat va qonun ustuvorligini, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlayotgan qudratli iqtisodiyotni shakllantirish, har bir fuqaroning o‘z salohiyatini yuksaltirishga bo‘lgan intilishlari mujassamdir.

O‘z navbatida, keng jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan Prezident Farmoni loyihasi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ko‘lamdor islohotlarni 2024 yilda samarali amalga oshirishga qaratilgan. Loyihada xalqimizning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish hamda xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan boshqaruvni yanada takomillashtirish istiqbollariga oid dolzarb vazifalar o‘z aksini topgan.

Tadbirda Farmon loyihasi yuzasidan bir qator amaliy taklif va mulohazalar bildirildi. Milliy markaz xodimlari va ilmiy tadqiqotchilari takliflarini umumlashtirish tavsiya etildi.

Shuningdek, bu boradagi fikr-mulohazalarni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) va “Taraqqiyot  strategiyasi” markazining maxsus onlayn portali (uzbekistan2030.uz) orqali faol bildirib borish muhimligiga e’tibor qaratildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech