2 fevral – Butunjahon suvli-botqoq yerlar kuni
“Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega.
Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.
Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘radi”.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 49-modda
Yangi davr har bir sohada izchil yangiliklarni talab qiladi. Binobarin, 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Muqaddimasida “xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligi” tan olinishi belgilanganini bilar edik.
Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot doirasida Konstitutsiyamiz yangi tahrirda ishlab chiqildi va Internetda keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. Referendumda qabul qilingan Asosiy qonunimizda, xususan, xalqimiz xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslanishiga oid yuridik tushuncha yanada aniqlashtirildi.
Ya’ni, Muqaddima “mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib”, degan norma bilan yanada kengaytirildi. Konstitutsiya xalqaro huquqda ekologiya huquqi ham inson huquqlari sifatida e’tirof etilganini nazarda tutadigan ilg‘or normalarni o‘zida jamlagan 49-modda bilan ham to‘ldirildi.
Shu ma’noda, O‘zbekistonning boshqa ko‘plab sohalar qatori atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi xalqaro-huquqiy hujjatlarda ham izchil ishtirok etayotgani juda muhim. Bu o‘rinda BMTning:
- Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi;
- Cho‘llanish va qurg‘oqchilik bilan kurashish bo‘yicha konvensiyasi;
- Bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha konvensiyasi;
- Ozon qatlamini himoya qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi;
- Xavfli chiqindilarni transchegaraviy tashish va yo‘q qilishni nazorat qilish to‘g‘risidagi Bazel konvensiyasi kabi xalqaro-huquqiy hujjatlarda belgilangan majburiyatlar asosida amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyat kasb etadi.
BMTning Suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq yerlar to‘g‘risidagi konvensiyasi (Ramsar Konvensiyasi) ham katta e’tiborga loyiq. Chunki mazkur xalqaro-huquqiy hujjat sayyoramizda biologik xilma-xillikni muhofaza qilishda muhim o‘rin tutadi.
Konvensiya (inglizcha nomi: Convention on Wetlands) 1971 yil 2 fevralda Eronning Ramsar shahrida qabul qilingan. Shuning uchun 1997 yildan buyon har yili ayni sanada Butunjahon suvli-botqoq yerlar kuni dunyo miqyosida nishonlanadi.
Bu bejiz emas, albatta. Suvli-botqoq yerlar – ona zaminimizning suv bilan to‘yingan yoki yilning bir qismi doimiy suv bilan qoplangan maydonlaridir.
Ushbu hududlarda asosan uch xil: birinchidan, suvosti o‘simliklari, ikkinchidan, suv yuzasida suzuvchi o‘simliklar, uchinchidan, botqoq o‘simliklari o‘sadi. Bunday o‘simliklar qushlar uchun in va yirtqichlardan boshpana bo‘lib xizmat qiladi.
Suvli-botqoq hududlar ko‘pgina noyob jonzotlar uchun boshpana bo‘lsa, boshqalari uchun nasl qoldirish maskani hisoblanadi. Bugungi kunda aksariyat o‘simlik va hayvon turlari, jumladan, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi bir qator biologik turlar suvli-botqoq yerlarda jon saqlamoqda.
Xususan, chuchuk suvli botqoqlarda o‘t, yovvoyi gul va butalar, sho‘r suvli botqoqlarda esa qamish, sho‘ra kabi o‘simliklar mavjud. Suvli-botqoq o‘simliklari suvni ushlab turishga yordam beradi, bu esa mahalliy daryolarni suv bosishidan saqlaydi va suv eroziyasining oldini oladi.
Turli jonivorlar o‘z uyalarini botqoqli joylarda quradi. Qunduz, kiyik, qorako‘zan va ondatra suvli yerlarda yashaydigan sutemizuvchilar sirasiga kirsa, timsoh, ilon, toshbaqa, triton (kaltakesaksimon jonivor) va samandar (salamandra) suv-botqoqli joylarda yashaydigan sudraluvchilar va amfibiyalarga mansubdir. Qisqichbaqa, chivin va ninachi kabi umurtqasiz jonzotlar ham suvli-botqoq joylarda yashaydi.
Eng asosiysi, turli qushlar, qoraquloq va qizil qanotli qoraquloq suvli-botqoq yerlardan in qo‘yish joyi va qo‘riqxona sifatida foydalanadi. Kanada g‘ozlari, ko‘k turna, lochin va boshqa shu kabi ko‘chib yuruvchi qushlar ko‘pincha dam olish uchun suvli-botqoq joylarda to‘xtaydi.
Bugun 1975 yilda kuchga kirgan va suvli-botqoq hududlarini himoya qilish maqsadlariga yo‘naltirilgan dastlabki global mazmundagi hujjat – Ramsar Konvensiyasi qabul qilinganiga roppa-rosa 53 yil bo‘ldi. Ramsar Konvensiyasining asosiy maqsadi butun dunyo bo‘ylab barqaror rivojlanishga erishish vositasi sifatida suvli-botqoq yerarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishdir.
Afsuski, Ramsar Konvensiyasining amal qilishiga qaramay, 1970-2015 yillar oralig‘ida yer yuzidagi suv-botqoq hududlarining qariyb 35 foizi boy berildi. Eng yomoni, 2000 yildan buyon bu nomaqbul jarayon yanada tezlashmoqda.
Mamlakatimiz Ramsar Konvensiyasiga bundan 23 yil avval qo‘shilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 30 avgustdagi qarori buning uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilgan.
Tahlillarga ko‘ra, yurtimiz hududidan yiliga 4 milliondan ziyod suvda suzuvchi qushlar ko‘chib o‘tadi. Mamlakatimizning ochiq suv havzalari qushlarning 100 dan ortiq turi uchun qish mavsumida to‘xtash joylari hisoblanadi.
Ramsar Konvensiyasiga qo‘shilishning asosiy shartlaridan biri – o‘z hududida kamida bitta Ramsar hududini yaratishdir. Hududni tanlash murakkab mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Ramsar hukumati tomonidan e’lon qilingan yerlarni Konvensiya kotibiyati Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoq yerlar ro‘yxatiga (Ramsar List of Wetlands of international Importance) kiritadi. Ushbu ob’ektlar holati to‘g‘risidagi ma’lumot Suvli-botqoq yerlarni saqlab qolish xalqaro byurosi bazasida joylashtiriladi va doimiy ravishda yangilab boriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 170 dan ziyod mamlakat Ramsar Konvensiyasiga qo‘shilgan. Xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq yerlar ro‘yxatiga umumiy maydoni 255 million gektar bo‘lgan 2 ming 435 ta suvli-botqoqli hudud kiritilgan.
BMTning Suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq yerlar to‘g‘risidagi konvensiyasi, ya’ni Ramsar Konvensiyasi normalari xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq hududlarni asrash va ulardan oqilona foydalanishni talab etadi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda suvda suzuvchi mahalliy va o‘tar, ya’ni ko‘chmanchi qushlarning yashash muhitini yaxshilashga doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda.
Yurtimizda o‘nga yaqin suv havzasi bor bo‘lib, ular mahalliy suv qushlari uchun juda katta ahamiyatga ega. Soha mutaxassisi I.Nurmetovning qayd etishicha, O‘zbekistonning 3 ta yirik suv hududi Ramsar ro‘yxatiga kiritilgan. Bular: Dengizko‘l; Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi; To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlaridir.
To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari Qizilqum cho‘lining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan hamda qurg‘oqchil Markaziy Osiyo cho‘l va kserofit butazorlar biogeografik mintaqasida asosiy suv manbalari sanaladi. Mazkur suv omborlari hududida botqoqlik va kichik suv havzalari mavjud bo‘lib, ular ko‘chib yuruvchi qushlarning Markaziy Osiyoda uchib o‘tish yo‘lidagi muhim to‘xtash joyidir.
Xususan, Quyimozor suv ombori O‘zbekistonda kattaligi jihatidan beshinchi o‘rinda bo‘lgan Buxoro shahri va unga yaqin Kogon shahri uchun asosiy ichimlik suvi manbaidir. Uning suvi qo‘shni To‘dako‘l suv ombori suviga qaraganda chuchukroq. Ko‘ldan asosan dehqonchilikda va qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda foydalaniladi.
Umumiy maydoni qariyb 32 ming gektarni tashkil etadigan ushbu suvli-botqoq yer maydoni ko‘chmanchi qushlar uchun muhim to‘xtab o‘tish joyi hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda bu hududda qo‘nib o‘tgan qushlarning o‘rtacha yillik soni 40 mingdan ortiq.
Ushbu ko‘lda taxminan 229 ta qush turi, jumladan yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan oqbosh o‘rdak ham ro‘yxatga olingan. Biogeografik xilma-xillikni saqlab qolish uchun ayni qushlarning 1 foizidan ko‘prog‘i shu makonda qishlashiga sharoit yaratilgan. Suv havzalaridagi Amudaryo kurakburuni va baqra balig‘i esa yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda.
So‘nggi yillarda qish mavsumi bir qadar sovuq va qorli kelmoqda. Ayniqsa, Aydar-Arnasoy ko‘llarining suvi sho‘r bo‘lsa-da, keyingi 56 yil davomida o‘tgan yili to‘rtinchi bor muzladi.
Jizzax hamda Navoiy viloyatlari hududida mavj urib turgan “Sahro marvaridi”, ya’ni Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi o‘ziga xos tabiati, jonli flora va fauna olami bilan ajralib turadi. Hozirgi paytda uning bir uchi Jizzax viloyatining Arnasoy, Zafarobod, Mirzacho‘l va Forish tumanlari cho‘l, dasht hamda qiru adirlari uzra cho‘zilib, Navoiy viloyatining Nurota tumani va Qizilqum cho‘llari uzra oppoq qor va muz qoplamasi ostida yastanib yotibdi.
Qadimda Tuzkon nomi bilan tanilgan Aydar va Arnasoy ko‘llari birlashib, Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi nomi bilan atalmoqda. Ushbu ko‘llar kattaligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur ko‘llar tizimida to‘plangan suv yurtimizdagi barcha suv omborlaridagi suv hajmidan ikki hissa ko‘p. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining umumiy maydoni 370 ming gektar, uzunligi 190 kilometr, o‘rtacha kengligi esa 21 kilometr. Eng chuqur qismi 30 metrni, o‘rtacha chuqurligi 7 metrni tashkil etadi. Afsuski, keyingi vqtlarda ayni shu ulkan suv zaxirasi ham kamayishga yuz tutgani bashorat qilinmoqda.
Olimlarning fikriga ko‘ra, bundan 15-20 yillar ilgari ko‘l hududida 37 turdagi 192 mingta qush ro‘yxatga olingan. Hozirgi kunda esa suv o‘tlari va baliqlar bilan oziqlanadigan 20 turdagi qushlar qolgan, xolos. Bu qushlarning soni ham yildan-yilga kamayib, ayrim turlari butunlay yo‘qolib ketish arafasida turibdi.
Negaki, ma’lumotlarga qaraganda, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining suv hajmi 2006 yilda 42,1 mlrd metr kubni tashkil etgan. So‘nggi yillarda iqlimning o‘zgarishi va tashqi suv manbalaridan tashlanayotgan chuchuk suv miqdorda ayrim yillarda kamayishi va boshqa qator omillar sabab, ko‘llar tizimidagi suvning sathi 2 metrgacha pasayib, suv hajmi 36,8 mlrd metr kubga tushgan. Shuningdek, suvning minerallashuv darajasi oshgan.
Suv sathining pasayishi natijasida qirg‘oq bo‘ylari 15-50 metrga chekinib, 15-20 santimetrgacha, ba’zi joylarda undan ham ko‘proq tuz qatlami hosil bo‘lgan. Buning oqibatlari ko‘llar va ularning atrofidagi ekotizimdagi o‘zgarishlarda, shu jumladan suvli-botqoqli hududlarning o‘ziga xos hayvonot va o‘simliklar dunyosi tobora qashshoqlashib borishida namoyon bo‘lmoqda.
Hukumatning tegishli qarori asosida “Aydar-Arnasoy” ko‘llaridan unumli foydalanish va uni asrab-avaylash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, «O‘zdaverloyiha» davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan Jizzax va Navoiy viloyatlarining ko‘llar tizimiga tutash hududlari xatlovdan o‘tkazilgan. Suvni muhofaza qilish mintaqalari bo‘yicha dastlabki elektron xarita yaratilgan.
Jizzax viloyati hududida turizmni rivojlantirish bo‘yicha 11 ta loyiha ishga tushirilib, ichki turizm ob’ektlari tomonidan 15 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ o‘zlashtirilgan. Shuningdek, hududda 2022 yilning bahor mavsumida 200 gektar himoya o‘rmonzorlari barpo etilib, 2 km masofada chorvachilik bilan shug‘ullanishni cheklash bo‘yicha “Ekopatrul” tizimi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.
Ko‘llar tizimi suv hajmini saqlab turish maqsadida Mirzacho‘l kollektorining nazorat punktida “aqlli suv” qurilmasi o‘rnatilib, suv hisobi olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan. Nazorat ishlari natijasida 2022 yil davomida ko‘llar tizimi 1 mlrd 918 mln metr kub ichki kollektor-drenaj suvlari bilan to‘yintirilgan.
Shuningdek, tashqi suv manbalaridan “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimiga 2023 yil 10 fevral holatiga 500 mln metr kubdan ortiq chuchuk suv tashlangan. Kelgusida ko‘llar tizimiga tashqi manbalaridan qo‘shimcha 1 mlrd metr kub chuchuk suv olish masalasi yuzasidan amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Har yili dekabr, yanvar-mart oylarida bu yerga 400 ga yaqin qush turlari qishlash uchun uchib keladi. Ko‘lning kichrayib, minerallashish va tuzlanish darajasining ortishi 13 turdagi xalqaro, 24 turdagi milliy “Qizil kitob”ga kiritilgan qushlarning yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkin.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, odatda, anomal sovuq natijasida oqim kirib turuvchi joylarda 8-10, ko‘lning o‘rta qismida taxminan 20-25 santimetrgacha muzlaydi. Bunday kezlarda ko‘lga eltuvchi jangalzor va qumliklar qalin qor va muzliklar bilan qoplangani sababli ko‘lning o‘rta qismiga borishning imkoni bo‘lmaydi.
Xo‘sh, bu muzlash turli qush, baliq va boshqa hayvon turlariga qanchalik ta’sir qiladi? Ushbu jonli faunani asrab qolish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, havo haroratining sovuqligi, qalin qor, muzliklarga qaramasdan, bu yerda zarur biotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ko‘ldan yiliga 4 ming tonna baliq ovlanadi. Yaqin kelajakda Aydar-Arnasoy ko‘llarida tadbirkorlarni jalb qilgan holda baliq yetishtirish hajmini yanada ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Bu borada Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha qabul qilingan dastur alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, ko‘llar tizimi qirg‘oqlari bo‘yidagi 800 gektar yerda daraxt va butalar ekilmoqda. Kuz faslida bu yerda ko‘plab daraxt va buta ko‘chatlari ekilmoqda. Binobarin, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi o‘sha hududdagi tabiat muvozanatini saqlab turishda juda qo‘l keladi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, qish faslida yurtimizning ayrim mintaqalarida tunda harorat –18, ba’zi joylarda –20 darajagacha sovib ketadi. Buning oqibatida ozuqa topa olmagan qushlar, hayvonlarning ochlikdan sovuqda muzlab qolishi va nobud bo‘lishi hollari ham kuzatiladi.
Shunga qaramay, jonivorlarni, jumladan, yurtimizga olis o‘lkalardan panoh istab kelgan o‘tar qushlarni asrab qolish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Zero, jonli nabotot va hayvonot dunyosi omon qolishiga ko‘maklashish insonga xos ezgu fazilatdir.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 01.02.2024
- Ko'rishlar: 3233
- Chop etish