3 fevral – Butunjahon beadab so‘zlarga qarshi kurash kuni
Yaqinda internetda g‘alati ma’lumot paydo bo‘ldi. Emishki, “So‘kinib gapiradigan erkaklar, so‘kinmaydiganlarga qaraganda uzoqroq umr ko‘radi. Sababi, ular stressni ichlariga yutmay, so‘kinib chiqarib yuborar ekan”.
Albatta, kamina a’zosi bo‘lgan onlayn-guruhda bu borada darhol tarafma-taraf qizg‘in bahs boshlanib ketdi. Men esa ayni o‘sha kanalning (@PATRUL_UZ) shu mavzudagi oldingi xabarlarini ko‘zdan kechirishga kirishdim.
- 2023 yil 1 oktyabrdagi ma’lumot: “So‘kinib gapiradigan insonlarni DNKlari o‘zgarib ketar ekan”;
- 2023 yil 1 avgustdagi ma’lumot: “So‘kinadiganlar kam umr ko‘rishi mumkin. Sababi ko‘p so‘kinadigan erkaklarda psixologik asabiylashish oqibatida ko‘p kasalliklar kelib chiqishi aytilmoqda”;
- 2023 yil 1 apreldagi ma’lumot: “Betartib, tez-tez so‘kinadigan va ko‘pincha kech qolib keladiganlar – aqlli odamlardir. Olimlarning ta’kidlashicha, aql darajasi yuqori bo‘lgan odamlar boshqalarni bezovta qiladigan odatlarga ega”;
- 2022 yil 14 yanvardagi ma’lumot: “So‘kinadigan erkaklar uzoq yashaydi...”
E’tibor bering: 2024 yil yanvarida ushbu internet-kanalda berilgan ayni mavzudagi ma’lumot bundan roppa-rosa ikki yil oldingisi bilan deyarli bir xil mazmunga ega. Demak, 2024 yil aprel, avgust, oktyabr oylarida ham o‘tgan yilning shu davrlarida e’lon qilingan ma’lumotlar takrorlanishi ehtimoldan xoli emas.
Internetda bir-birini inkor etadigan bunday ma’lumotlar muayyan muntazamlikda tarqatib turilishidan ko‘zlangan maqsad nima? Bilmayman. Ayni maqolam ham buni bilish va bildirib qo‘yish haqida emas, balki shunchaki so‘kinishning oldini olish, beadab so‘zlarga qarshi kurash mavzusiga bag‘ishlangan.
Beadab so‘zlar ijtimoiy hayotimizdagi barcha muhim mezonlar – jamiyatning huquqiy, ma’naviy, axloqiy va diniy asoslariga xilofdir. Shunga qaramay, odamzot ko‘p hollarda yomon so‘zlarni aytishdan o‘zini tiya olmaydi.
Bir kishi umri davomida o‘rtacha 230 ming martagacha behayo, dag‘al va haqoratli so‘zlarni ishlatar ekan. Bu – insonning 75 yoshga kirguniga qadar kuniga taxminan 10 marta so‘kinishi, deganidir.
Bunday paytda tilning zarari va xatari ulkan bo‘lib, u insonni vahshiy yirtqichdek jarohatlaydi, ilondek zaharlaydi, olovdek yondiradi. Qilich bilan berilgan jarohat shifo topishi mumkin, tilning jarohatiga esa davo yo‘q.
Shu ma’noda, har yili 3 fevralda Butunjahon beadab so‘zlarga qarshi kurash kuni keng nishonlanishi bejiz emas. Ushbu xalqaro sanani nishonlashga sababchi omillarning tarixi olis moziyga borib taqaladi.
Masalan, “My-calend” sayti ma’lumotlariga qaraganda, beadab so‘z va iboralarning ko‘pligi bo‘yicha ingliz tili – birinchi, golland tili – ikkinchi, rus tili – uchinchi o‘rinda turadi. Hatto, ruslarning qayin po‘stlog‘iga bitilgan XII asrga mansub tarixiy yorlig‘ida beadab iboralar uchrar ekan.
Afsuski, bu borada o‘zimizning o‘tmishimizda ham vaziyat unchalik qoyilmaqom bo‘lgan emas. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): “Kimning tili va qo‘lidan musulmonlar salomat bo‘lsa, u komil mo‘mindir”, deb marhamat qilganlar (Imom Muslim).
Ushbu hadisdan inson kamolotga yetishi uchun til, qo‘l va barcha a’zolar bilan ozor berishdan saqlanishi lozimligi tushuniladi. Boshqa a’zolarga nisbatan til orqali g‘iybat, bo‘hton, yolg‘on, chaqimchilik, tilyog‘lamalik, masxara, so‘kish, behayo so‘zlar, sirni ochish kabi gunohlar va ozorlar ko‘p sodir bo‘ladi. Shu bois ba’zida jim turish, sukut saqlash bilangina til xataridan najot topish mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, beadab so‘zlarni ko‘p ishlatadigan odamlarda:
birinchidan, miya faoliyati susayishi kuzatiladi, chunki so‘kinish va haqoratlash har doim bosiq mulohaza yuritish hamda mantiqli fikrlarni o‘ylab topishdan ko‘ra oson bo‘lib, bosh qotirishga hech qanday hojat qolmaydi;
ikkinchidan, nutq ma’no-mazmuni sayozlashib ketadi va atrofdagi tinglovchilarga manzur bo‘lmaydi, hatto ularning nafratini qo‘zg‘aydi;
uchinchidan, beadab so‘zlar uchun qonuniy javobgarlik yuzaga keladi.