Ozarbayjon Respublikasining madaniyat va sport sohasidagi tashabbuslari, madaniy diplomatiyasining muvaffaqiyati xalqaro tadbirlar, madaniy hamkorliklar bilan mustahkamlangan boy tarix va merosga asoslangan. Bu butun dunyoda birdamlik munosabatlari jozibadorligini targ‘ib etish va ziyoli qatlam orasida xalqlararo do‘stlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda o‘zbek va ozarbayjon xalqlarini asrlar mobaynida shakllangan mustahkam qardoshlik va birodarlik rishtalari, madaniyat, til, din va urf-odatlarning yaqinligi, ma’naviy qadriyatlar chambarchas bog‘lab turadi.
Ayniqsa, 2023 yilning 24 noyabr sanasida O‘zbekiston va Ozarbayjon davlat rahbarlarining rasmiy uchrashuvida 2024 yilning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni jadal rivojlantirish yili, deb e’lon qilingani hamkorlikning yangi ufqlarini ochib berish barobarida, ikki qardosh millatning bir-biriga yaqinlashuviga mustahkam bir ko‘prik bo‘ldi.
24-26 yanvar kunlari mana shu hamkorlikka yangi qadamlar sifatida Boku shahrida “O‘zbekiston fani va madaniyati kunlari” o‘tkazildi va mamlakatimizdagi taniqli fan, san’at va adabiyot namoyandalarining bir guruhi Ozarbayjonda bo‘lib qaytdi. Tashrifning ilk kuni delegatsiyamizni Ozarbayjon Milliy Majlisi Spikeri Sohiba xonim Gafarova qabul qildi.
Juda go‘zal tarzda tashkil etilgan “O‘zbekiston fani va madaniyati kunlari” davomida dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlar doirasida parlamentlararo hamda fan sohasida, yozuvchilar, rassomlar, gazeta, jurnallar o‘rtasida hamkorliklar o‘rnatish, san’at va madaniyat xodimlari bilan yigirmadan oshiq ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.
Jumladan, Bokuning eng diqqatga sazovor maskanlarida to‘rtta katta tadbir uyushtirildi. Haydar Aliev markazida Madaniy meros bo‘yicha 80 jildlik majmua taqdimoti, Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar Institutida “Madaniy merosimiz Ozarbayjon muzeyi va kutubxonalarida” maxsus tomini topshirish va eng hayajonlisi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan chop etilgan 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamining taqdimotlari o‘tkazildi. Boku Davlat universitetida Ozarbayjon ilmiy jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda O‘zbekiston delegatsiyasi bilan birga Ozarbayjon Yozarlar birligining raisi, atoqli yozuvchi Anar Rzaev, uning o‘rinbosari Salim Babullao‘g‘li, shoir, yozuvchi, jurnalistlardan Faxreddin Meydanli, Yashar Qosim, Gulamail Murad va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni chuqurlashtirishda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining tutgan o‘rni va bu borada samarali faoliyat ko‘rsatayotgan ozarbayjonlik olimlar va tadqiqotchilarga Butunjahon jamiyati nomidan tashakkurnomalarni topshirdik. Shuningdek, Ozarbayjon va O‘zbekistonda bugungi kunda amalga oshirilayotgan yuksak ma’naviy va madaniy islohotlar, ulug‘ ishlar, shuningdek, kundan kunga mustahkamlanib borayotgan adabiy aloqalar haqida batafsil ma’ruzalar qilindi.
1100 nafar muallifni qamrab olgan “Turkiy adabiyot durdonalari” adabiy to‘plami jahonshumul bir voqea bo‘ldi. Ushbu 100 jildlik asarlar majmuasini tayyorlashda 200 dan ziyod tarjimon qatnashdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan yana ellikka yaqin adabiyotshunos va matnshunos olim, adib, muharrir va rassomlar nashrga tayyorlash, chop etish ishlariga keng jalb etildi. Majmua chin ma’noda xalqaro loyiha bo‘ldi, deb aytish mumkin.
Taqdimot marosimida O‘zbekistonda yangi ta’sis etilgan “Jadid” gazetasi haqida ham so‘z bordi. Yig‘ilganlarga ushbu gazetaning konsepsiyasi, uning o‘z oldiga qo‘ygan vazifalari xususida O‘zbekiston Xalq shoiri, “Jadid” gazetasi bosh muharriri Iqbol Mirzo so‘zlab berdi. Yig‘ilganlarni qiziqtirgan savollar bo‘yicha muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Taniqli san’atkorlar Farruh Zokirov, Ramiz Usmonov, Ozoda Nursaidova, Mohichehra Shomurodovalarning diltortar qo‘shiqlari ozarbayjon-o‘zbek san’atining hamohangligini namoyish etdi.
Ozarbayjon Milliy kutubxonasiga, Fuzuliy tumanidagi Mirzo Ulug‘bek nomli yangi maktabga, Ozarbayjondagi elchixonamiz kutubxonasiga “Turkiy adabiyot durdonalari” majmualarini taqdim etdik.
Bundan tashqari, anjuman doirasida turli ko‘rgazmalar tashkil qilindi, adabiy aloqalar, kino san’atida, umuman, birgalikdagi madaniy hamkorlik masalalarida fikr almashildi. “Nuroniylar” jamiyatlari o‘rtasida, Maqsud Shayxzoda haqida badiiy film yaratish bo‘yicha esa ikki davlatning kinematografiya tashkilotlari bilan hamda O‘zFA Astronomiya instituti va Boku davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Shuningdek, jadidlar merosini o‘rganish va boshqa masalalarda Fanlar akademiyasi hamda mutasaddi tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikka oid ishlar rejalashtirildi.
Bokuda o‘tgan do‘stlik kunlari, ma’naviyat anjumani tom ma’noda ikki qardosh xalqning o‘zaro ehtirom va hurmatiga limmo-lim tarzda yakun topdi. O‘ylaymanki, bu qardoshlik tadbiri o‘zaro mushtarak maqsadlarni amalga oshirish, qondoshlik rishtalarini mustahkam bog‘lashga ilhom va kuch beradi.
Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi
- Qo'shildi: 05.02.2024
- Ko'rishlar: 2780
- Chop etish