O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga sodiq qolingan holda, inson qadri hamda huquq va erkinliklarini to‘liq ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchillik bilan ro‘yobga chiqarilmoqda. Inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish Yangi O‘zbekiston siyosatida markaziy o‘rinni egallamoqda. 2023 yilda ham mamlakatda “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani to‘liq ro‘yobga chiqarish, milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotni inson huquqlari sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro standartlarni, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda takomillashtirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini qaror toptirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda.
2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda inson huquqlariga oid normalar uch baravardan ortiqqa oshirildi. Jumladan, Asosiy qonunimizning 20-moddasiga binoan: “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi”.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada har bir insonning o‘z huquqlarini himoya qilish uchun milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. Konstitutsiyaviy shikoyat instituti konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanib, fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqiga ega bo‘ldi. Jahon mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning maqomi konstitutsiyaviy darajada ta’minlandi.
Mamlakatimizda qabul qilinayotgan strategiya, konsepsiya va dasturlarda inson huquqlari va erkinliklarini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor berilmoqda. Xususan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini 2023 yil – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, xalqparvar davlatchilikni qaror toptirish orqali inson qadrini yuksaltirishga qaratildi.
Birinchidan, Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston—2030” strategiyasi BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohangdir. Bu borada amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya bo‘yicha islohotlarda “Hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini ta’minlashga qaratilgan inson huquqlari ustuvorligini ta’minlash masalasi asosiy o‘rinni egallaydi.
Ikkinchidan, Yangi O‘zbekistonda 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi faol amalga oshirilmoqda. O‘tgan yil mart oyida ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi muhim qonun qabul qilindi. Oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilmoqda, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Uchinchidan, 2023–2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi va Harakatlar dasturi amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ushbu dasturiy hujjatlarda chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo‘naltirish, tergov sudyasi institutini joriy etish, sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish prinsipini hayotga tatbiq etish va sudyalar hamjamiyati organlarining rolini oshirish chora-tadbirlari ko‘zda tutilgan.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon dasturida faol ishtirok etmoqda. Prezidentimizning 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi.
Milliy ta’lim dasturi tadbirlarini ijro etish doirasida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv va maxsus kurslari joriy qilinmoqda. Imkoniyati cheklangan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha qo‘llanmalar va risolalarni doimiy ravishda chop etish yo‘lga qo‘yildi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim elektron platformasi ishga tushirildi.
Beshinchidan, davlatimiz rahbarining 2023 yil 12 maydagi Farmoni asosida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash bo‘yicha xalqaro kampaniyada O‘zbekiston faol ishtirok etdi. Milliy tadbirlar dasturi doirasida fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi normalari to‘g‘risidagi bilimlarini oshirish, yoshlar huquqlarini mustahkamlash ishlari bu borada katta ahamiyat kasb etdi.
Mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, o‘tgan yili xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslarini shakllantirish, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarildi.
Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlarni davlat organlarining, xususan, huquqni muhofaza qilish faoliyatiga joriy etish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Nelson Mandela qoidalari qonunchilik va huquqiy amaliyotga tatbiq etilmoqda.
BMTning ustav organlari va shartnoma qo‘mitalari tavsiyalariga ko‘ra, “Ombudsman plyus” modeli asosida milliy preventiv mexanizm takomillashtirilmoqda. Ombudsman, Bolalar ombudsmani, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va Biznes-ombudsmanga jazoni ijro etish muassasalarini monitoring qilish vakolati ham berilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyaning bajarilishi Milliy markaz tomonidan har chorakda monitoring qilib boriladi. Shu ma’noda, 2024 yil 5 yanvar holatiga ko‘ra, Milliy strategiyaning jami 78 ta bandidan 67 tasi bo‘yicha ijro muddati yakunlanganini qayd etish ayni muddaodir.
Boshqacha aytganda, Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya hozirgi vaqtga qadar 85 foiz bajarildi. Xususan, 2023 yilda Milliy strategiya doirasida 10 ta qonun, Prezidentimizning 7 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 5 ta qarori qabul qilindi.
Shu bilan birga, Milliy strategiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, Milliy strategiya doirasidagi tadbirlar ijrosi muddatlarining cho‘zib yuborilishi hamda ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlarning bugungi kunga qadar qabul qilinmaganligi holatlari mavjud.
Milliy markaz Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya ijrosini ta’minlashni nafaqat monitoring qilmoqda, balki ayni jarayonlarda bevosita ishtirok ham etmoqda. Masalan, 2023 yil davomida manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda davlat organlari xodimlarining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” faoliyati rivojlantirilmoqda. O‘tgan yili inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarga oid 14 ta to‘plam chop etildi.
Bugungi kunga qadar BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga O‘zbekiston Respublikasining 46 ta milliy ma’ruzasi taqdim etilgan. Milliy ma’ruza loyihalari xalqaro-huquqiy amaliyotga muvofiq hamda milliy normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan muddatlarda va tartibda tayyorlanadi.
Shu ma’noda, 2023 yilda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari bajarilishi bo‘yicha 4 ta milliy ma’ruza manfaatdor vazirlik va idoralar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda tayyorlanib, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga taqdim etildi.
Xususan, inson huquqlari bo‘yicha ma’ruzalarning tarkibiy qismi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining umumiy asosiy ma’ruzasi tayyorlandi. Umumiy asosiy ma’ruza 2023 yil 30 may kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi va BMT tegishli qo‘mitalariga taqdim etildi.
Umumiy asosiy ma’ruzada O‘zbekiston haqida umumiy ma’lumot, davlatning demografik, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy xususiyatlari, geosiyosiy xususiyatlari, tarixiy ma’lumotlar, aholi, iqtisodiyot, shuningdek, davlatning konstitutsiyaviy, siyosiy va huquqiy tizimi, qonun chiqaruvchi organ, Prezident, ijro etuvchi hokimiyat, sud hokimiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan.
Shuningdek, 2023 yil 28 iyulda Milliy markaz tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning Birinchi milliy ma’ruzasi tayyorlanib, BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga taqdim etildi.
Bundan tashqari, Universal davriy hisobot doirasida O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy hisoboti 2023 yil 7 avgust kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga taqdim etildi. O‘tgan yil 8-10 noyabr kunlari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 44-sessiyasida O‘zbekistonning to‘rtinchi milliy hisoboti ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yili BMT Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiya bajarilishi bo‘yicha O‘zbekistonning Oltinchi milliy ma’ruzasi ham tayyorlandi. Ma’ruzani tayyorlashda 35 ta vazirlik va idora hamda 10 dan ortiq fuqarolik jamiyati instituti vakillari faol ishtirok etganligini alohida ta’kidlash lozim. Milliy ma’ruza 2024 yil 4 yanvarida BMTning Qiynoqqa qarshi qo‘mitasiga taqdim etildi.
BMT inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida manfaatdor davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonning 2 ta milliy harakatlar rejasi loyihalari ham ishlab chiqildi. Bu borada, shuningdek, Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan 5 ta milliy harakatlar rejasining ijrosi monitoring qilindi.
Milliy harakatlar rejalarida inson huquqlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni va huquqiy amaliyotni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekistonning xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash, inson huquqlari sohasidagi statistika tizimini, inson huquqlarini ta’minlash mexanizmini rivojlantirish kabi tadbirlar o‘z ifodasini topgan.
O‘tgan yilda inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida qabul qilingan qonunlarning yurtimiz hududlaridagi ijrosi monitoring qilindi. Bu borada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tegishli davlat organlariga taqdim etildi.
Misol uchun, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarining bajarilishi ustidan jamoatchilik monitoringini o‘tkazish maqsadida ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh a’zolari tomonidan Samarqand shahridagi xalqaro aeroport, temir yo‘l vokzali hamda avtobus bekatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhit nuqtai nazaridan yaratilgan qulayliklar o‘rganildi.
Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tuzilmalardan kelib tushadigan individual murojaatlar Prezidentimizning tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan “Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining xabarnomalari va qarorlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 4-bandiga muvofiq ko‘rib chiqiladi hamda O‘zbekiston hukumatining rasmiy javobi tayyorlanadi.
Binobarin, 2023 yilda Milliy markaz tomonidan manfaatdor davlat organlari bilan hamkorlikda BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasidan kelib tushgan jami 6 ta individual xabarnoma ko‘rib chiqildi. Ulardan to‘rttasi yuzasidan murojaatlarni qabul qilish mumkin emasligi, qolgan ikkita xabarnomani mazmunan ko‘rib chiqish haqida javoblar tayyorlandi.
O‘tgan yili Milliy markazga jami 1 ming 430 ta murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yildagi murojaatlarga qaraganda 9,9 foiz ko‘pdir. Murojaatlar taalluqliligi bo‘yicha tegishli idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan, shundan 129 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Monitoring natijalariga ko‘ra, o‘tgan yillardagi kabi 2023 yilda ham odil sudlovni amalga oshirish, sud qarorlaridan, dastlabki tergov harakatlari hamda ularni olib borgan mas’ul shaxslarning, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlaridan norozilik, yer ajratish, shaxsiy mulk va uy-joyga bo‘lgan huquqlarga doir murojaatlar ko‘p tushgan.
Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish organlariga 2023 yil davomida 400 dan ortiq tavsiya taqdim etilgan. Ularning ko‘rib chiqilishi natijasida 25 ta murojaat yuzasidan fuqarolarning huquqlari tiklangan, 62 ta holatda fuqarolarga huquqlari tiklanishida va qonuniy manfaatlarining amalga oshishida amaliy ko‘maklashilgan, 129 ta holatda fuqarolar bilan qonunchilik hujjatlari talablari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirish ishlari olib borilgan.
Shuningdek, 2023 yil davomida Milliy markaz qabulxonasida jami 500 nafardan ortiq fuqaro qabul qilingan. Bundan tashqari, telefon qo‘ng‘iroqlari orqali murojaat qilgan 2 ming 800 nafardan ziyod fuqaroga huquqiy maslahatlar berilgan.
Inson huquqlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish va ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash vazifasi bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz ko‘lami ortib bormoqda. Jumladan, 2022 yilda Milliy markaz tomonidan jami 95 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2023 yilda ushbu ko‘rsatkich 87 tani tashkil etdi. Ayniqsa, 70 ta normativ-huquqiy hujjat project.gov.uz portali orqali ekspertizadan o‘tkazilganini alohida qayd etish maqsadga muvofiqdir.
Milliy markaz o‘tgan yilda 41 ta qonun, O‘zbekiston Prezidentining 5 ta farmoni va 7 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 14 ta qarori va 1 ta farmoyishi, 2 ta idoralararo buyruq loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazgan. Bu normativ-huquqiy hujjatlarning 36 tasini takomillashtirish bo‘yicha 100 dan ortiq taklif bildirilgan.
Milliy markaz bir qator qonun loyihalarining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro normalarga muvofiqligi yuzasidan xulosalar bergan. Inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha takliflar ham tayyorlangan hamda tegishli tartibda taqdim etilgan.
Yanada muhimi, 2023 yilda Milliy markaz tashabbusi bilan bir qancha normativ-huquqiy hujjat loyihalari tayyorlandi. Xususan, 3 ta qonun loyihasi, Prezidentning 2 ta farmoni va 1 ta qarori loyihalari shular jumlasidandir.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 1841-moddasining O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiqligini ko‘rib chiqish yuzasidan murojaat tayyorlanib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga taqdim etildi. Mazkur murojaat Konstitutsiyaviy sud tomonidan o‘rganilgan.
Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash va himoya qilishning milliy tizimi samaradorligi quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan tadbirlarga bog‘liq:
- inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, ushbu sohadagi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi bo‘yicha hamkorlik;
- inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish holatini o‘rganish, tahlil qilish va umumlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish bo‘yicha hamkorlik;
- inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash sohasidagi vaziyatning davlat va jamoatchilik tomonidan samarali monitoring qilinishi;
- O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish bo‘yicha milliy ma’ruzalar tayyorlash, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakat rejalarini ishlab chiqish yo‘nalishida hamkorlik;
- normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik;
- inson huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlarga maslahat berish funksiyasini amalga oshirish va ularga amaliy ko‘maklashish;
- inson huquqlari sohasida aholi huquqiy savodxonligini oshirish, davlat xizmatchilari va mansabdor shaxslarning inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish va boshqalarda hamkorlik;
- inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirishda hamkorlik;
- inson huquqlarini ta’minlashda davlat organlari vakolatlarining samarali amalga oshirilishi;
- fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal etish, ularning huquqlarini buzganlikda aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish.
2023 yilda Milliy markaz yuqoridagi yo‘nalishlarda turli davlat organlari bilan hamkorlikni amalga oshirdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman), Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani), Biznes ombudsman, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi va boshqa davlat organlari bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Milliy markaz fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga rioya qilish bo‘yicha qonun loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish birga, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha eshituvlarni tashkil etishda qatnashib kelmoqda.
2023 yilda Milliy markaz Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha milliy ma’ruzalar, milliy harakat rejalarini ishlab chiqish va ularning bajarilishini monitoring qilish masalalari bo‘yicha axborot va ma’lumotlarini taqdim qildi hamda ularning muhokamasida ishtirok etdi.
Milliy markaz 2023 yilda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga ko‘maklashishga qaratilgan qator ishlarni amalga oshirdi. Xususan, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari mulohaza va tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan milliy ma’ruzalarni, milliy harakatlar rejalari loyihalarini tayyorlash, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalari bajarilishi holatini joylarga chiqib o‘rganish ishlarida fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik qilindi.
Milliy markaz fuqarolik jamiyati institutlari bilan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, aholining inson huquqlari sohasidagi xabardorligini oshirish, inson huquqlari masalalari bo‘yicha davlat organlari xodimlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun o‘quv seminarlari va treninglar tashkil qilishda hamkorlik qilmoqda
Milliy markaz ayni ishlarni amalga oshirishda quyidagi jamoat tashkilotlari bilan hamorlik qilganini qayd etib o‘tish mumkin: O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, “Demokratiya va inson huquqlari” instituti, “Istiqbolli Avlod” NNT, “Madad” NNT, Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi, “Nihol” Tashabbuslarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash markazi, “Sog‘lom avlod uchun" hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston Karlar jamiyati, Mehribonlik” Nogironlar o‘zaro ijtimoiy yordam jamiyati, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi, “Inklyuziv hayot” Nogironlar jamoat birlashmasi, “SOS” O‘zbekiston bolalar mahallalari uyushmasi, “Mehribonlik” Nogironlar o‘zaro ijtimoiy yordam jamiyati, “Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi” NNT, “Taraqqiyot” strategiyasi markazi, Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi, “Sharoit plyus” NNT, “Millennium” NNT va boshqalar.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy ma’ruzalarini tayyorlashda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki bilan birga fuqarolik jamiyati institutlarining muqobil ma’ruzalarni tayyorlashini olqishlaydi. Chunki bu inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishiga doir ma’lumotlarning ishonchlilik darajasini oshiradi hamda fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyat hayotidagi roli va o‘rni ortib borayotganidan dalolat beradi.
Milliy markaz nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda muqobil ma’ruzalarni tayyorlashning metodikasiga bag‘ishlangan seminar-treninglarni o‘tkazishda ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston va inson huquqlari masalalari bilan shug‘ullanuvchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik turli shakl va tartibda amalga oshirilmoqda. Milliy markaz 2023 yilda BMTning inson huquqlari bo‘yicha organlari bilan samarali hamkorlik qildi. BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari, maxsus tartiblar (protseduralar) va ixtisoslashgan organlarni o‘z ichiga oladi.
Inson huquqlari bo‘yicha BMTning xalqaro pakt va konvensiyalariga muvofiq tuzilgan shartnomaviy qo‘mitalar (BMTning inson huquqlari qo‘mitalari) davlat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xalqaro inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar qoidalariga muvofiqligini solishtirish orqali nazorat faoliyatini amalga oshiradi.
BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga muntazam hisobot berish (milliy ma’ruzalarni taqdim etish) jarayoni davlatlar uchun inson huquqlari sohasidagi maqsadlarga erishishda konstruktiv va istiqbol uchun muhim vosita rolini bajaradi.
Ta’kidlash joizki, davlatlarda inson huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha axborot almashinuvi BMT organlari tomonidan milliy ma’ruzalarni ko‘rib chiqish bilan cheklanmaydi. Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha davlatlarning amaliy harakatlari to‘g‘risida ma’lumotlarni turli vositalar yordamida olish orqali xalqaro shartnomalarning bajarilishi ustidan xalqaro nazorat muntazam ravishda amalga oshiriladi. Bunda ma’lumotlar fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan taqdim qilinadigan muqobil ma’ruzalar, ommaviy axborot vositalari, tadbirlar, tashriflar va boshqa vositalar orqali to‘planishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi har yili inson huquqlari sohasidagi xalqaro tuzilmalardan so‘rovlar oladi hamda ularga javoblar yuboradi. Bunday so‘rovlar mintaqaviy tuzilmalar, shuningdek xalqaro nohukumat tashkilotlaridan ham kelib tushmoqda.
Milliy markaz faoliyatining eng muhim yo‘nalishi inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlash uchun jamiyatda inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishga, inson huquqlari sohasida aholi huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashishdan, inson huquqlariga rioya qilish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazishdan, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan milliy dasturlar va harakat rejalarini ishlab chiqishdan iborat.
Milliy markaz 2020 — 2024 yillarda inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini, BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirishda faol qatnashmoqda.
Milliy markaz inson huquqlari va erkinliklari masalalari bo‘yicha ma’rifat va ta’lim tizimini takomillashtirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Milliy markaz 2023 yil 7 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi loyihasini manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqdi va uning ijrosini monitoring qilmoqda.
Milliy markazning axborot-ma’rifiy ishlari uning tomonidan ma’rifiy kampaniyalar, seminarlar, davra suhbatlari, inson huquqlari masalalari bo‘yicha jamoatchilik muhokamalari va boshqa davlat organlari va tashkilotlarining shu kabi tadbirlarda ishtirok etishi orqali amalga oshiriladi. Markaz tomonidan 2023 yilda 120 dan ortiq axborot-ma’rifiy va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida 2023 yil 7 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 7 yo‘nalish, 30 banddan iborat bo‘lib, 2024 yil 5 yanvar holatida ulardan 13 ta bandi (43%) bajarilgan, 15 ta bandi (50%) bajarilmoqda.
Milliy markaz tomonidan 2023 yil yakunlari bo‘yicha davlat organlarining tegishli xodimlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining inson huquqlari sohasidagi malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan o‘quv kurslarida jami 1050 nafar xodimning malakasi oshirildi.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar markaziga inson qadr-qimmatining qo‘yilishi inson huquqlari sohasidagi tadqiqotlarni kengaytirish ehtiyojini kuchaytirdi. Inson huquqlari sohasidagi tadqiqotlar ixtisoslashtirilib, inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish maqsadida doktorantura va mustaqil ilmiy izlanuvchilik instituti tashkil etildi.
2023 yil yanvar-dekabr oylarida Milliy markaz Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengashi (IMK)ning 15 ta yig‘ilishi o‘tkazildi.
Milliy markaz tomonidan 2023 yil davomida nashr etildi:
– 3 ta o‘quv-uslubiy nashr, umumiy hajmi – 27,3 b.t.;
– 2 ta konferensiya materiallari, umumiy hajmi – 38,8 b.t.;
– 11 ta xalqaro hujjatlar to‘plamlari, umumiy hajmi – 69,1 b.t.;
– 7 ta monografiya va risolalar, umumiy hajmi – 28,4 b.t.;
– 7 ta boshqa nashrlar, umumiy hajmi – 39,8 b.t.
Nashr etilgan adabiyotlarning umumiy hajmi – 203,4 b.t. ni tashkil etadi.
Bundan tashqari, doimiy ravishda Milliy markazning davriy nashrlari – “Demokratlashtirish va inson huquqlari”, “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” jurnallari hamda Inson huquqlari uyiga qabul qilingan yangi adabiyotlar xabarnomasi chop etib kelinmoqda. Milliy markaz tomonidan 2023 yilda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarga oid quyidagi 14 ta to‘plam davlat tilida chop etildi.
2023 yilda Milliy markaz faoliyatini targ‘ib etishga qaratilgan 5 ming 272 ta axborot Milliy markaz rasmiy saytining “Markaz yangiliklari” rukniga joylashtirildi. Ushbu axborotlar, shuningdek, O‘zbekiston tele-radio kanallari, gazetalar, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va veb-saytlarda e’lon qilindi. Bu axborotlarning muayyan qismi ingliz va rus tillariga ham tarjima qilinib, keng tarqatildi.
Shuningdek, mamlakat OAVda e’lon qilingan inson huquqlariga taalluqli materiallar saralanib, muntazam ravishda Milliy markaz saytining “O‘zbekiston yangiliklari” rukniga joylashtirildi. Bundan tashqari, Milliy markaz saytining “Xorij yangiliklari” rukniga xalqaro tashkilotlar rasmiy saytlari va xorijiy OAVning inson huquqlariga doir muhim materiallari saralab berib borildi.
Milliy markaz vakillari Nyu-York, Jeneva, Berlin, Pekin, Jidda, Vena, Skope, Moskva, Sankt-Peterburg, Luanda Almati, Ostona shaharlarida inson huquqlari mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan turli forumlarda qatnashdi. Milliy markazda 20 dan ortiq xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlar delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu jarayonlarning barchasi haqida jamoatchilikka o‘z vaqtida axborot yetkazib turildi.
Bundan tashqari, Milliy markaz rasmiy veb-sahifasida yangi tahrirdagi Konstitutsiya, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda O‘zbekiston Prezidentining dasturiy ma’ruza va nutqlari targ‘iboti doirasida intervyu, maqola va sharhlar muntazam ravishda e’lon qilib borilmoqda.
Yana bir muhim dalil: Milliy markaz xodimlari tomonidan 2023 yil yanvar-dekabr oylari davomida 241 ta maqola, intervyu va ko‘rsatuvlar tayyorlangan. Shundan xorijiy ommaviy axborot vositalarida 123 ta material e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 martdagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” 2023 yilda o‘zining faoliyatini rivojlantirdi. “Inson huquqlari uyi”ning umumiy fondini 10 mingdan ortiq nus’hadagi kitob va ilmiy jurnallar tashkil etadi. Shuningdek, Inson huquqlari va erkinliklariga oid adabiyotlar ochiq fondi mavjud.
“Inson huquqlari uyi”ga yil davomida 157 nomda jami 203 nusxa adabiyotlar sotib olinib, kutubxona fondiga kiritildi. Shuningdek, Milliy va xorijiy xamkorlar tomonidan 16 nomdagi jami 48 nusxa adabiyotlar sovg‘a sifatida qabul qilindi.
“Inson huquqlari uyi” fondini yanada boyitish maqsadida 2023 yilda Vaqtli matbuot nashrlar (gazeta) 17 nomda, 1740 nusxa qabul qilib olindi.
Mahalliy va xorijiy davriy nashrlar (jurnal) 50 nomda, 220 nusxada qabul qilib olindi va texnik ishlov berildi.
2023 yil yil davomida Respublikamizning axborot-kutubxonalari markazlari, maktab hamda qator oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga jami 2620 ta inson huquqlariga oid adabiyot va 650 ta huquqiy jurnallar beg‘araz taqdim etildi. Bundan tashqari, 2023 yil davomida Respublikamizning 10 ta viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida bo‘lib o‘tgan o‘quv mashg‘uloti tinglovchillariga 2 200 ta kitob beg‘araz taqdim etildi.
Hozirgi vaqtda “Inson huquqlari uyi”ning yangi binosini kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, axborot-kutubxona resurslari, ya’ni barcha turdagi adabiyotlar texnik va ilmiy ishlovdan o‘tkazilib, universal o‘nli klassifikatsiya asosida tizimlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
Izoh: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2023 yildagi faoliyati yuzasidan hisobotning to‘liq matni alohida kitob holida nashr etiladi va beg‘araz tarqatiladi. Ayni vaqtda tahrir ishlari yakuniga yetmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.02.2024
- Ko'rishlar: 3062
- Chop etish