Yangi O`zbekiston-xorijliklar nigohida

Jamila BIGIO: Zo‘ravonlikdan holi jamiyat barcha uchun foydali

Shu kunlarda USAIDning gender tenglik hamda xotin-qizlar huquqi va imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha bosh muvofiqlashtiruvchisi Jamila Bigio yurtimizda bo‘lib turibdi. O‘zA muxbiri Jamila xonim bilan suhbatlashdi.

– Bigio xonim, yurtimizga xush kelibsiz! O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqini himoya qilish va gender tenglikni ta’minlash borasidagi ishlar haqida nima deya olasiz?

– O‘zbekiston hukumati ayollar huquqini kengaytirish, gender masalasiga daxldor zo‘ravonlikning oldini olish va bunday salbiy holatlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirmoqda. Hukumat mamlakat bo‘ylab ayollar va qizlarning jamiyat hayotida to‘liq ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratadigan qonunlar qabul qilgani juda muhim va e’tiborga loyiq. Ayollarning mamlakatdagi islohotlardan xabardorlik darajasini oshirish hamda ularning huquqiy savodxonligini yuksaltirishga qaratilgan islohotlar samarali yo‘lga qo‘yilgan. Bunday sa’y-harakat orqali iqtisodiyot jadal o‘sadi. Jamiyat esa ayollarning to‘liq ishtiroki tufayli yanada rivojlanadi.

Qonunlar va ijobiy qarorlar qabul qilinishi birinchi va muhim qadam. Keyingi bosqich esa dasturlar amalga oshiishiga ishonch hosil qilish. Bir so‘z bilan aytganda, me’yoriy hujjatlar asosida ayollar va qizlar jamiyatda o‘zi xohlagandek yashaydi, o‘rnini topadi. Qolaversa, yangi g‘oya, tashabbus va startaplarini hayotga tatbiq etishda yordam ola biladi. Natijada yangi ish o‘rinlari yaratiladi, imkoniyat kengayadi. Shuningdek, ayollar va qizlar zo‘ravonliksiz hayot kechirish imkoniga ega bo‘ladi.

Umid qilamizki, Amerika va boshqa hamkorlar O‘zbekiston hukumati, ta’lim institutlari, sud-huquq tizimi xodimlari bilan birga tegishli qonunlar ijrosiga ko‘maklashadi. Oilalar, ayollar va qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish orqali jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.

– Sir emas, bugungi o‘zbek jamiyatida, ayniqsa, erkaklar orasida gender tenglik tushunchasini qabul qilishi biroz qiyin bo‘lgan qatlam ham mavjud. Ayni holat ko‘p tanqid ostiga olinadi. Umuman, gender tenglik tushunchasining jamiyatga kirib kelishi va amalda qo‘llanishi bilan bog‘liq salbiy dunyoqarashni o‘zgartirish uchun nima qilish kerak? Bu borada qanday tavsiyalar bor?

– Zo‘ravonlikdan holi oilalarga, jamiyatga ega bo‘lish barcha uchun foydali. Xo‘sh, shunday jamiyatni qaror toptirish uchun nima qilish kerak? Hayotimizda uchraydigan stressni qanday boshqarish mumkin? Muammoni zo‘ravonliksiz yechish yo‘lini topish hamma uchun xavfsiz muhit yaratadi. Bunday muhit barchamizning oilamizda, jamiyatda, ish joyimizda foyda keltiradi.

– Gender tenglik ko‘pincha ayollarni rahbarlik lavozimiga tayinlash yoki ishga qo‘yish kabi ayrim tushunchalar bilan cheklanadigandek tuyuladi. Mutaxassis sifatida “gender tenglik” iborasini qanday ifodalagan bo‘lardingiz?

– Gender tenglik ma’lum ma’noda xotin-qizlarning yetakchiligi, ularga berilgan imkoniyatni anglatadi, albatta. Shu bilan birga ayollar va erkaklarning barcha resurs va imkoniyatga teng egaligi va albatta, zo‘ravonlikdan holi hayot kechirish uchun teng huquqi tushuniladi. Bu tenglik barcha sohalarda, sohalarning barcha quyi va yuqori qismida mavjudligi, masalan, ayol va erkak tug‘ilishidan boshlab, to voyaga yetguncha xavfsiz balog‘at yoshiga yetish imkoniga teng egalik qilishida namoyon bo‘ladi. Ayol yoki erkak qayerda tug‘ilishi, qanday hayot darajasida yashashidan qat’i nazar, hayotda teng imkoniyatga ega bo‘lishi zarur.

Xullas, gender tenglik ta’minlanishi, avvalo, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy taraqqiyotini jadallashtirish orqali xalq farovonligini yuksaltirish, jamiyatdagi ko‘plab muammolarni hal qilish, kundalik hayotni yanada yaxshi tomonga o‘zgartirishga xizmat qiladi.

Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.

Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA

Powered by GSpeech