Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi hamda Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi.
Parlament komissiyasi a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari, deputatlar hamda jurnalistlar ishtirok etgan yig‘ilishda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning 2023-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlament komissiyasi raisi A. Saidov yig‘ilishni ochar ekan, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish, bu yo‘nalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, inson huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlash masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan yilda Ombudsman o‘z faoliyatini yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish, sohaga oid milliy qonunchilikni hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratgan. Ayniqsa, fuqarolarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga jiddiy yondashgan.
Hisobot yilida Ombudsman nomiga 18 ming 622 ta murojaat kelib tushgan. Fuqarolar murojaatlari asosida ularning manfaatlariga 1847,2 mln. so‘mlik mablag‘ undirilgan. Ombudsman kotibiyati xodimlari esa fuqarolarning murojaatlari va so‘rovlari asosida sud majlislarida 249 marotaba kuzatuvchi sifatida ishtirok etishgan.
Deputatlar Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan hisobotni tinglar ekan, qiynoqqa solish, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar soni va sifati o‘sib borayotganini alohida e’tirof etdilar. Chunki qiynoqlarni aniqlash, ularning oldini olish maqsadida Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 603 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil F. Eshmatovaning aytishicha, Ombudsman tomonidan nafaqat harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi shaxslarga ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilgani to‘g‘risidagi shikoyatlar, balki ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan xabarlar ham nazoratga olinib, muntazam ravishda o‘rganib borilgan. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 15 ta shu kabi xabarlar o‘rganilib, Ombudsmanning 17 ta munosabati bildirilgan bo‘lsa, ushbu masala bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralarga 4 ta taqdimnoma va 10 ta talabnoma kiritilgan.
Qo‘mita a’zolari 2023-yilda Ombudsman fuqarolarning ijtimoiy huquqlari kafolatlanishi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash borasida amalga oshirilgan ishlar, bu yo‘nalish bo‘yicha kelib tushgan 3586 ta murojaatlarning salmoqli qismi ijobiy hal etilganligini alohida qayd etdilar. Shu bilan birga, Inson huquqlari bo‘yicha vakilning qiynoq holatlarining oldini olish, inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha monitoring va huquqiy tahlil hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha faoliyatlarini ijobiy baholadilar.
Qizg‘in muhokamalar davomida deputatlar tomonidan bir qator savollar o‘rtaga tashlandi. Xususan, deputat Qodir Jo‘rayev chet ellarda, jumladan, Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimizning huquqlarini va ijtimoiy kafolatlarini ta’minlash, zarur hollarda ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlari o‘rtasida hamkorlik qay darajada yo‘lga qo‘yilgani bilan qiziqdi.
Eshmatova o‘z javobida Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) 2023-yilda Rossiyaga tashrif buyurib, u yerda yashayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashgani, ularning yashash sharoitlari va muammolari o‘rganganligini ma’lum qildi. Ikki davlat o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, murojaatlarni birgalikda ko‘rib chiqish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
Deputat Mavjuda Hasanova esa Ombudsman tomonidan 2023-yilgi “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida qanday ishlar amalga oshirilgani bilan qiziqib, hisobot yilida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar soni ortganiga izoh so‘radi.
Ombudsman tomonidan o‘tgan yilgi Davlat dasturi asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish, inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar ro‘yobga chiqarilgani, murojaatlar sonining oshgani esa fuqarolarning Ombudsman institutiga ishonchi ortib borayotganidan dalolat ekanligi qayd etildi.
Muhokamalar davomida Ombudsman faoliyatini yanada takomillashtirish, fuqarolarning yangi tahrirdagi Konstitutsiya va boshqa qonunlarda kafolatlangan huquqlari, erkinliklarini ta’minlash, ushbu sohada NNT, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, deputatlarning saylov okruglaridagi uchrashuvlari davomida fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan Ombudsmanning mintaqaviy vakillari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, Xalq qabulxonalari bilan doimiy ravishda birgalikda ish olib borish, murojaatlar eng ko‘p tushgan tumanlarda sektor rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etish, murojaatlarning sabablari bilan qiziqish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
- Qo'shildi: 12.02.2024
- Ko'rishlar: 2798
- Chop etish