Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya 85 foiz bajarildi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2023 yilda qanday ishlar amalga oshirildi? Bu savolga markaz axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev javob berdi:

– Markazimizning o‘tgan yilgi faoliyatida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar alohida o‘rin tutdi. Bunda fuqarolarning mazkur hujjat to‘g‘risidagi bilimlarini oshirish, yoshlar huquqlarini mustahkamlash ishlari katta ahamiyat kasb etdi. 

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi doirasida professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv va maxsus kurslari joriy qilindi. 

Imkoniyati cheklangan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha qo‘llanmalar va risolalarni doimiy ravishda chop etish yo‘lga qo‘yildi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim elektron platformasi ishga tushirildi. 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. 

2024 yil 5 yanvar holatiga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya 85 foiz bajarildi. 

2023 yilda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari bajarilishi bo‘yicha 4 ta milliy ma’ruza tayyorlanib, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga taqdim etildi. 

Bu borada, shuningdek, O‘zbekistonning 2 ta milliy harakatlar rejasi loyihalari ishlab chiqildi. Oliy Majlis palatalari tasdiqlagan 5 ta milliy harakatlar rejasining ijrosi ham izchil monitoring qilindi. 

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida qabul qilingan qonunlarning ijrosi monitoring qilindi. Hududlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tegishli davlat organlariga taqdim etib borildi. 

Milliy markazga jami 1 ming 430 murojaat kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich 2022 yildagi murojaatlarga qaraganda 9,9 foiz ko‘pdir. 

Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish organlariga 400 dan ortiq tavsiya taqdim etilgan. Ularning ko‘rib chiqilishi natijasida 25 murojaat yuzasidan fuqarolarning huquqlari tiklangan, 62 holatda fuqarolarga huquqlari tiklanishida va qonuniy manfaatlarining amalga oshishida amaliy ko‘maklashilgan. 129 holatda fuqarolar bilan qonunchilik hujjatlari talablari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirish ishlari olib borilgan. 

Milliy markaz qabulxonasida 500 nafardan ortiq fuqaro qabul qilindi. Telefon qo‘ng‘iroqlari orqali murojaat qilgan 2 ming 800 nafardan ziyod fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi. 

O‘tgan yili inson huquqlari sohasidagi 87 normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Milliy markaz tashabbusi bilan 3 ta qonun, Prezidentning 2 ta farmoni va 1 ta qarori loyihalari tayyorlandi. 

Davlat organlari xodimlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining inson huquqlari sohasidagi malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan o‘quv kurslarida 1050 nafar xodimning malakasi oshirildi. 

Milliy markaz vakillari Nyu-York, Jeneva, Berlin, Pekin, Jidda, Vena, Skope, Moskva, Sankt-Peterburg, Luanda, Almati, Ostona shaharlarida inson huquqlari mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan turli forumlarda qatnashdi. Milliy markazda 20 dan ortiq xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlar delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. 

2023 yil davomida 3 ta o‘quv-uslubiy nashr, 2 ta konferensiya materiallari va 11 ta xalqaro hujjatlar to‘plami, 7 ta monografiya va risola, 7 ta boshqa xil kitob nashrga tayyorlandi va chop etildi. 

Bundan tashqari, Milliy markazning davriy nashrlari – “Demokratlashtirish va inson huquqlari”, “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” jurnallari hamda Inson huquqlari uyiga qabul qilingan yangi adabiyotlar xabarnomasi nashr etib kelinmoqda. 

Yurtimizdagi axborot-kutubxona markazlari, maktab hamda bir qator oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga inson huquqlariga oid jami 2 ming 620 adabiyot va 650 huquqiy jurnal beg‘araz taqdim etildi. 

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech