11 fevral – Ilm-fan sohasidagi
xotin-qizlar xalqaro kuni
Mamlakatimizda 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. O‘tgan Bu sohada 13 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan bo‘lib, xususan, xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, birgina 2023 yilda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 262,2 ming nafar xotin-qizga 4,5 trillion so‘m miqdorida kredit, ishsiz va ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turuvchi 27 mingdan ziyod xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘zini o‘zi band qilish uchun 118,5 milliard so‘m subsidiya ajratilgan. Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash bo‘yicha 60 soatlik malaka oshirish kurslari tashkil etilib, unda 319 nafar xotin-qiz o‘qitilgan.
O‘z navbatida, 2024 yilda Gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. Unda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish, xotin-qizlarda ilmiy va startap g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb etish kabi masalalar qamrab olingani juda muhim.
Bunday oqilona yondashuv O‘zbekistonning milliy va xalqaro majburiyatlarini bajarishiga har tomonlama ko‘maklashishga xizmat qiladi. Binobarin, xalqaro hamjamiyat xotin-qizlarga – ilm-fan, ilm-fanga esa xotin-qizlar kerakligini muttasil ta’kidlab kelmoqda.
YuNESKO Bosh direktori Odre Azule 11 fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni munosabati bilan 2023 yili yo‘llagan murojaatnomasida ushbu g‘oyani yana bir bor qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Uning qayd etishicha, “bilimlar va iste’dodlarning barcha manbalaridan birdek foydalana olsak, o‘shandagina ilm-fanning salohiyatini to‘la namoyon etishga va yangi davr oldimizga qo‘ygan muhim maqsadlarga erishishga tom ma’noda musharraf bo‘lamiz”.
Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015 yil 22 dekabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq, 11 fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni deb e’lon qilingan. Ushbu xalqaro sana butun dunyoda ayollar va qizlarning ilm-fan bilan to‘laqonli shug‘ullanishlariga teng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish uchun ta’sis etilgan.
Shu munosabat bilan 2024 yil 9 fevral kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ayni sanaga bag‘ishlangan bayonotida ayollar va qizlarning ilm-fan yo‘lida yuksalishlariga tizimli g‘ov-to‘siqlar va turli johilliklar haligacha xalal berayotganiga e’tiborni qaratdi. Uning ta’kidlashicha, “Bu holat dunyomizni buyuk iste’dodlardan mahrum etmoqda”.
Bosh kotibning so‘zlariga qaraganda, ilm-fan sohasida gender tenglik butun insoniyatning farovon kelajagini barpo etish uchun nihoyatda zarur. Afsuski, bugungi kunda xotin-qizlar jahon ilmiy hamjamiyatining atigi uchdan bir qisminigina tashkil etmoqda. Bunday salbiy natija, jumladan, xotin-qizlarga ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun nihoyatda cheklangan imkoniyatlar berilayotgani, ularning ilmiy tadqiqotlarini nashr ettirishga juda oz moliyaviy mablag‘lar ajratilayotgani va yetakchi universitetlarning rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan ayollarning soni erkaklarga nisbatan ancha kam ekanligi kabi tashvishli omillar bilan bog‘liq.
Hozirgi vaqtda ilm-fanning sun’iy intellekt bilan bog‘liq eng ilg‘or sohalarida ishlayotgan mutaxassislarning beshtasidan faqat bittasi ayoldir. Ya’ni, ushbu sohadagi xotin-qizlar ulushi bor-yo‘g‘i 22 foizdan iborat.
Jahonda to‘rtinchi sanoat inqilobining muvaffaqiyatini ta’minlab beradigan aksariyat texnologiya sohalarida muayyan bilim va ko‘nikmaga ega mutaxassislar taqchilligi kuzatilayotgani sir emas. Shunga qaramay, xotin-qizlar oliy o‘quv yurtlarining muhandislik ixtisosligi bo‘yicha bitiruvchilari orasida atigi 28 foizni tashkil etsa, kompyuter va informatika fanlari yo‘nalishida bu ko‘rsatkich 40 foizga zo‘rg‘a yetmoqda.
Ilmiy izlanishlar olib borayotgan xotin-qizlar, odatda, istiqboli beqaror va oylik maoshi yuqori bo‘lmagan lavozimlarda ishlamoqda. Ularning tadqiqotlari mashhur jurnallar sahifalarida yetarli darajada yoritilmayapti va mehnatlari mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishida inobatga olinmayapti.
BMT Bosh kotibi bayonotida dunyoning ayrim mintaqalarida xotin-qizlarning ta’lim olishi o‘ta cheklanganligi yoki butunlay taqiqlanganligi ham tilga olindi. A.Guterrish qayd etganidek, “Bunday holat jamiyatning o‘z oyog‘iga o‘zi bolta urishi, qolaversa, inson huquqlariga noinsoflarcha xilof ish tutishidan boshqa narsa emas”.
Shu ma’noda, xotin-qizlarning barcha ilmiy va innovatsion kashfiyotlarda tengma-teng ishtirokini ta’minlash orqaligina sayyoramizda ilm-fan butun insoniyatga xizmat qilishiga erishishimiz mumkin. Bu o‘rinda, albatta, xotin-qizlarni iqlim o‘zgarishidan toki sog‘liqni saqlash va sun’iy intellekt sohalarigacha bo‘lgan jamiki ilmiy jarayonlarga faol jalb etish haqida so‘z bormoqda. A.Guterrish “Xotin-qizlarning ilm-fan bilan shug‘ullanishga haq va huquqlari bor”, dedi o‘z bayonoti yakunida.
Binobarin, BMT Bosh kotibi 2023 yil 10 fevral kuni bergan bayonotida ham ilm-fan sohasida xotin-qizlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, bundan ilm-fan shunchalik ko‘p yutishini ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Ayollar va qizlar ilmiy tadqiqot faoliyatiga xilma-xillik olib kiradi, ilm-fan asosiy kasbi bo‘lgan fidoyilar safini kengaytiradi va ilmiy-texnikaviy sohani yangicha qarashlar hisobiga boyitadi”.
BMT Bosh kotibi xotin-qizlarning ilm-fanga bo‘lgan huquqini qat’iy turib himoya qilishga, bu yo‘ldagi har qanday qotib qolgan yondashuvlar, eskicha qarashlar va turli g‘ov-to‘siqlarga barham berishga da’vat etdi. A.Guterrish ta’biri bilan aytganda, “Biz barchamiz sinfxonalar, laboratoriyalar va kabinetlarni xotin-qizlar orasidan yetishib chiqqan olimalar bilan to‘ldirish evaziga – dunyomizda mavjud bo‘lgan, lekin shu paytgacha foydalanilmay kelayotgan beqiyos iste’dodlarga qanot bag‘ishlash uchun o‘z munosib ulushimizni qo‘shgan bo‘lamiz”.
Haqiqatan ham, YuNESKOning 2023 yildagi ma’ruzasida ham ta’kidlanganidek, bugungi kunda xotin-qizlar dunyodagi olimlar sonining atigi uchdan bir qismini tashkil etmoqda. YuNESKO Statistika instituti ma’lumotlariga qaraganda, oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talabalarning 35 foizigina ilm-fan, texnika-texnologiyalar, muhandislik va matematika sohalari bo‘yicha tahsil olayotgan xotin-qizlardan iborat.
XXI asrda yashayotganimizga qaramay, hatto hozirgi kunda ham ilm-fan bilan bog‘liq sohalarda xotin-qizlarning chetda qolayotgani ochiq-oydin kuzatilmoqda. Dunyo jamiyatlarining qon-qoniga singib ketgan bunday gender notenglik illatlari, ayniqsa, iqtidorli va yuksak salohiyatli qizlar ko‘pincha o‘zlarini ilm-fan sohalaridan chetga olishlariga to‘g‘ri kelayotgani misolida sezilib qolmoqda.
Binobarin, xotin-qizlarning ilm-fanning barcha sohalarida o‘z munosib o‘rni bor. Ular ilmiy taraqqiyot jarayonlarida faol ishtirok etish huquqiga ega. Buni ayollar va qizlar chuqur anglab yetishlari kerak.
Shuning uchun YuNESKO sayyoramizda ilm-fan bilan shug‘ullanadigan xotin-qizlar safini kengaytirish yo‘lida izchil ish olib bormoqda. Bu borada 2021 yilda YuNESKOning Ochiq ilm-fan bo‘yicha tavsiyalari barcha a’zo-davlatlar tomonidan qabul qilingani katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ammo, hozircha jahonda, ayniqsa, sanoati rivojlangan mamlakatlardagi ilm-fan sohasida erkaklarning son jihatdan ustunligi odatiy hol hisoblanadi. Shu ma’noda, dunyo hamjamiyatining keyingi yillarda ilm-fan sohasida gender tenglikka erishish yo‘li bilan "raqamli inqilob" samaralaridan ayollar va erkaklar teng foydalanishini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratayotgani juda muhim.
Yana bir muammo shuki, xotin-qizlar zamonaviy texnologiyalarga taalluqli sohalarda ishlasa-da, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilib borishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda. Masalan, kimdir homilador bo‘lgani uchun ta’tilga chiqib ketsa, yana kimdir rahbariyatning noxolis muomala-munosabatidan aziyat chekadi.
Keyingi yillarda korporativ dunyoda xotin-qizlarga nisbatan munosabat bir qadar o‘zgarayotgani kuzatilmoqda. Binobarin, ishchi kuchini diversifikatsiya qilish – daromadni oshirishning qulay yo‘li ekanini aksariyat kompaniyalar yetakchilari tushunib yetmoqda.
Biroq xotin-qizlarning ilm-fan sohasida jadal sur’atlarda ilgarilashi yo‘lida hali-beri to‘siqlar bisyor. Shunday g‘ovlardan biri – zarur darajada ta’lim olish imkoniyatining cheklanganligidir.
YuNESKO ekspertlarining fikricha, xotin-qizlar raqamli iqtisodiyotning uzviy bir qismiga aylanishlari darkor. Toki, To‘rtinchi industrial inqilobda gender tengsizlik kabi nomaqbul an’anaga o‘rin qolmasin.
Ilm-fan sohasida jinsiy mansublik bilan bog‘liq kamsitishlarga qarshi kurashning muhim choralaridan biri – bu olimalarga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda, tegishli ma’lumotlar bazasini yaratishdir. Hozirda ushbu ma’lumotlar ustida ishlayotgan tashkilot o‘z tarkibida 500 nafar olimani jamlagan. Ular, bir tomondan, xotin-qizlarga ta’lim olish va ishga joylashishda ko‘maklashayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, muayyan natijaga erishganlarni rag‘batlantirish bilan izchil shug‘ullanmoqda.
Afsuski, xotin-qizlar ilm-fanda va kompyuter, informatika, texnologiyalar sohalarida haligacha yetarli darajadagi mavqega ega emas. Bu holatni ayollarning “ojiza”ligi yoki bola-chaqa va ro‘zg‘or tashvishlariga o‘ralashib qolishi kabi omillar bilan bog‘lab talqin qiladiganlar uchun hayotiy bir misol keltiramiz.
Astronomiya sohasining erkak mutaxassislari e’tirofiga qaraganda, o‘ta kuchli sabr-toqatni talab qiladigan ushbu fan mayda ishlarga juda puxta bo‘lgan xotin-qizlarning ilmiy izlanishlari natijador bo‘lishi uchun ayni muddao ekan. Shu nuqtai nazardan, astronomiyaga oid ba’zi katta kashfiyotlar boshida aynan ayollar turgani bejiz emas.
Masalan, birinchidan, galaktikalar ichida noma’lum, qorong‘i modda aniqlangan. Ana o‘sha qorong‘i moddani 1970 yillarda Vera Rubin aniqlagan. Bu amerikalik ayol yosh bolasi borligi uchun yarim stavkada ishlagani holda, shunday olamshumul kashfiyot qilishga muvaffaq bo‘lgan.
Ikkinchidan, yana bir amerikalik ayol – Andreya Mia Gez astronomiya sohasida Nobel mukofotini olgan. Somon yo‘li galaktikasi markazida joylashgan 4 million quyosh massasiga teng o‘ta og‘ir qora o‘ra mavjudligini aniqlagani uchun Andreya Gez ushbu nufuzli mukofotga sazovor bo‘lgan.
Uchinchidan, neytron yulduzlari ilk bor angliyalik ayol olima Joselin Bell tomonidan 1967 yilda topilgan. Demak, ayollar olamshumul kashfiyotlar qilishlari uchun ularga jinsiy mansubligi, oilali ekani yoki farzand tarbiyasi bilan bandligi kabi holatlar, aslida, xalal bermaydi.
Darvoqe, yurtimizda astronom olimalar bormi? O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti Nazariy astrofizika bo‘limi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor Bobomurod Ahmedov O‘zA muxbiri bilan suhbatida ushbu savolga javob berar ekan:
“Ayol shogirdlarim juda ko‘p. Afsuski, ularning ko‘plari xorijlik olimlar bilan chet el universitetlarida faol ishlab kelmoqda. Viktoriya Morozova mening rahbarligimda 2010 yilda 23 yoshida falsafa doktori ilmiy darajaga ega bo‘ldi va Germaniyaga xizmat safariga borib o‘sha yerda iqtidorli olim Davide Radiche ismli yigitga turmushga chiqib, hozirda Pensilvaniya universitetida ishlamoqda. Valeriya Kagramanova ham Germaniyada dissertatsiyasini himoya qildi. Madina Boboqambarova boliviyalik kursdoshi bilan oila qurib, o‘sha yerda faoliyat yuritmoqda. Yana bitta shogirdim Malika Xudoyberdiyeva hozir O‘zbekiston Milliy universitetda doktoranturani tugatdi. Dissertatsiyasi deyarli tayyor. Bir-ikki oy ichida yoqlaydi”, deb qayd etgan[1].
Shu o‘rinda mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani natijasida oilaga, ayol zotiga bo‘lgan munosabat tobora yuksalib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish hayotimizning ma’no-mazmuniga, asosiy maqsadiga aylanganiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir. Bugun O‘zbekiston ayollari turli jabhalarda o‘z o‘rni va munosib mavqeiga ega bo‘lib bormoqda.
Bularning barchasi so‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish borasidagi tizimli ishlarning samaralaridir. Ayni sohadagi ishlar, xususan:
- ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
- ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini mukammallashtirish;
- aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish;
- huquqni qo‘llash amaliyotida ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy normalar asosida o‘qitish kabi muhim yo‘nalishlarda olib borilmoqda.
Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash alohida e’tibor markazida turibdi. Shu maqsadda «Ayollar daftari» tizimi joriy etilib, Davlat byudjetidan har yili 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratib borish yo‘lga qo‘yildi.
Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning o‘qish to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravarga ortdi.
Prezidentimizning 2022 yilda qabul qilingan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur hamda Milliy dasturni 2022-2023 yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangandi. Mazkur hujjatlar to‘plami bilan xotin-qizlar ta’limi, ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun bir qator yangiliklar joriy etildi.
Birinchidan, oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan, sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlari ajratilmoqda.
Ikkinchidan, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida Davlat byudjetidan har yili kamida 200 milliard so‘m moliyalashtirilmoqda.
Uchinchidan, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha – 50 nafar, magistratura ta’lim dasturlari bo‘yicha — 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratilishi yo‘lga qo‘yildi.
To‘rtinchidan, 2 mingdan ortiq ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplab boriladigan bo‘ldi.
Beshinchidan, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarni har yili Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomalariga asosan davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti joriy etildi.
Davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratilishi mamlakatimizda ilm bilan shug‘ullanadigan ayollar safi kengayishiga xizmat qilmoqda.
Hozirgi kunda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni bir million nafardan oshib, shundan xotin-qizlar ulushi 47,8 foizni tashkil etmoqda. Bu boradagi ko‘rsatkich yildan-yilga o‘sib borayotgani quvonarlidir.
Bir vaqtlar oliy ma’lumotli ekanligini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagani sababli tajribali, bilim va malakali ayol xodimlarni ishdan chetlashtirish holatlari tez-tez kuzatilardi. Endilikda esa, bu muammoning yechimi topilgan.
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega, biroq oliy ma’lumoti bo‘lmagan opa-singillarimiz Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasiga asosan davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘lov kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinmoqda. 2022/2023 o‘quv yilida bu imkoniyatdan 507 nafar xotin-qizlar foydalanishga muvaffaq bo‘ldi.
Yana bir muhim ma’lumot: O‘zbekistonda magistratura qishki qabulida o‘qishga kirgan xotin-qizlarning kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab beriladi. Prezident farmoni va hukumat qaroriga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplab berilishi belgilangan. Bu tartib, shuningdek, magistratura qishki qabulida to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilngan xotin-qizlarga ham birdek amal qiladi.
Mamlakatimizda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ilmiy darajasi bor xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab quvvatlash, nufuzli ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy maktablar yaratishga qaratilgan kompleks choralar ko‘rildi, bu boradagi milliy qonunchilik zamon talablari asosida takomillashtirildi. Xususan, 2019 yilda “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi oliy o‘quv yurti tahsilidan keyingi ta’lim tizimini takomillashtirishda muhim huquqiy asos sifatida xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi shu kabi qonun, yanada aniq qilib aytganda, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish borasida qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlashda, xususan, xotin-qizlarni ilm-fan sohasiga yanada keng jalb etishda ulkan omil bo‘lmoqda.
Mamlakatimizda, 20923 yil yanvar holatiga, fan doktorlarining soni 700 dan ortiq, fan sohasida izlanish olib borayotgan ayollar soni 5 mingdan ziyod, oliy ta’lim yurtlarida dars berayotgan xotin-qizlar soni 14 mingdan oshadi.
Fanlar akademiyasi tizimida ishlayotgan 4 ming 760 nafar xizmatchining 40 foizini, ya’ni 1 ming 905 nafarini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Yurtimizda ilmiy izlanishlar bilan mashg‘ul 2 ming 146 nafar tadqiqotchidan 695 nafarini ham ayollar tashkil etishi quvonarlidir.
O‘zbekistonda olima ayollarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar uchun ilm-fan bilan shug‘ullanishlari borasida yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z borganda, shuningdek, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini qayd etish mumkin. Ushbu muassasa tomonidan xotin-qizlarni fan sohasiga yanada keng jalb etish, olima ayollar safini kengaytirish, ular faoliyatini rivojlantirish, gender tengligini ta’minlash bo‘yicha izchil ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 7 fevraldagi Farmoni bilan “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda axborot texnologiyalari yo‘nalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli xotin-qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanadi.
Bularning barchasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xotin-qizlarimiz alohida o‘rin tutishini yaqqol anglatib turibdi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Meni kishilarimizning ongida paydo bo‘lgan stereotip ko‘p o‘ylantiradi. Odatda biz ayolni avvalambor ona, oila qo‘rg‘onining qo‘riqchisi sifatida hurmat qilamiz. Bu, shubhasiz, to‘g‘ri. Ammo bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak”.
Xulosa qilib aytganda, keyingi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishiga erishish, gender tenglik va reproduktiv salomatlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatini jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda. Bu borada qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz BMT, Xalqaro mehnat tashkiloti, YuNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholanmoqda.
Xususan, yaqinda mamlakatimizga tashrif buyurgan USAIDning gender tenglik hamda xotin-qizlar huquqi va imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha bosh muvofiqlashtiruvchisi Jamila Bigio ham sohadagi holat bilan atroflicha tanishdi. Nufuzli xorijiy ekspertning e’tirof etishicha, “Hukumat mamlakat bo‘ylab ayollar va qizlarning jamiyat hayotida to‘liq ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratadigan qonunlar qabul qilgani juda muhim va e’tiborga loyiq”.
G‘ulom MIRZO
[1] Қаранг: https://uza.uz/uz/posts/ozbekistonda-astronom-olimlar-yuqori-maosh-olayotgani-rostmi_446779
- Qo'shildi: 12.02.2024
- Ko'rishlar: 3360
- Chop etish