14-fevral – Zahiriddin Muhammad Bobur
tavallud topgan kun
«Bobur – dilbar shaxs. Uyg‘onish davri hukmdorining haqiqiy namunasidir. U mard va tadbirkor odam bo‘lgan.
Bobur o‘ta madaniyatli va jozibali insonlar orasida eng yetuk insonlardan biri edi. Bobur san’at va, ayniqsa, adabiyotni sevardi».
Javohirla’l Neru
O‘zbek mumtoz adabiyotining yorqin siymolaridan biri Zahiriddin Muhammad Boburning ijodi dunyo bo‘ylab keng tarqalgan. Ulug‘ shoh va shoir ajdodimizning mashhur «Boburnoma» (yoki «Voqeoti Boburiy», «Vaqoe’»...) asari Movarounnahr, Xuroson, Hindiston, Eron xalqlarining XV asr oxiri – XVI asrning birinchi yarmidagi tarixini o‘zida aks ettirgan.
«Boburnoma» necha asrlardan buyon muhtasham tarixiy va adabiy meros sifatida dunyo olimlarini hayratda qoldirib kelayotgani bejiz emas. Chunki u juda ko‘p dolzarb iqtisodiy, ijtimoiy masalalar, Farg‘ona viloyati, Andijon shahri, Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa yirik shaharlari – Samarqand, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz, O‘sh, Urganch, O‘ratepa, Termiz, shuningdek, Qobul, G‘azna va ular ixtiyoridagi ko‘pdan-ko‘p tumanlar, viloyatlar, Shimoliy Hindiston singari yurtlarning o‘zaro siyosiy-iqtisodiy va savdo munosabatlari, jo‘g‘rofiy mavqei, iqlimi, o‘simlik va hayvonot dunyosi, xalqlari, ularning yashash sharoitlari, muhim tarixiy inshootlari – hindlar va musulmonlar ibodatxonalari, to‘y va marosimlari haqida nihoyatda nodir ma’lumotlarni o‘ziga qamrab olgan shoh asardir.
Zahiriddin Boburning tarixiy, ilmiy, adabiy merosini o‘rganish hamda ommalashtirishda nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, O‘zbekiston, balki butun dunyo olimlari va adiblarining samarali ilmiy-ijodiy faoliyati diqqatga sazovordir. Bu boradagi izchil sa’y-harakatlar tufayli birgina «Boburnoma» asari jahonning turli mamlakatlarida ko‘plab tillarga tarjima qilindi va chop etildi. Muhimi, bu nashrlarga salmoqli so‘zboshilar yozildi, mazmundor izohlar va ilovalar havola qilindi, bir so‘z bilan aytganda, keng kitobxonlar ommasining ma’naviy mulkiga aylantirildi.
Shu o‘rinda 1996 - yilda boburshunoslik sohasi mutlaqo yangi bir ilmiy adabiyot hisobiga boyigani ta’kidlash lozim. Bu manba – yurtimizning taniqli olimi G‘aybulloh as-Salom va Ustozning sadoqatli shogirdi Ne’matulloh Otajon qalamiga mansub «Jahongashta «Boburnoma» monografiyasidir.
Ushbu monografiyani o‘z davri uchun eng yangi ilmiy tadqiqot deb baholashimizning sababi nimada? Balki mazkur monografiya mualliflari – G‘aybulloh as-Salom va Ne’matulloh Otajon boburshunoslik, «Boburnoma»shunoslik jabhasida yangi nomlardir?
Albatta, bunday emas. Bu xususda mualliflarning o‘zlariga murojaat qilaylik.
«Rosa chorak asr bo‘libdiki, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Toshkent dorilfununining tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasida «Vaqoe’» hamda uning turli tillarga qilingan tarjimalari o‘rganilmoqda, – deb yozgan monografiyaning xulosa qismida professor G‘aybulloh as-Salom. – Kamina miskinning ilmiy rahnamoligimda asarning ingliz, olmon, fransuz, turk, rus tillariga qilingan tarjimalarini astoydil o‘rganishga kirishilgan edi. O‘tgan davr orasida ruscha tarjimalarni shogirdlarim Lola Xo‘jayeva, olmoncha tarjimalarni – G‘ulom Xo‘jayev, fransuzcha tarjimalarni – Fotima Salimova, inglizcha tarjimalarni – Sayyora Shukrullayevalar tadqiq qilib, nomzodlik risolalarini yoqlagan. Ular orasida ikki ish: Leyden – Erskin bilan Anetta Beverj xonimning ingliz tiliga qilingan boy tarjimalari tahlili yuzasidan Ne’matulloh Otajon o‘zining nomzodlik va doktorlik ilmiy risolalarshi yoqladi, bu orada professorlik unvonini ham xatm qildi. Bu «Boburnoma» tarjimachiligi tarixi va tahlili yuzasidan olib borilgan ilmiy izlanishlar sohasida «g‘alvirni suvdan ko‘tarish» pallasi kelganini ko‘rsatadi».
Ayon bo‘lyaptiki, «Jahongashta «Boburnoma» uzoq yillik ijodiy mehnat samarasi ekan. Domlaning iborasozliklarini davom etgiradigan bo‘lsak, ushbu risola «g‘alvir»da saralanib qolgan to‘q mag‘izli fikrlar majmuidir. Bungacha, ya’ni monografiya yaratilishiga qadar esa, «Boburnoma»dek mahobatli asarning benihoya boy tarjimalari tadqiqini professor G‘aybulloh as-Salom shogirdlari tomonidan mamlakatimizda hamda xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlarning kun tartibiga kiritishga muvaffaq bo‘lingan. Jumladan, O‘zFAning Bobur tavalludining 510 yilligiga bag‘ashlangan ilmiy sessiyasida, shuningdek, Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti va AQShning Prinston universitetida Domlaning shogirdlari ayni mavzuda ma’ruzalar qilgan.
Endi «Jahongashta «Boburnoma» monografiyasini boburshunoslikda yangi ilmiy tadqiqot sifatida baholashimiz sabablariga kelsak, ular quyidagilar:
Avvalo, monografiya mustaqillik yillarida yaratilgan va tadqiqot manbaiga yangi davr talabiga mos ravishda yuksak milliy ma’naviyat ila yondashilgan, muqaddas istiqlol ruhi bilan sug‘orilgan zalvorli ilmiy tadqiqot hisoblanadi. Asar zamonaviyligi bilan jahon talablariga to‘la mos keladigan ilmiy adabiyot sifatida juda qimmatlidir.
Mazkur asarda birinchi marta «Boburnoma»ning ingliz, turk, rus, qisman fransuz va fors tillariga qilingan tarjimalari adabiy-qiyosiy, tarixiy-uslubiy andozalar asosida o‘rganilgan. Ilk bor mavjud mukammal tarjimalar asosida (Anetta Susanna Beverij) asl nusxaning kemtik qismlarini to‘ldirish, kemtik va sayyor syujetlarning yuzaga kelishi, matn va tarjima vobastaligi, munshaot uslubi va tarjimasi, tarjimada ilmiy-badiiy sintezlashuv hodisasi kabi bahslar ilmiy istifodaga kiritilgan.
Monografiyada jahon boburshunosligida birinchi marotaba «Boburnoma» kabi adabiy-tarixiy, jug‘rofiy-etnografik qomusiy obidaning to‘rtta inglizcha tarjimasi baqamti holda tahlil etilgan. Xorijiy ilmiy-tadqiqot manbalarining Mirzo Bobur ijodiga, uning shaxsiga bergan baholari, «Boburnoma»ni Yevropa muhitida idrok etish, anglash va qabul qilish tadrijiyoti, tarjimaviy uzviylik, davomiylik va vorisiylik jarayoni ilk daf’a yirik monografiya sahifalarida tadqiq qilingan.
Kitobda ilk marta «Boburnoma»ning yangi tarjimalari yuzaga kelipsh sabablarini ochishga qo‘l urilgan. Tarjimalar tarixi, ularning bir-biridan farqi, «Boburnoma» ustida olib borilgan ilmiy ishlar bilan badiiy asarlarni solishtirib tahlil qilish imkoniyatlari ochib berilgan.
Yana bir muhim xususiyat: kitobda murakkab nazariy masalalar barcha ixtisos kishilarini o‘ziga jalb etadigan maroqli uslubda bitilgan. Xususan, ilmiy-adabiy tahlilda geometrik chizmalar, arifmetik ishora va amallarning ishlatilishi tadqiq etilgan muayyan masalani tushunishni osonlashtirishi barobarida, monografiya tiliga yangicha ruh, rang-baranglik bag‘ishlagan.
Shu ma’noda, «Jahongashta «Boburnoma» deb nomlangan ushbu salmoqli ilmiy-tadqiqot asarida buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur siymosi ajib bir xassoslik, sharqona chechanlik va ayni paytda, mutlaqo aniqlik va rostgo‘ylik, ta’bir joiz bo‘lsa, tarixiy-badiiy adabiyotlarda ham uchramaydigan ajib bir alfozda tasvirlangani tahsinga loyiqdir.
Masalan, monografiyaning “Iftixor va hamd yoki shafqatsiz haqiqat” bo‘limida «Bobur singari insonlar faqat muayyan bir iqlim yoki hudud namoyandasi emas, balki umumbashariy siymolar qatoridan o‘rin oladi», deya Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiga nisbatan bildirilgan yuksak, ayni chog‘da juda munosib bahoni o‘qiymiz.
Boshqa bir o‘rinda esa «Boburnoma» dek chinakkam hayratangiz asar muallifi xususida: «...Andijondan to Bengaliyagacha cho‘zilib ketgan necha minglab chaqirim tuproqni, tog‘u toshu, sahroyu cho‘llarni, quruqlik va suvlarni goh otliq, gohi piyoda odimlab o‘tgan, qo‘lida qilichu shamshiri bilan urho-ur, surho-sur kurashgan fotih, yenggan va yengilgan tadbirkor sarkarda yozgan bu xotiralarni. Yozganda ham faqat «Voqeanoma» emas, har biri dard bilan sug‘orilgan benihoya purmazmun va go‘zal she’rlar, diniy va dunyoviy risolalar, ajoyib-g‘aroyib tarjimalar ham yaratgan ulkan bir mutafakkir yozgan. O‘ziga Tangri ato etgan bor-yo‘g‘i 47 yilu 10 oy ichida shundoq mahobatli bir meros qoldirgan», deya lutf qilinadi.
Sahifama-sahifa «Jahongashta «Boburnoma»ga ichkarilab borilgani sari kitobda nafaqat «Boburnoma», uning turli-tuman tarjimalarining ham tadqiqi va tahlili chuqurlashib, mukammallashib borayotganini, balki risolada Zahiriddin Bobur siymosi xam qiyomiga yetib shakllanayotganini ich-ichdan sezish mumkin. «Uni Yuliy Sezarga mengzaydilar. Yo‘q, agar u kimgadir birovga o‘xshasa, o‘ziga o‘xshamaydi. Insonlar har xil bo‘lgan. Birov davlatmand, birov mulkdor, birov shahanshoh, kimlardir mutafakkir olim, benazir shoir, qilni qirq yoruvchi hunarmand. Ammo barcha shunday sifatlarning bir shaxsda jamuljam bo‘lishi xudo yorlaqagan insonga nasib etadi. Ana o‘sha Olloh alqagan inson Bobur Arslon edi». Zahiriddin Boburga xosu mos bu yanglig‘ asl va otashin ta’rif shu paytga qadar yaratilgan birorta badiiy asarda va turgan gapki, ilmiy tadqiqotlarda ham mavjud emas.
Monografiyada «Boburnoma»ning qo‘lyozmalari, nashr va tarjimalari xususida ham xuddi shu qabilidagi «tesha tegmagan», boshqa manbalarda uchramaydigan ma’lumotlar bisyor.
Bundan tashqari «Jahongashta «Boburnoma»da Zahiriddin Bobur qalamiga mansub bu shohona asarning turli-tuman tillarga qilingan tarjimalari yigirmadan ziyod nom ostida bosib chiqarilgani qayd etilgan va ularning aksariyati sanab o‘tilgan. Shuningdek, muallif nomining yozilishida ham xilma-xilliklar ko‘p uchrar ekan. Babar – Baber – Bobir – Bobur...
Ma’lumki, «Boburnoma» Zahiriddin Boburning o‘n ikki yoshida podsho bo‘lgani, qadrdon Farg‘ona viloyatining ta’rif-tavsifi bilan boshlanadi. Viloyat poytaxti Andijonni Zahiriddin Muhammad Bobur mehr bilan ta’riflaydi. Jumladan, «Eli turkdur, – deb yozadi u. – Shahr va bozorisida turkiy bilmas kishi yo‘qtur. Elining lafzi qalam bila rostdur. Ani uchunkim, Mir Alisher Navoiyning masannafoti bovujudkim Hiriyda nash’u namo topibdur, bu til biladur».
Bundan o‘sha davrdagi Andijon ahodisining jonli tili adabiy til bilan bir ekani, hazrat Alisher Navoiy Hirotda shu til bilan shuhrat qozongani ayon bo‘ladi. Zahiriddin Boburning turkiyni, ya’ni o‘zbek tilini puxta bilgani, o‘z ijodi bilan uni targ‘ib etgani ham ana shundan. «Boburnoma»ning davomida Mir Alisher Navoiy siymosi Zahiriddin Bobur qalamiga xos ixlos va rostgo‘ylik mujassamligida yanada aniq va ravshan ifoda etilganiga guvoh bo‘lamiz.
«Jahongashta «Boburnoma» mualliflari monografiyaning «Matn va tarjima» bobida «Boburnoma»ning asliyati bilan turli tillardagi tarjimalarini taqqoslar ekan, dastavval ana shu mo‘tabar zot – hazrat Alisher Navoiy siymosi Zahiriddin Bobur asarining jahonda eng ko‘p tarqalgan nashrlarida qay taxlit o‘girilganiga e’tibor qaratgan. Va bu o‘rinda nihoyatda turli-tuman talqinlar va chalkashliklarga yo‘l qo‘yilgani ishonarli tahlillar yordamida ko‘rsatib berilgan.
Mualliflar e’tiroficha. aynan G‘arb boburshunosligi sa’y-harakati tufayli diyorimizda, hatto eng tarixiy badbin va turg‘unlik yillarida ham «Boburnoma»dek olamshumul qimmatli manbaga bir qadar e’tibor berildi. Ya’ni, bunda “ulug‘ davlatchilik” da’volari, ashaddiy manqurtizm falsafasi birmuncha izn berishga majbur bo‘ldi.
Shuning barobarida, mualliflar talay g‘arb sharqshunos olimlari Alisher Navoiy ijodiga bir qadar nopisandlikka o‘xshab ketadigan maqomda munosabat bildirganidan behad tashvishlanadi. Xususan, ular amerikalik adib Harold Lemb, angliyalik olim R.Kaldekott, tarjimon F.Talbot tarjimalarining «qusur»li joylaridan parchalar keltirib, ularning asliyatdagi matndan nechog‘lik yiroqlashib ketganliklari va oqibatda Alisherbekning qiyofasi chala, xira bo‘lib qolgani haqida kuyunchaklik bilan fikr yuritadilar.
Mualliflar, jumladan, bunday yozadilar: «G‘arb Navoiyni uning o‘z asari orqali bilmaydi. Binobarin, bu singari har xil «uzunquloq» gaplarga laqqa ishonadi. Ingliz o‘quvchisi yana bilmaydiki, Bobur xotiralarida Alisher Navoiyning qiyofasi qandoq bo‘lsa, shundoqligicha, xolisona chizilgan. H.Lemb talqinida esa bu chala va bir yoqlama chiqib qolgan».
Zahiriddin Muhammad Bobur 47 yillik umrining 36 yilida davlat arbobi bo‘lib turgan. Demak, «Vaqoe’»ning asl nusxasi va ko‘chirilgan qo‘lyozmalarida ana shu 36 yil mobaynida sodir bo‘lgan voqealar aks etishi kerak edi. Lekin shunisi achinarliki, hamma yillarning voqealari kitobda o‘z ifodasini topmagan. Gap shundaki, oradagi voqealarning qisman, ayrim holatlarda to‘la yetishmasligi tufayli 18 yilga yaqin voqealar bayoni o‘z ifodasini topmagan. Buning natijasida voqealar xronologak jihatdan kemtikroq bo‘lib qolgan.
«Jahongashga «Boburnoma» mualliflari ham aksariyat nashrlarda 910 hijriy yil voqealari, 915 - yildan – 924 - yilgacha, 927 - yildan – 932 - yilgacha bo‘lgan voqealar va 936-937 - yillardagi voqealarning bayoni qisqa berilgani yoki umuman aks etmaganini ta’kidlaydi.
Anetta Beverij xonim shu uzilishlar davomida bo‘lib o‘tgan voqealarni tiklashda tarix, etnografiyaga oid 30 dan ortiq hayvonot va o‘simliklar olamiga oid 20 ga yaqin, 15 dan ortiq ishonchli lug‘at va boshqa noyob manbalarni hamda Boburning harbiy yurishlarini aks ettiruvchi xaritani chizishda 20 ga yaqin ishonchli jo‘g‘rofiy manbalarni o‘rganib chiqib, asarni matniy va mantiqiy dalillash tomonidan yaxlitligini ta’minlashga erishgan ekan.
«Bunday ishni o‘zimiz ham besh asr kechikib bo‘lsa-da, boshlashimiz zarur», deb uqtiradi «Jahongashga «Boburnoma» mualliflari. Ular shu maqsadda «Boburnoma»dagi muayyan yillar voqealarida tushib qolgan joylarini to‘ldirishga qo‘l keladigan bir talay tarixiy manbalarni tavsiya etadilar.
Monografiyada shunday manbalardan Haydar Mirzoning «Tarixi Rashidiy», Abulfazlning «Akbarnoma» va Gulbadan Begimning «Humoyunnoma» asarlari, Nizomiddin Ahmadning «Tabaqoti Akbariy» risolasi, Ahmad Yodgorning «Tarixi salotini Afg‘on», shuningdek, Muhammad Qosim Hindi Shoh Farishtaning «Hindiston tarixi», Muhammad Hofixonning «Temurning Hindistondagi sulolasi», Mirxondning «Ravzatus-safo» kabi qo‘lyozmalariga atroflicha ta’rif beriladi.
Xulosa qilib aytganda, ma’rifatli dunyo necha yuz yillardan buyon «Boburnoma»ni tarjima hamda tadqiq etish bilan mashg‘ul. Taniqli olimlar G‘aybulloh as-Salom va Ne’matulloh Otajonning «Jahongashta «Boburnoma» monografiyasi bu yo‘lda yanga bir odim bo‘lgani shubhasiz.
G‘ulom MIRZO
(“Ma’rifat” gazetasi, 1997 - yil 28 - iyun )
- Qo'shildi: 14.02.2024
- Ko'rishlar: 5390
- Chop etish