KITOBDAN SOZ SOVG‘A BORMI?!

14 - fevral – Xalqaro kitob ulashish kuni

 

Xalqaro kitob ulashish kuni (International Book Giving Day) – kitob o‘qishni, kitoblar sovg‘a qilishni va shu asnoda o‘zgalarga ham ezgulik sog‘inishni va ma’rifat ulashishni yaxshi ko‘radigan barcha insonlarni o‘zaro birlashtiradigan ushbu sana joriy yilda 12-marta nishonlanmoqda. Binobarin, bu muhim kunni bayram qiladiganlar ko‘lami izchil ortib bormoqda.

O‘tgan yilgi ma’lumotga qaraganda, ayni sana dunyoning 40 dan ortiq mamlakatida nishonlangan. Xalqaro kitob ulashish kuni munosabati bilan insonlar do‘stu yaqinlari, qarindoshu begonalarga kitoblar tuhfa etadi. Odatda, bunday noyob sovg‘alardan kutubxonalar, bolalar uylari, maktablar va boshqa ta’lim muassasalari ham bebahra qolmaydi.

Yangi sana bo‘lgani uchun uning kelib chiqish tarixi ancha navqiron. BMT ta’sis etgan yirik xalqaro sanalar yoki davlatlar tasdiqlagan milliy bayramlar, diniy ayyomlar va turli kasb kunlaridan farqli ravishda Xalqaro kitob ulashish kunini bayram qilish tashabbusi 2012 - yilda oddiygina bir inson – amerikalik fuqaro Emmi Brodmur tomonidan ilgari surilgan.

AQShda bolalar kitoblari bo‘yicha saytga asos solgan E.Brodmur uch nafar farzandning onasi bo‘lib, bir kuni bolalari undan: “Nima uchun dunyoda insonlar bir-biriga kitob hadya etadigan alohida bayram mavjud emas?”, deb so‘rab qolishadi. Shu o‘rinli savol zamiridagi uyg‘oq g‘oya, o‘z navbatida, yorqin tashabbusga aylanadi va nihoyat amaliyotga ko‘chadi.

Emmi xonim o‘ziga yaxshi tanish blogerlar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, hamkasb va hamkorlari bilan kengashib, 2012 - yil 14 - fevraldan e’tiboran “Xalqaro kitob ulashish kuni”ni nishonlashga kirishadi. Shuning uchun dunyoning turli mamlakatlarida kitobsevar insonlar, noshirlar, kitob do‘konlari egalari, xayriya fondlari va ijtimoiy tashkilotlar qo‘llab-quvvatlayotgan mazkur sanada avvalo bolajonlarga kitoblar hadya etilishi xayrli an’anaga aylangan.

Ushbu ma’rifat bayramining ulug‘ shoh va shoir ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kunga to‘g‘ri kelganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero, Mirzo Boburning birgina “Boburnoma” kitobiyoq jahon ma’rifat ahlining necha-necha avlodlari uchun muhtasham va noyob tuhfadir.

O‘zbek tilida: “Qat-qat qatlama – aqling bo‘lsa, hatlama” degan purhikmat maqol-topishmoq ko‘p qo‘llaniladi. Bu o‘rinda “qatlama” nonning bir turi bo‘lib, ayni timsol yordamida kitob nonga tenglashtirilgan. Ya’ni, xalqimiz aziz mehmoniga dasturxon tuzaganidek, qadrli insonlarini kitob bilan siylashni ham aslo unutmaydi.

Yurtdoshlarimiz tug‘ilgan kun va boshqa bayramlarda bir-birlariga turfa kitoblar hadya qiladi. Hatto kelinlar sarpolarida ham kitoblarga tobora keng joy berilmoqda. Olimu ijodkorlarimiz muxlislariga doim yangi asarlarini taqdim etib borayapti.

Bu borada men xabardor bo‘lgan ikkita e’tirofli dalil: O‘zbekiston Qahramoni, taniqli navoiyshunos olima Suyima G‘aniyeva umri yakunida boy shaxsiy kutubxonasini Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona tasarrufiga o‘tkazgan bo‘lsa, ziyolilar doirasida “so‘nggi jadid” maqomida e’tirof etilgan filologiya fanlari doktori, professor Begali Qosimov uyidagi barcha kitoblarini o‘zi butun umr ishlagan O‘zbekiston Milliy universitetiga tuhfa etgan.

Bunday xayrli amallar timsolida ma’rifatparvar xalqimizning inja fazilatlari yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Va bu savobli ishlar har birimizga cheksiz faxru iftixor bag‘ishlaydi.  

Keyingi yillarda kitoblar hadya etish bilan bog‘liq ushbu ezgu taomillar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani tahsinga sazovor. Endilikda vazirlik va muassasalar, tashkilot va korxonalar yurtimizdagi kutubxonalar, ta’lim dargohlari hamda mahallalarga turfa nomdagi ko‘plab kitoblarni muntazam yetkazib bermoqda.

Masalan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi 2023 - yilda yurtimizdagi axborot-kutubxona markazlari, maktab hamda bir qator oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga inson huquqlariga oid jami 2 ming 620 ta adabiyot va 650 ta huquqiy jurnallarni beg‘araz taqdim etgan. Bundan tashqari, 10 ta viloyatda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘tkazilgan o‘quv mashg‘uloti tinglovchilariga  2 ming 200 ta kitob tarqatilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘ngi sakkiz yilda qabul qilingan ustuvor strategik dasturlar doirasida, jumladan, beqiyos ko‘lamdagi ma’rifiy tadbirlar amalga oshirildi, kitobxon hamyurtlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun zarur adabiyotlarni nashr etish va keng miqyosda tarqatish yo‘lga qo‘yildi. Bunga birgina misol sifatida o‘tgan yildan buyon izchil amaliyotga tatbiq etilayotgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasini keltirish kifoya, menimcha. 

Shu o‘rinda “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi yuzsasidan o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamalari asnosida kamina tomonidan mamlakatimizning kutubxona mavjud bo‘lmagan qishloqlarida “Zamonaviy jadidning qishloqdagi kutubxonasi” tashabbusi asosida kutubxonalar tashkil etish taklifi bildirilgani haqida muxtasar to‘xtalmoqchiman.

Gap shundaki, yaqinda Internet tarmog‘ida e’lon qilingan “Qisqacha izohli lug‘at” degan hajviy-kinoyali ma’lumotda shunday g‘alati ta’rifga duch keldim: “Kutubxona – qizil kitobga kiritilishi kerak bo‘lgan yagona makon”. Buni hazilga yo‘yib rosa kulamizmi yo alamdan o‘kirib yig‘laymizmi, bilmadim, lekin xulosa bir xil, ya’ni achinarlidir.

Davlatimiz rahbari bundan bir necha yil oldin yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida mahallalardagi sharoitlar haqida so‘z yuritar ekan, mamlakatimizdagi 9 ming 309 ta mahallaning 6 mingdan ortig‘ida kutubxona mavjud emasligini keskin tanqid qilgandi. Qo‘rqamanki, o‘tgan qisqa davrda vaziyat ijobiy tomonga ko‘p ham o‘zgarib ulgurmagan.

Masalan, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi men tug‘ilib-o‘sgan Xushvaqt qishlog‘i haligacha kutubxonasiz qishloqlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ona qishlog‘imdagi 12 sotixlik otameros hovlimda jamoatchilik kutubxonasi ochishga bel bog‘ladim.

Bo‘lajak kutubxonaning boshlang‘ich kitob fondini shaxsiy kutubxonamdagi kitoblar hisobiga to‘ldirish niyatidaman. Bu yerda, xudo xohlasa, aholiga bepul kutubxona xizmati ko‘rsatiladi.

Kutubxona uchun mo‘ljallangan manzil qishlog‘imiz markazida joylashgan. Bu, o‘z navbatida, kutubxonadan nafaqat Xushvaqt qishlog‘i, balki yaqin-atrofdagi Chorbog‘ Boyg‘undi, Govxona kabi kutubxonasi hozircha yo‘q qishloqlar aholisi foydalanishi uchun ham qulay sharoit tug‘diradi.

Maktabga juda yaqin masofadaligi (120 metr) va xususiy bolalar bog‘chasi ayni shu hovlida joylashganligi ota-onalar va tarbiyachilar, o‘qituvchi va o‘quvchilar ham ushbu kutubxona kitoblaridan foydalanishi uchun qulaydir. Shu ma’noda, kutubxonaning ochilishi, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bu yerda “hayot qaynashi”ga imkoniyat yaratadi.

Endi tasavvur qilib ko‘ring, hademay qabul qilinadigan 2024 - yilgi Davlat dasturi talablari negizida mabodo:

birinchidan, mamlakatimizning kutubxona mavjud bo‘lmagan qishloqlari ro‘yxati tayyorlansa;

ikkinchidan, kutubxona mavjud bo‘lmagan qishloqlarda tug‘ilib-o‘sgan barcha taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va olimlarning o‘z ona qishlog‘ida kutubxona ochish ishiga xayrixohligi, xususan, kitoblar berish, xona ajratish, texnik yoki moddiy yordam ko‘rsatishga ko‘maklashish darajasi aniqlansa;

uchinchidan, “Zamonaviy jadidning qishloqdagi kutubxonasi”  uchun tegishli qishloqlar hududida muayyan joy belgilanib, kutubxonalar jihozlansa v kitoblar keltirilsa;

to‘rtinchidan, bo‘lajak qishloq kutubxonalarini internet tarmog‘iga ulash va kompyuterlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilsa, xususan, bunda shu kutubxonaga kitob ajratadigan ijodkor va olimlar ishlaydigan tashkilot, muassasa va korxonalarning eskirganligi uchun hisobdan chiqarilgan kompyuter texnikalari olib kelinishiga erishilsa;

beshinchidan, ana shu kutubxonalarni Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona va tegishli viloyat Axborot-kutubxona markazi onlayn-kutubxonasi fondiga ulash choralari ko‘rilsa – bu borada qulay, arzon va samarador loyiha ro‘yobga chiqqan bo‘lar edi, nazarimda.

Muxtasar aytganda, bugungi kunda jadid bobolarimiz haqida ko‘p gapirmoqdamiz. Aslida, ular ham osmondan tushmagan, balki xuddi shunday oddiy va hayotiy yo‘ldan borganlar – darsliklar yozganlar, maktablar ochganlar, yoshlarning xorijda tahsil olishini uyushtirganlar, gazeta-jurnal chop etganlar, kutubxonalar ochganlar, aholini kitob o‘qishga rag‘batlantirganlar...

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech