Keyingi yillarda xalqaro hamjamiyat dunyoda oziq-ovqat yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkinligidan muntazam ogohlantirmoqda. Ekspertlarning fikricha, oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi vaziyat yomonlashishi 2017 - yildan beri kuzatilmoqda.
Joriy yil 6-7 - fevral kunlari Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tgan “Inson huquqlari nuqtai nazarida oziq-ovqat adolati: voqelik va kelajak muammolari” mavzusidagi konferensiyada ham ayni muammolar atrofida so‘z yuritildi. Xalqaro anjumanda ishtirok etgan mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan shu mavzuda suhbatlashdik.
– Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda BMT va uning tegishli tuzilmalari sayyoramiz miqyosida oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelishidan ogohlantirmoqda va bunga har xil noxush omillar sabab bo‘layotgani haqida tashvishli xulosalar bermoqda, – dedi A.Saidov. –BMT hisobotiga qaraganda, 2020 - yili jahonning 55 mamlakati va mintaqasida kamida 155 million kishi turli mojarolar, iqlim o‘zgarishi hamda koronavirus pandemiyasi oqibatida kelib chiqqan iqtisodiy inqirozlar natijasida kuchli ochlik holatiga tushib qolgan. Bu ko‘rsatkich 2019 - yilga nisbatan deyarli 20 million kishiga ko‘pdir.
Oradan ikki yil o‘tib, ya’ni 2022 - yilda esa global ko‘lamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxi oshishi sababli oziq-ovqat sotib ololmaslik muammosi paydo bo‘lgan. O‘z navbatida, 2023 - yilda sayyoramiz aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlash borasidagi vaziyat yanada qaltislashdi.
Bunday salbiy holatlar yuzaga kelishiga dunyoning turli hududlaridagi notinch vaziyat, buning oqibatida o‘g‘itlar eksportining pasayishi va bir vaqtning o‘zida ushbu turdagi mahsulot narxining oshishi, ana shu omillarning fermerlar faoliyatiga to‘sqinlik qilishi asosiy sabablar sifatida ko‘rsatilmoqda. Qolaversa, suv toshqini, qurg‘oqchilik kabi nobop ob-havo hodisalari ham oziq-ovqat ta’minotiga salbiy ta’sir qilishidan xavotir bildirilmoqda.
– Yer yuzidagi har bir insonning oziq-ovqatga bo‘lgan huquqini ta’minlashda ayni sohaga ixtisoslashgan tuzilmalarning faoliyati qanday samara berayapti?
– E’tibor qiling: 1945 - yili tuzilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) dastlabki sessiyasidayoq o‘zining ixtisoslashgan muassasasi hisoblanuvchi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, ya’ni FAOni ta’sis etgan. Uning zimmasiga Ikkinchi jahon urushidan keyingi o‘ta murakkab sharoitda, ta’bir joiz bo‘lsa, halokatli bir vaziyatda butun dunyoda ochlikka qarshi kurashish borasida xalqaro hamjamiyat amalga oshiradigan global sa’y-harakatlarga rahbarlik qilish vazifasi yuklangan.
Joriy yilda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tuzilganiga 79 yil to‘lmoqda. O‘tgan uzoq sinovlar davrida FAO xalqaro hamjamiyatning ishonchini oqladi, desak, yanglishmaymiz. Chunki ushbu ixtisoslashgan tashkilotning 195 a’zosi – 194 ta mamlakat va Yevropa Ittifoqi davlatlari hamda FAO ish olib borayotgan 130 dan ziyod mamlakatning faol ishtirokida jahon aholisi uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda har bir insonning muntazam ravishda sifatli ovqatlanishini kafolatlash yo‘lida muhim amaliy qadamlar qo‘yildi.
O‘z navbatida, XXI asr ham insoniyat boshiga urush qirg‘inbarotlaridan kam bo‘lmagan halokatli ofatlarni ketma-ket yog‘dirmoqda. Shulardan biri – COVID-19 pandemiyasi bo‘lib, bu shafqatsiz balo oqibatida sayyoramizdagi och va muhtoj kishilarning soni millionlab nafarga keskin ortdi. Qanchadan-qancha odamlar ishsiz va ta’minotsiz qoldi, yoshlarning ko‘pchiligi nafaqat ta’lim olish, balki shunchaki qorin to‘qlash imkonidan ham mahrum bo‘ldi.
Qaqshatqich urushlardan kam bo‘lmagan ko‘lamda xatarli ana shu global ofat tufayli birgina oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va ularni taqsimlash tizimining o‘zida millionlab xodimlar ishsiz qolgan og‘ir sharoitda FAO faoliyatining nechog‘lik muhimligi yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi. Endilikda mazkur xalqaro tashkilot jahon hamjamiyati oldida turgan yangi va dolzarb muammolar:
- ochlarni ovqatlantirish;
- boshqa barcha insonlarning oziq-ovqati sifatini yaxshilash;
- sog‘lom taomlanish madaniyatini oshirish;
- oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash;
- bunda isrofgarchiliklarning oldini olish;
- hayvonot va nabotot dunyosining yo‘qolib borayotgan noyob turlarini asrab qolish;
- qishloq xo‘jaligi sohasida atrof-muhitga ziyon yetkazmaydigan va unumdor hosildorlik faoliyatini rivojlantirish;
- “yashil iqtisodiyot”ni tatbiq etish kabi masalalarni hal etish bilan astoydil shug‘ullanmoqda.
Bu haqda fikr yuritganda, FAOning «Raqamli 1000 ta qishloq» tashabbusi sharofati bilan sayyoramizning bir qator qishloq joylarida turmush sifati yaxshilanib, yangi davr talablari darajasiga moslashayotganini qayd etish lozim. Ayni tashabbus mamlakatimiz qishloqlarida ham keng yoyilayotgani tufayli hamyurtlarimiz yilning issiq va qurg‘oqchil faslida ham zamonaviy texnika-texnologiyalar ko‘magida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan salmoqli hosil olayotganiga hayotiy misollar bisyor.
Eng asosiysi, koronavirus ofati va uning oqibatida yuzaga kelgan butunjahon iqtisodiy bo‘hroni avvalboshda dunyo jamoatchiligini katta tashvish va xavotirga solib qo‘ygandi. Shukrki, BMT, FAO kabi xalqaro tashkilotlar, faol davlatlar va har bir fidoyi zamondoshimizning amaliy sa’y-harakatlari evaziga, bir tomondan, oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash va taqsimlash tizimi qaytadan o‘z iziga tushayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, sohaga raqamli texnologiyalarni tatbiq etish yo‘li bilan oziq-ovqatlar miqdorini oshirish, narxini arzonlashtirish va sifatini yaxshilash yo‘lida muayyan natijalar qo‘lga kiritilmoqda.
So‘nggi o‘n yillarda “yashil inqilob” va innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilishi hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi keskin oshdi. O‘zbekiston Prezidenti aytganlaridek, “tobora ko‘payib borayotgan dunyo aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlashda sezilarli yutuqlarga erishildi”.
– Bugungi kunda oziq-ovqat adolati va inson huquqlari mavzusiga bag‘ishlangan forumlar qanchalik muhim, deb hisoblaysiz?
– O‘rta asrlarda yashab o‘tgan ulug‘ alloma va tabib bobomiz Abu Ali ibn Sino o‘z davrida “Kimki uzoq va sog‘lom hayot kechirishni istasa, avvalo, ovqatning sifati va miqdoriga e’tibor qaratsin”, deb ta’kidlaganlar. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev FAO texnik ko‘magida 2023 - yil 7-8 - sentyabr kunlari Samarqandda o‘tkazilgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida Ibn Sino hazratlarining ayni shu hikmatli so‘zlariga murojaat qilgani bejiz emas.
Nega deganda, oradan yuz va ming yillar o‘tganiga qaramay, oziq-ovqat xavfsizligi, uni barqaror yetkazish, ochlik va qashshoqlikka qarshi kurashish masalalari bugun ham insoniyat uchun dolzarb bo‘lib qolmoqda. Koronavirus pandemiyasi, jahon siyosati va iqtisodiyotidagi inqirozlar esa, albatta, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimida zanjirlarning uzilishi va narxlar oshishi misolida bu boradagi ahvolning yanada qaltislashishiga olib keldi.
O‘zbekiston Prezidenti bundan ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar jabr ko‘rayotganiga e’tiborni qaratdi. Davlatimiz rahbarining fikricha, “Global iqlim o‘zgarishlari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimiga investitsiya hajmi kamayishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Bu esa Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni xavf ostida qoldirmoqda”.
Yanada muhimi, Prezidentimiz Samarqand forumiga yo‘llagan tabrigida “dunyo aholisi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish – uzoq davom etadigan jarayon” ekanligini e’tirof etgan holda, bu borada bir qator yangi tashabbus va g‘oyalarni ilgari surdi.
Birinchidan, “Hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligi ekinlarining serhosil, tashqi ta’sirlarga chidamli navlarini yaratish, chorva naslini yaxshilash o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Fermerlar va kichik ishlab chiqaruvchilar uchun axborot-konsalting markazlarini tashkil etish, ularni resurs tejaydigan ilg‘or texnologiya va usullar bo‘yicha o‘qitish uchun agro-konsalting xizmatlari sifatini tubdan yaxshilash ham dolzarb bo‘lib bormoqda”.
Ikkinchidan, “Zamonaviy texnologiyalar va qishloq xo‘jaligi texnikasi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardagi fermerlar uchun bir xilda ochiq va hamyonbop bo‘lishi kerak. Biz xalqaro moliya institutlarini ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining “yashil texnologiyalar”dan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga chaqiramiz”.
Uchinchidan, “Biz eng zarur mahsulotlar savdosi va transportirovkasida to‘liq erkinlik hamda oziq-ovqat yuklari harakatini tartibga soladigan qoidalarni soddalashtirish tarafdorimiz. Savdo yo‘llari xavfsizligi va ochiqligini ta’minlash davlatlararo munosabatlarda o‘zgarmas tamoyil bo‘lib qolishi zarur”.
Samarqand konferensiyasi davomida ana shu yangi tashabbuslar yuzasidan atroflicha fikr almashildi va global miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim masalalar yechimlari bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi. Forum yakunida qabul qilingan Global oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi O‘zbekiston hukumati tomonidan xalqaro anjumanda erishilgan kelishuvlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Darvoqe, bu o‘rinda Prezidentimiz 2022 - yili qadimiy va navqiron Samarqand shahri mezbonlik qilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining majlisida bugungi kunda dunyo miqyosida global ahamiyat kasb etayotgan oziq-ovqat xavfsizligi masalasiga alohida e’tibor qaratib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidlagani haqida ham to‘xtalish taqozo etiladi. Chunki davlatimiz rahbari ShHTning ayni shu oliy darajadagi majlisida mazkur hayotiy masalalarni keng muhokama etish maqsadida Samarqandda xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surgandi.
– Doha xalqaro konferensiyasi tafsilotlariga muxtasar to‘xtalsangiz.
– Dohada bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya butun dunyo bo‘ylab har bir insonning oziq-ovqatga bo‘lgan huquqini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Unda 300 dan ortiq hukumat va nohukumat tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya ochilishida Qatar davlatining Inson huquqlari bo‘yicha milliy qo‘mitasi raisi Maryam bint Abdullah al-Attiyax, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari o‘rinbosari Nada al-Nashif, Arab davlatlari ligasi bosh kotibi Xaifa Abu Gazalex, BMT Oziq-ovqat huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Maykl Faxri, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Jassim Bin Mohammed al- Budaivi so‘zga chiqdi. So‘zga chiqqanlar:
birinchidan, global oziq-ovqat inqirozini inson huquqlari nuqtai nazaridan tushunishga tizimli munosabatni shakllantirish maqsadida xalqaro va milliy darajada oziq-ovqatga bo‘lgan huquqni amalga oshirish bilan bog‘liq qonunchilik, siyosat, strategiyalar va dasturlarni ko‘rib chiqish;
ikkinchidan, hukumatlar va xalqaro kompaniyalarni oziq-ovqatga bo‘lgan huquqni ro‘yobga chiqarish uchun inson huquqlariga asoslangan yondashuv bilan ishlashga undaydigan mexanizmlar va vositalarni taklif qilish;
uchinchidan, barcha odamlarga boshqariladigan va samarali qoidalarga muvofiq yil davomida xavfsiz, to‘yimli va yetarli oziq-ovqatdan foydalanish imkoniyatini berish;
to‘rtinchidan, manfaatdor tomonlarning bu boradagi o‘z majburiyatlariga qay darajada sodiqligini nazorat qilish salohiyatini kuchaytirish hamda ular o‘rtasida o‘zaro muloqot va hamkorlik rejasini ishlab chiqish masalalari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bayon qildi.
Forum yakunida Oziq-ovqat adolati bo‘yicha Doha deklaratsiyasi qabul qilindi.
Ushbu konferensiya global liderlar, ekspertlar va faollar uchun kuchlarni birlashtirish va oziq-ovqat adolati va xavfsizligining ko‘p qirrali muammolarini hal qilish uchun muhim muloqot maydonini taqdim etdi. U jahon oziq-ovqat tizimidagi ochlik, to‘yib ovqatlanmaslik va tengsizlik kabi dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha o‘zaro fikr, tajriba va innovatsion strategiyalar almashish imkonini berdi.
Xalqaro konferensiyada bugungi dunyomizning iqtisodiy va ijtimoiy tengsizlik, uyushgan zo‘ravonlik, qurolli mojarolar va ekologik muammolar kabi oziq-ovqat xavfsizligining asosiy muammolarini hal qilishga alohida e’tibor qaratildi. Bunday yondashuv har bir insonni yetarli, arzon va sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash imkoniyatini beradigan tinch, barqaror va adolatli global oziq-ovqat tizimlarini yaratish muhimligining o‘ziga xos tasdig‘i bo‘ldi.
Bundan tashqari, Dohada konferensiyasiga mezbonlik qilish Qatarning asosiy inson huquqlari, jumladan, oziq-ovqat huquqini ta’minlash bo‘yicha global sa’y-harakatlarga hissa qo‘shish majburiyatiga sodiqligini yana bir bor amalda isbotladi.
Mazkur Forum butun dunyoda dolzarb tus olgan oziq-ovqat siyosati va amaliyotida barqaror o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun zarur xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida o‘zaro fikr almashish imkonini bergani bilan g‘oyat ahamiyatlidir. Doha konferensiyasi – inson huquqlari bo‘yicha global kun tartibidagi muhim voqea, ya’ni oziq-ovqat adolatini butun insoniyat uchun ro‘yobga chiqarish yo‘lida jahon hamjamiyati tomonidan qo‘yilgan tom ma’nodagi dadil qadam bo‘ldi.
– Xalqaro konferensiyada mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirokining ahamiyati nimada?
– Avvalo, O‘zbekiston delegatsiyasining Doha shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu xalqaro konferensiyada ishtirok etishi natijasida xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan yutuqlar haqida xabardor qilindi.
Yana bir muhim natija: Qatar davlatining Inson huquqlari bo‘yicha milliy qo‘mitasi a’zolari, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro ekspertlar jamoasi tomonidan O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida erishgan yutuqlari hamda bu boradagi dastur va strategiyalar yuqori baholandi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazining oziq-ovqatga bo‘lgan huquqni ta’minlashdagi roli ko‘p qirralidir. Milliy markaz oziq-ovqat xavfsizligini milliy ustuvor vazifaga aylantiradigan siyosat tarafdori bo‘lib, insonning oziq-ovqatga bo‘lgan huquqini qonunchilik bazasiga kiritish uchun izchil ish olib bormoqda.
Milliy markaz jamiyatning barcha darajalarida ushbu huquq hurmat qilinishi, himoya etilishi va ta’minlanishi uchun turli sektorlar bilan hamkorlik qiladi. Hukumatning bu sohadagi sa’y-harakatlarini monitoring qilish, aholi xabardorligini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligi masalasida eng zaif qatlamlar manfaatlarini himoya qilish, o‘z navbatida, mamlakatimizda har bir fuqaroni to‘yimli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ishonchli ta’minlaydigan samarali tizimni yaratishga yordam beradi, deb hisoblayman.
O‘z navbatida, Milliy markaz rahbarining oziq-ovqat adolatiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etgani ushbu sohadagi muammolarni global miqyosda hal qilishga intilishimizning amaliy ifodasidir. Forumda ishtirok etish asnosida:
birinchidan, O‘zbekistonda oziq-ovqatga bo‘lgan huquqqa erishish bo‘yicha o‘z bilim va tajribamiz, jumladan, yengib o‘tilgan qiyinchiliklar va samarali deb topilgan strategiyalarimiz bilan o‘rtoqlashdik;
ikkinchidan, muhokamalarda faol qatnashib, oziq-ovqat adolati masalalari bo‘yicha milliy nuqtai nazarimizni taklif qildik va mamlakatimizning bu boradagi yondashuvini yanada takomillashtirish uchun xorijiy va xalqaro hamkorlarimizning ilg‘or tajribalarini o‘rganishga intildik;
uchinchidan, O‘zbekistonda ham, xalqaro hamjamiyatda ham oziq-ovqat adolatini ta’minlash uchun boshqa manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanimizni ochiq anglatdik;
to‘rtinchidan, konferensiya yakunlanganidan keyingi davrda insonning oziq-ovqatga bo‘lgan huquqi hurmat qilinishini va mamlakatimizning bu sohadagi siyosati eng so‘nggi xalqaro standartlar va innovatsion amaliyotlarni o‘zida aks ettirishini ta’minlab, ayni shu yondashuvni milliy harakat rejalarimizga uyg‘unlashtirmoqdamiz.
Muxtasar aytganda, Doha xalqaro konferensiyasida ishtirok etganimiz – xalqimiz, davlatimiz, Prezidentimiz O‘zbekistonda va butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish va har bir insonning oziq-ovqatga bo‘lgan huquqi amalga oshirilishini ta’minlashga sodiq ekanidan yorqin dalolatdir.
G‘ulom MIRZO suhbatlashdi
«Ishonch» gazetasining 2024 - yil 17 - fevral kungi 23 (4931)-soni
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi
- Qo'shildi: 19.02.2024
- Ko'rishlar: 2678
- Chop etish