Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20-fevral kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan ushbu yig‘ilish asnosida davlatimiz rahbari alohida ta’kidlaganidek, “Jamiyatimizda ijtimoiy adolat va inson qadrini ta’minlaymiz desak, bu yangi tizimni joylarda samarali ishlatib, muhtoj insonlarga madad va umid bag‘ishlashimiz kerak”.
21-fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida mazkur videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan majlis bo‘ldi. Majlisni Markaz direktori Akmal Saidov boshqardi.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 1-moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilangan. Shunga muvofiq, 2023-yil 1-iyunda aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish bo‘yicha Prezident Farmoni qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgan.
O‘tgan vaqt mobaynida o‘ndan ortiq davlatning tajribasi chuqur o‘rganildi, malakali ekspertlar jalb qilindi. Tahlil va o‘rganishlar ko‘rsatganidek, odamlar tashvishini ichiga kirmagan, o‘zidan o‘tkazmagan eski tizim tubdan o‘zgarishi kerak va bu murakkab, kompleks jarayon.
Avvalo, eski ijtimoiy himoya tizimida odamlarga umid berish, hayotini yaxshilashi, band bo‘lishiga ko‘maklashish eng oxirgi o‘ringa tushib qolgan. Prezident bu sohada umumiy yondashuv o‘zini oqlamagani, har bir oila va inson taqdiriga alohida professional yondashish lozimligini qayd etib, ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi. Ijtimoiy xizmat va yordamni mahalla darajasida manzilli, shaffof va adolatli tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini ham atroflicha tahlil qildi. O‘zbekiston 2021-yilda Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgani tarixiy voqea bo‘lgani va undagi majburiyatlarni bajarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Shu bilan birga, viloyat va tuman hokimlari ushbu shaxslarga yordam berish, ularning uyushmalari va tashkilotlari bilan muloqot qilish, sharoit yaratish bilan yetarlicha shug‘ullanmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Ayrim vazirlik, idoralar va viloyat hokimliklarda nogironligi bo‘lgan birorta odam ishga olinmagani tanqid qilindi.
Davlat rahbari o‘tkazgan yig‘ilishda, shuningdek, ota-ona mehriga muhtoj bolalarga g‘amxo‘rlik masalalari ko‘rib chiqildi. Bugungi kunda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni e’tibordan chetda qoldirmaslik uchun keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shunga qaramay, quyi bo‘g‘indagi e’tiborsizlik oqibatida joylarda qarovsiz qolib ketgan bolalar aniqlanayotgani qayd etildi. Hozirda ularga vasiylik belgilanmoqda. Ota-onasi migratsiyada bo‘lgan, noqulay ijtimoiy muhitdagi oilalarda tarbiyalanayotgan, ruhiy-jismoniy rivojlanishida xususiyatlari bor bolalarga yordam tizimini takomillashtirish zarurligiga jiddiy e’tibor qaratildi.
Milliy markaz majlisida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.02.2024
- Ko'rishlar: 3173
- Chop etish