Aholini ijtimoiy himoya qilish borasida yangicha tizim yaratiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida “O‘zbekiston Respublikasida aholini ijtimoiy himoya qilishning huquqiy asoslari va adolatli ijtimoiy siyosat yuritish borasidagi islohotlar” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov yig‘ilishni ochar ekan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotgani, ushbu masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida qayd etib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash, ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish, og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan aholiga individual yondashuvga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Ijtimoiy muammolarni adolatli hal etishning mutlaqo yangi va o‘ziga xos tizimi yaratilib, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari joriy etilgani bugun ijtimoiy masalalarni samarali hal etishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilab qo‘yildi. Bosh qomusimizda ijtimoiy majburiyatlarga doir normalar 3 barobarga oshganligi, mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘lishi belgilandi.

Prezidentimizning 2023-yil 1-iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimizda nafaqa oluvchilar soni 2016 yilda 466 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib 2 milliondan oshdi.

Seminarda Prezidentimiz raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar, ularni ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan aytib o‘tilganidek, so‘nggi oylarda kam ta’minlangan oilalar manzilli o‘rganilib, tizim shaffof qilingani natijasida doimiy daromadga ega oilalar bunday toifadan chiqarilgan. O‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz yashayotgan 2 ming kishiga yordam ko‘rsatilgan. Shunga qaramay bugungi kunda ijtimoiy himoya tizimi bilan 250 ta xizmat qamrab olingan bo‘lsa-da, mahalladagi aholi ularning yarmini ham bilmasligi aytilib, ijtimoiy xizmatlar borasida aholining xabardorligini oshirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, joriy yil 1-oktyabrdan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlar “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirilishi, kelgusi yildan 40 ta tumanda reabilitatsiya, sog‘lomlashtirish va nogironligi borlarga qarovchilarni o‘qitish bo‘yicha ko‘p tarmoqli ijtimoiy xizmatlar markazlari ishga tushirilishi aytib o‘tildi.

Ijtimoiy muammoning og‘irligiga qarab, uni hal qilish bo‘yicha 1-darajada “Inson” markazi, 2-darajada sektor rahbari, 3-darajada tuman hokimi shug‘ullanishi, barcha ijtimoiy xizmatlar bosqichma-bosqich ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi orqali ko‘rsatilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj qismi bo‘lmish nogironlarga hayotda teng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston 2021-yilda Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgan. Bunday shaxslarni ishga olgan korxona va tashkilotlar uchun bir qator imtiyozlar berilgan. Endilikda bino va inshootlarni qurish loyihasi nogironligi bo‘lganlar uchun qulay muhit yaratilganligi bo‘yicha ham majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi. Jamoat transporti, bekatlar va chorrahalarda ular uchun to‘siqsiz muhit yaratish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, xodimlarining 50 foizida nogironlik bo‘lgan tadbirkorlarga davlat buyurtmachilari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish imkoniyati beriladi. Bunday shaxslarni kasbga tayyorlaydigan 4 ta ixtisoslashgan maktab sanoat tarmoqlariga biriktiriladi.

Munozaralar chog‘ida aholini ijtimoiy himoyasini tashkil etilishiga barcha qonunchilik, normativ-huquqiy hujjatlar, eng asosiysi sohaning egasi aniq belgilab berilgani va tizim yaratilgani aytib o‘tildi. Ushbu tizim muntazam takomillashtirib borilayotgani, ijtimoiy himoya sohasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini oshirish va qo‘shimcha resurslarni jalb qilish orqali ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani e’tirof etildi.

Savol-javoblar davomida deputatlar mamlakatimizda aholiga professional ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan birga, ijtimoiy xizmat va yordamni mahalla darajasida manzilli, shaffof va adolatli tashkil etish, ijtimoiy himoyaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va bu borada parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Seminar yakunida yuqoridagi masalalar yuzasidan Qonunchilik palatasi deputatlari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Respublika kasaba uyushmalari Kengashi tegishli vazirlik tashkilotlar vakillaridan iborat Ishchi guruh tuzilib, joylarda o‘rganishlar o‘tkazish va muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlashga kelishib olindi.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech