IJTIMOIY HIMOYADA YANGI MILLIY TIZIM
Uning huquqiy, tashkiliy va ma’naviy-ma’rifiy asoslari
Prezidentimiz raisligida 2024-yil 20-fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy himoya milliy tizimini izchillik va samaradorlik bilan amalga oshirish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Tanqidiy-tahliliy va amaliy ruhda o‘tgan ushbu yig‘ilish asnosida davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Jamiyatimizda ijtimoiy adolat va inson qadrini ta’minlaymiz desak, bu yangi tizimni joylarda samarali ishlatib, muhtoj insonlarga madad va umid bag‘ishlashimiz kerak”.
Binobarin, mamlakatimizda keyingi yillarda ijtimoiy himoyaning inson qadrini ta’minlashga tom ma’noda xizmat qiladigan yangi milliy tizimiga asos solindi. Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” monografiyasida adolatli va kuchli ijtimoiy siyosatga asoslangan ushbu tizimning mazmun-mohiyati hamda imkoniyatlari keng ochib berilgan.
Huquqiy asoslar
Keyingi yillarda o‘ndan ortiq davlatning bu sohadagi amaliyoti va xalqaro tajriba chuqur o‘rganildi, ushbu ishga malakali milliy hamda xorijlik ekspertlar jalb qilindi. Tahlillar odamlar tashvishining ichiga kirmagan, o‘zidan o‘tkazmagan eski tizim tubdan o‘zgarishi kerakligini, o‘z navbatida, ijtimoiy himoyaning yangi milliy tizimini yaratish murakkab va qamrovdor jarayon ekanini ko‘rsatdi.
Shu ma’noda, ijtimoiy himoya milliy tizimini shakllantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratilgani juda muhim. Bu o‘rinda, avvalo, 2023-yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 1-moddasida O‘zbekiston – ijtimoiy davlat ekani belgilab qo‘yilganini qayd etish lozim.
Bosh qonunimizning IX bobida barcha ijtimoiy huquqlar keng ochib berilgan. Xususan, Konstitutsiyaning qator moddalarida:
– mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanishi;
– davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi;
– har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek, boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga ega ekanligi;
– davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi kabi ijtimoiy huquqlar belgilab qo‘yilgan;
– mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘lishi belgilangan.
Bularning barchasi, o‘z navbatida, mazkur sohani yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini yaqqol ko‘rsatdi. Shuning uchun davlatimiz rahbarining 2022-yil 25-iyuldagi farmoni bilan sohaga oid 3 ta muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi; O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari; O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini 2022-2023-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Shu asosda mamlakatimiz aholisini ijtimoiy himoya qilishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi:
– ijtimoiy yordamga muhtoj va ijtimoiy nafaqa tayinlash mezonlariga javob beradigan barcha oilalar va shaxslarni ijtimoiy yordam dasturlari bilan qamrab olish;
– majburiy ijtimoiy kafolatlardan, shu jumladan, ijtimoiy himoya turlaridan foydalanish imkoniyatini sohani raqamlashtirish hisobiga kengaytirish, ushbu jarayonga ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini joriy qilish;
– aholi uchun majburiy ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;
– nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish hamda imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash;
– aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash;
– ijtimoiy xizmatlarni aholiga bevosita mahalla darajasida ko‘rsatish amaliyotini joriy etish.
Shuning uchun o‘tgan qisqa davrda ijtimoiy siyosat yo‘nalishida qabul qilingan qonunlar soni ikki barobar ko‘paydi. Bu borada 1992–2016-yillarda 24 ta qonun qabul qilingan bo‘lsa, 2017–2024-yillarda ayni ko‘rsatkich 44 tani tashkil etmoqda.
Yangi qonunlar ijtimoiy siyosatning turli sohalariga taalluqlidir. Xususan, oxirgi yetti yilda mehnatni muhofaza qilish va aholining bandligi sohasida – 11 ta, ijtimoiy ta’minot va himoya sohasida – 9 ta, sog‘liqni saqlash sohasida – 12 ta, ta’lim sohasida – 8 ta qonun qabul qilingan.
Yurtimizda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi ana shu qamrovdor huquqiy asosga tayangan holda muntazam takomillashtirilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoya sohasiga davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini oshirish va qo‘shimcha resurslarni jalb qilish, ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish va oilalarni og‘ir hayotiy holatlardan olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlarni joriy etish yo‘nalishlarida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Tashkiliy asoslar
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan “ijtimoiy davlat” tamoyillarini inobatga olgan holda, fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, aholiga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish hamda mazkur sohaga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimini joriy etish davr talabiga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgani xuddi shu dolzarb talabga nisbatan o‘ziga xos hozirjavoblik ifodasi bo‘ldi.
Ushbu agentlik aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organidir. Prezidentimiz 2023-yil 1-iyunda qabul qilgan “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bilan agentlikning:
– aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosati va chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
– nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash tizimini takomillashtirish;
– voyaga yetmagan bolalarni, ayollarni himoya qilish tizimini takomillashtirish;
– yoshlar, yakka yolg‘iz keksalar va og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash;
– ijtimoiy ta’minot dasturlarini yuritish kabi asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 28-sentyabrdagi “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida esa ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida ko‘rsatish, aholining og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish hamda aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Qaror bilan 2023-yil 15-oktyabrdan boshlab dastlab 28 tuman (shahar)da eksperiment tariqasida ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bu ijtimoiy xizmatlar Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ijtimoiy xodimlar guruhlari tomonidan ko‘rsatiladi.
Bunga qadar Prezidentimizning 2022-yil 25-iyuldagi farmoniga asosan hozirgi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilganini ham eslatish maqsadga muvofiqdir.
Shuni ham qayd etish joizki, Prezidentimizning 2023-yil 27-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilganligi munosabati bilan ayrim vazirlik va idoralarning aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish sohasidagi funksiyalarini optimallashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish jarayonida davlat organlarining takrorlanuvchi vazifa, funksiya va vakolatlarini bartaraf etish maqsadida Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tugatildi. Sobiq jamg‘arma daromadlarini shakllantirishning tegishli manbalari Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasiga yo‘naltirildi.
Ijtimoiy himoya milliy tizimi va parlament nazorati
Milliy parlamentimizning ijtimoiy himoya tizimida tutgan o‘rni va ahamiyatini ikkita yo‘nalishdagi faoliyati bilan baholash mumkin. Birinchi yo‘nalish, ijtimoiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, ya’ni qonunlar ishlab chiqish va qabul qilishdan iborat bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish, sohaga oid qonunlar ustidan parlament nazoratini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Oliy Majlis palatalari ijtimoiy soha bo‘yicha ishlab chiqqan, qabul qilgan va ma’qullagan qonunlar soni keyingi yillarda keskin ortgani haqida yuqorida to‘xtaldik. Ayni sohadagi qonun ijodkorligi jarayonlari uzviy davom etmoqda.
Bunga bitta misol: Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 26-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi hamda Senatga yuborildi. Mazkur qonunda ham ijtimoiy himoya nuqtayi nazaridan bir qator yengilliklar va imkoniyatlar mustahkamlangan.
Xo‘sh, qonundagi asosiy yangiliklar nimalardan iborat?
Birinchidan, ushbu qonun bilan “Ijara to‘g‘risida”gi qonunga ijarachining nogiron bo‘lib qolganligi ijara shartnomasini tugatish uchun asos bo‘lishini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ikkinchidan, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunda pensionerga hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddatini o‘n ikki oydan yigirma to‘rt oygacha uzaytirish, shuningdek, fuqarolarning pensiya tayinlash uchun Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish huquqi nazarda tutilmoqda.
Uchinchidan, qonunda pensiyaning eng kam miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligini belgilash, pensiyalar miqdorini yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda oshirib borish tartibi, mahkumlarning ozodlikdan mahrum qilingan davrda amalga oshirgan faoliyati davrini pensiya olish huquqini beradigan faoliyat turi sifatida hisobga olishga doir talab ham aniqlanmoqda.
Shu bilan birga, “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga fuqaroda davlat pensiya ta’minoti huquqi yuzaga kelganligi to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan ma’lumotlar fuqaroning pensiya to‘lovlarini olishi uchun asos bo‘lishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Mazkur qonun yangi O‘zbekistonning ijtimoiy davlat prinsipini amalga oshirishga qaratilgan. U kuchga kirgach, albatta, pensionerlarning moddiy farovonligini yanada yuksaltirish, fuqarolarning elektron davlat xizmatlarini mustaqil ravishda olish imkoniyatini kengaytirish, pensiya miqdorini qayta hisob-kitob qilishda inflyatsiya darajasini hisobga olish tizimini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijara munosabatlariga oid huquqlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Parlament nazorati masalasiga kelsak, Qonunchilik palatasi tomonidan birgina 2023-yilda o‘tkazilgan 20 ta “Parlament eshituvi”ning 8 tasi bevosita ijtimoiy himoyaga oid qonunchilik ijrosi holati tahliliga bag‘ishlandi. O‘tgan yilda, shuningdek, sohaga taalluqli masalalar yuzasidan 15 ta “Parlament so‘rovi”, 8 ta “Hukumat soati” tadbirlari amalga oshirilgan.
Qonunchilik palatasi deputatlari 2020–2023-yillarda davlat organlarining mansabdor shaxslariga 1 ming 244 ta “deputat so‘rovi” yuborgan bo‘lsa, shundan 513 tasi ijtimoiy soha muammolariga tegishlidir. Shu muddat davomida xalq noiblarining saylov okruglaridagi uchrashuvlari asnosida aholi tomonidan ijtimoiy sohaga oid 18 ming 689 ta masala ko‘tarilgan va shundan 8 ming 616 tasi ijobiy hal etilgan.
Ijtimoiy himoya adolatli bo‘lishi uchun – adolatli
monitoring muhim!
Prezidentimiz yig‘ilishda ijtimoiy himoya sohasida umumiy yondashuv o‘zini oqlamagani, har bir oila va inson taqdiriga alohida professional yondashish lozimligini qayd etib, ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini ham atroflicha tahlil qildi. O‘zbekiston 2021-yilda BMTning Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shilgani tarixiy voqea bo‘lgani va undagi majburiyatlarni bajarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Afsuski, eski ijtimoiy himoya tizimida odamlarga umid berish, hayotini yaxshilashi, band bo‘lishiga ko‘maklashish eng oxirgi o‘ringa tushib qolgan ekan. Ushbu soha 30-yil oldingi tizimda qolib ketgan, faqat davlat ajratgan pulni tarqatish bilan shug‘ullangan.
Bunday nomaqbul yondashuv ayrim odamlarni o‘zini o‘nglab olishga emas, yordam kutib yashashga, boqimandalikka o‘rgatib qo‘ygan. Misol uchun, mehnatga layoqatli kishilarga ham nafaqa to‘lab kelingan. Nogironligi borlarni tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, kasbga o‘rgatish orqali hayotga qaytarishga yetarlicha e’tibor berilmagan.
Shu bilan birga, viloyat va tuman hokimlari ushbu shaxslarga yordam berish, ularning uyushmalari va tashkilotlari bilan muloqot qilish, sharoit yaratish bilan yetarlicha shug‘ullanmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Yig‘ilishda, shuningdek, ota-ona mehriga muhtoj bolalarga g‘amxo‘rlik masalalari ko‘rib chiqildi. Bugungi kunda ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarni e’tibordan chetda qoldirmaslik uchun keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shunga qaramay, quyi bo‘g‘indagi e’tiborsizlik oqibatida joylarda qarovsiz qolib ketgan bolalar aniqlanayotgani qayd etildi. Hozirda ularga vasiylik belgilanmoqda. Ota-onasi migratsiyada bo‘lgan, noqulay ijtimoiy muhitdagi oilalarda tarbiyalanayotgan, ruhiy-jismoniy rivojlanishida muammosi bor bolalarga yordam tizimini takomillashtirish zarur.
Davlatimiz rahbari ota-ona mehriga muhtoj bolalarni tarbiyalash bo‘yicha bir qator vazifalarni kun tartibiga qo‘ydi. Xususan, endi joylarda vasiylik va homiylik masalalari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar bilan mahalladagi ijtimoiy xodimlar shug‘ullanadi. Buning uchun hokimliklar huzuridagi Vasiylik va homiylik komissiyalari tugatilib, 1-avgustdan ularning vakolati “Inson” markazlariga o‘tkaziladi.
Yetim va nazoratsiz qolgan bolalarni qaramog‘ga olish bo‘yicha “ixtisoslashgan tutingan oila” tizimi joriy etiladi. Ixtisoslashgan 160 ta ta’lim muassasasida bosqichma-bosqich “g‘amxo‘rlik” guruhlari tashkil qilinadi.
Ota-onasidan ayrilgan yigit-qizlarga ko‘maklashish tizimi ham o‘zgaradi. Endi “Yoshlarga hamrohlik” dasturi asosida ularni qo‘llab-quvvatlash 23 yoshgacha etib belgilanadi.
Ichki ishlar tizimidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari “Hayot maktabi” sifatida qayta tashkil qilinadi. Ular tarbiyasi og‘ir bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish bo‘yicha kompleks xizmat ko‘rsatadigan maskanga aylantiriladi.
Ma’naviy-ma’rifiy asoslar
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari YAIMga nisbatan 2 barobar oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobar ko‘paydi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.
Joriy yil 1-iyundan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniqlash tartibi va ular bilan ishlash tizimi o‘zgaradi. Bunda ehtiyojmand toifani aniqlash bo‘yicha mezonlar ishlab chiqiladi va ularning aynan qanday yordamga muhtojligi aniq belgilab beriladi.
Bu haqda fikr yuritganda, Prezidentimizning 2023-yil 27-dekabrdagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga alohida to‘xtalish lozim. Qaror bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Jumladan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash tartib-taomillarini soddalashtirish va raqamlashtirish; ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida tashkil etib, qamrovni kengaytirish; o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar salomatligi va turmush sifatini yaxshilash orqali ularning ijtimoiylashuvini ta’minlash; ijtimoiy himoya tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish; yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib tabaqalashtirilgan ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimini joriy etish.
E’tibor bering, davlatimiz rahbarining ijtimoiy sohaga taalluqli chiqishlari, farmon va qarorlarida ijtimoiy himoya tizimida xususiy sektor, fuqarolik jamiyati, xususan, mahalla tizimi ishtirokini kengaytirishga qayta-qayta urg‘u berilgani bejiz emas. Chunki ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand aholi uchun aynan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, xususan, mahallalar eng yaqin yelkadosh tizimlar hisoblanadi.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbari Ijtimoiy himoya milliy agentligiga viloyat hokimlari bilan birga barcha mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyatini tashkil qilishni topshirgani ayni muddaodir. Shuningdek, protez vositalarini berish, nafaqa va qarovsiz qolgan bolalarga vasiylikni rasmiylashtirish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalarni yolg‘iz deb e’tirof etish kabi 49 ta ijtimoiy xizmat mahallagacha tushirilishi belgilandi. Mahallada ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish elektron platformasi ham ishlab chiqiladigan bo‘ldi.
Biz Prezidentimiz tashabbusi asosida ishlab chiqilgan hamda amaliyotga tatbiq etilayotgan mutlaqo yangi Ijtimoiy himoya milliy tizimining bir qator xususiyatlariga muxtasar to‘xtaldik. Bu haqda so‘z borganda, shuningdek, sohadagi teran islohotlar haqida axborot-tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish zarurligini unutmaslik kerak.
Ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand yurtdoshlarimiz o‘zlariga qanday qulaylik va yengilliklar yaratilganidan ko‘pincha xabarsiz qolmoqda. Buning isboti sifatida davlatimiz rahbari nutqida keltirilgan mana bu dalil va raqamlarga e’tiboringizni qaratamiz:
“Ijtimoiy himoya tizimi bilan 250 ta xizmat qamrab olingan bo‘lsa-da, mahalladagi aholi ularning yarmidan ham bexabar. Masalan, nogironligi bor farzandini parvarishlash nafaqasini olishi mumkin bo‘lgan 33 ming ota-ona ushbu imtiyozdan foydalanmayapti”.
Buning uchun tizimdagi savodsizlikka tez fursatlarda barham berish, barcha davlat idoralari saytlarini nogironligi bo‘lgan insonlar uchun qulay shaklga keltirish, nogironligi bo‘lgan insonlar hayoti va erishgan yutuqlari to‘g‘risida ta’sirchan mediakontent, filmlar tayyorlash, telekanallarda informatsion, ayniqsa, bolalar dasturlari efirining muayyan qismini surdotarjima, subtitr yoki “yuguruvchi satr” bilan namoyish etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlar qalbida o‘ziga ishonch va qat’iyat tuyg‘usini oshiradigan badiiy asarlar yaratish, ma’naviyat va ma’rifat tizimida ayni sohadagi tushuntirish-targ‘ibot ishlariga tubdan yangicha yondashish taqozo etiladi.
Yangi ijtimoiy himoya milliy tizimining yana bir o‘ziga xos xususiyati sohadagi mintaqaviy va xalqaro hamkorlik samaralariga bevosita taalluqlidir. Bu fikrimizni joriy yil 6–7-fevral kunlari Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tgan “Inson huquqlari nuqtayi nazarida oziq-ovqat adolati: voqelik va kelajak muammolari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari xalqimiz, davlatimiz, Prezidentimiz O‘zbekistonda va butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish va har bir insonning adolatli asosdagi ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqi amalga oshirilishini ta’minlashga sodiq ekanini e’tirof etganlari ham yaqqol tasdiqlaydi.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2024-yil 23-fevral kungi 39 (1100)-soni
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi
- Qo'shildi: 23.02.2024
- Ko'rishlar: 2896
- Chop etish