Qirg'iziston OAV: O'zbekiston milliy qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishning izchil tarafdoridir

BISHKEK, 29-fevral. /"Dunyo" AA/. Qirg'izistonning "Alyans-Press" axborot-tahlil agentligi "O'zbekiston vakili BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi sessiyasining oliy darajadagi segmentida so'zga chiqdi" sarlavhali maqola e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Nashrda Jenevada BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 55-sessiyasi boshlangani ma'lum qilingan. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi ma'lumotiga ko'ra, Sessiyaning Oliy darajadagi segmentida O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov so'zga chiqdi.

 

"O'zbekiston vakili mamlakatda qonun ustuvorligi, demokratiya va inson huquqlarini ta'minlash sohalarida islohotlarni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo'nalishlari haqida to'xtaldi, — deyiladi materialda. — O'tgan yil aprelida umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O'zbekiston Konstitutsiyasida Yangi O'zbekistonning tub mohiyatini tavsiflovchi "beshta ustun" belgilandi. Bu o'rinda davlatning qat'iy va sobit taraqqiyot yo'li va kelajagini o'zida aks ettirgan "suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat" maqomi haqida so'z bormoqda".

 

Yangi tahrirdagi O'zbekiston Konstitutsiyadagi inson huquqlariga oid qoidalar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro hujjatlarga to'liq mos keladi. Konstitutsiyada o'lim jazosini qo'llash rasman taqiqlangan.

 

Qayd etilishicha, so'nggi yillarda O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida salmoqli natijalarga erishildi. Mamlakatda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga butunlay barham berildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga ko'ra, endilikda nafaqat bolalar mehnati va majburiy mehnatni taqiqlash kafolatlandi, balki bunday huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik ham joriy etildi. O'zbekistonda ayollar va voyaga yetmaganlarni zo'ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan alohida qonun qabul qilingan.

 

"O'zbekiston milliy qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishning izchil tarafdoridir. Binobarin, respublikada barcha normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender muammosi, inson huquqlari va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo'yicha kompleks ekspertizadan o'tkazish qat'iy yo'lga qo'yilgan. Shu ma'noda, 2023-yilda qabul qilingan "O'zbekiston-2030" strategiyasi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to'la mos keladi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy strategiyasi amalga oshirilmoqda. Oxirgi uch yilda bu borada bir qator muhim marralarga erishildi", — deya ta'kidlagan agentlik.

 

Maqolada, shuningdek, O'zbekiston BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi va YXHT/DIIHB bilan hamkorlikda joriy yil iyun oyida iqlim o'zgarishi va inson huquqlariga bag'ishlangan IV Samarqand forumini o'tkazishi haqidagi ma'lumotlar ham o'quvchilar e'tiboriga taqdim qilingan.

 

"Shu munosabat bilan Akmal Saidov o'z so'zining yakunida Inson huquqlari bo'yicha kengashning 55-sessiyasi ishtirokchilarini ushbu forumga taklif etdi", — deb yozgan "Alyans-Press" agentligi.

Powered by GSpeech