5-mart kuni Toshkent shahrida xuddi shu mavzudagi ikki kunlik seminar o‘z ishini boshladi. Oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan seminar ochilishida dastavval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning videomurojaati namoyish etildi.
Akmal Saidov ta’kidlaganidek, 26-fevral kuni Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasida BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish eng ustuvor vazifalardan biri etib belgilanganligi yana bir bor uqtirilgani bejiz emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Har bir oila va inson taqdiriga alohida, professional yondashish lozim. Ijtimoiy xizmat to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, ehtiyojmand fuqarolar jamiyatda o‘z o‘rnini topadi”.
Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashning samarali mexanizmlari joriy etilmoqda. Davlat tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu haqda so‘z borganda, davlatimiz rahbari raisligida 20-fevral kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaatlariga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidlash lozim. Bunda, bir tomondan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘qitish, ishga joylash va sportga jalb qilish bo‘yicha milliy tizim yaratilishi qayd etilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ishlash va kasb-hunarga o‘qitishda to‘siqsiz muhit yaratish uchun kelgusida ularning nogironligi kasallikka qarab emas, balki shaxsning mustaqil harakati, muloqot qobiliyati va ijtimoiy hayotdagi faolligiga qarab belgilanishiga e’tibor qaratilgani juda muhim.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya – BMTning I asrda qabul qilingan birinchi shartnomasidir, dedi A.Saidov. O‘zbekiston ushbu Konvensiyani 2021-yilda ratifikatsiya qilgan bo‘lib, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha mustahkam huquqiy asos yaratilgan.
Seminar ochiq va amaliy munozaralar ruhida o‘tmoqda. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini mamlakatimizda amalga oshirish jarayonida manfaatdor vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlari vakillarining faolligi va xabardorligini oshirishdir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.03.2024
- Ko'rishlar: 2503
- Chop etish