BMT mustaqil eksperti O‘zbekiston tajribasiga e’tiborni qaratdi

Butun dunyo ko‘ngilochar industriyasida nomaqbul hirsiy xulq-atvor yomon odatga aylangan bo‘lib, ushbu sohaning vakillari norasida havaskor artistlarga nisbatan muomalada o‘z vakolatlarini sira tap tortmasdan suiiste’mol qilishi holatlari juda ko‘p kuzatilmoqda. BMTning ko‘ngilochar industriyada bolalarning jinsiy ekspluatatsiya qilinishi holatlariga bag‘ishlangan ma’ruzasida shu haqda so‘z boradi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashida kechagi haftada ayni ma’ruzaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu boradagi tadqiqot BMTning Bolalar savdosi, ularni jinsiy ekspluatatsiya qilish va xo‘rlash masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fotima Ona Singxateh tomonidan o‘tkazilgan. Tadqiqotda qayd etilganidek, bolalarning ko‘ngilochar industriyaga daxldor huquq va manfaatlari ko‘p hamda serqirra bo‘lib, ular reklama, shartnomalar, shaxsiy hayot daxlsizligi va mehnat amaliyoti bilan bog‘liq masalalarni o‘zida qamraydi.

 Xalqaro mehnat tashkiloti yaqinda o‘tkazgan so‘rov natijalariga qaraganda, respondentlarning 53,7 foizi mashg‘ulotlar paytida jinsiy ta’qibga uchragan. So‘rovda qatnashganlarning 46,3 foizi esa dastlabki ijodiy suhbatdayoq shunday nomaqbul muomalaga duch kelganini ma’lum qilgan. 

Ko‘ngilochar industriya global xususiyatga ega va unga aloqador muammolar ham birgina geografik mintaqa bilan cheklanib qolmasdan, aksincha, dunyodagi barcha mamlakatlarda tarqalgan, deya qayd etadi BMT mustaqil eksperti. Afsuski, bunday jinoyatlar ko‘pincha oshkor bo‘lmay qoladi, chunki jabrlanuvchilar yordam so‘rashdan qo‘rqadi.

Ma’ruzada ko‘ngilochar industriya sohasida bolalarning jinsiy ekspluatatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha aniq tavsiyalar berilgan. BMT Maxsus ma’ruzachisi san’atkor bolalarni himoya qilish maqsadida ko‘ngilochar industriya faoliyatini huquqiy asosda qat’iy tartibga solish muhim ekaniga urg‘u berar ekan, bu borada allaqachon muayyan ishlarni amalga oshirayotgan davlatlar tajribasiga e’tiborni qaratadi.

Masalan, Sloveniyada ekspluatatsiyaning barcha shakllariga qarshi kurash siyosati olib borilmoqda. Bolgariyada voyaga yetmagan shaxslarga ishlash uchun berilgan ruxsatnomalar bolaning sog‘lig‘i va xavfsizligi nuqtayi nazaridan bekor qilinishi mumkin.

Ispaniyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ommaviy tomoshalarda ishtirok etishi uchun maxsus ruxsatnoma talab qilinadi. Ispaniya qonunchiligida, shuningdek, voyaga yetmagan shaxslarning tunda, qo‘shimcha ish vaqtida yoki maktabdagi mashg‘ulotlar davrida ishlashi taqiqlangan. 

Huquq-tartibot idoralari, deb yozadi mustaqil ekspert, bolalar ishlayotgan ko‘ngilochar muassasalarni, shuningdek, ushbu bolalarning vasiylari yoki ota-onalari mas’uliyatini muntazam nazorat qilishlari kerak. Masalan, O‘zbekistonda ko‘ngilochar maskanlar va internet- klublarga kelgan o‘quvchi-talabalar sakkiz oy davomida kuzatilgan. Natijada voyaga yetmaganlarning tungi vaqtda ushbu muassasalarda bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan 1 ming 574 ta ko‘ngilochar muassasa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks asosida javobgar deb topilgan. Shuningdek, 37 ming 863 nafar ota-ona yoki vasiy shaxslar mazkur Kodeksga binoan javobgarlikka tortilgan. 

Ma’lumot uchun: Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus ma’ruzachilari BMT shtat birligiga kiradigan xodimlar hisoblanmaydi va o‘zlari bajargan ish uchun maosh olmaydi. 

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech