HAR BIR BOLA HAYOTIMIZ DAVOMCHILARI, KELAJAGIMIZ EGALARI

Joriy yilning 20-fevral kuni Prezidentimiz raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu videoselektorda Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilishi lozimligiga alohida e’tibor qaratildi. 

Yetim va nazoratsiz qolgan bolalarni qaramog‘ga olish bo‘yicha “ixtisoslashgan tutingan oila” tizimi joriy etiladi. Ixtisoslashgan 160 ta ta’lim muassasasida bosqichma-bosqich “g‘amxo‘rlik” guruhlari tashkil qilinadi.

Ota-onasidan ayrilgan yigit-qizlarga ko‘maklashish tizimi ham o‘zgaradi. Endi “Yoshlarga hamrohlik” dasturi asosida ularni qo‘llab-quvvatlash 23 yoshgacha etib belgilanadi.

Qonunchilikda bola 18 yoshdan so‘ng mustaqil deb belgilangan bo‘lsada, hech bir ota-ona farzandini shu yoshdan g‘amxo‘rliksiz tashlab qo‘ymaydi. Bolalarimiz har sohada ota-ona ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj bo‘ladi baribir. Ayniqsa, hech kimi yo‘q, qayerga borishni, kimga suyanishni bilmaydigan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning bu yoshda yolg‘iz qolishini tasavvur qilish qiyin.

Endilikda, bunday bolalar “Yoshlarga hamrohlik xizmatlari” asosida 23 yoshgacha bola o‘zini tiklab olguniga qadar uning ehtiyojlari o‘rganilib, yakka tartibdagi integratsiya rejasi asosida uni kasb-hunarga o‘rgatiladi. 

Albatta, bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalari sanaladi.

Ularni asrab-avaylash, ayniqsa, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish doimiy e’tiborda bo‘lib kelgan.

Oilalar tinchligi va totuvligini saqlash nafaqat oila a’zolarining, balki butun jamiyatning eng birinchi galdagi mas’uliyati va vazifalaridan biri hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari ana shu ezgu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning tartiblari ishlab chiqilib, joriy etilmoqda. 

Ota-ona mehriga muhtoj bolalarni tarbiyalash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Endilikda joylarda vasiylik va homiylik masalalari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar bilan mahalladagi ijtimoiy xodimlar shug‘ullanadi. Buning uchun hokimliklar huzuridagi Vasiylik va homiylik komissiyalari tugatilib, 1-avgustdan ularning vakolati “Inson” markazlariga o‘tkaziladi.

Shuningdek, Videoselektorda “ixtisoslashgan tutingan oila” tizimi ham joriy etilishi belgilan.

Mazkur tizim Foster oila tajribasi  O‘zbekistonda ilk bor joriy etilayotgan bo‘lib bunday oilalarga 3 tagacha bola beriladi. Foster oilalar er-xotin yoki yolg‘iz ayol, yolg‘iz erkak ham bo‘lishi mumkin. Ular o‘zlari yashab turgan uy yoki maxsus taqdim etilgan uylarda tutingan ota-onalik faoliyatini amalga oshiradi. Muhimi, bu insonlarda bolani tarbiyalay olish, mehr berish, g‘amxo‘rlik ko‘rsata olish ko‘nikmasi bo‘lishi va ularning yoshi 30 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lishi lozim. Ushbu ota-onalarning psixologiya, pedagogika, tibbiyot yo‘nalishidagi mutaxassislik va maxsus bilimlarga egaligi juda muhim. Tutingan oila zo‘ravonlik yoki befarqlik jabrlanuvchisi bo‘lgan, o‘z oilasidan bola sog‘lig‘i va hayoti uchun xavf bo‘lganda ajratib olingan bolalar uchun nafaqat vaqtincha boshpana vazifasini o‘taydi, balki bu bolaga terapevtik va reabilitatsion yordam ko‘rsatadigan maskanga aylanadi. 

Umuman olganda, mehr-oqibat, insonparvarlik va saxovatpeshalik xalqimizga xos umrboqiy qadriyatlarimizdan biridir.

Xulosa sifatida shuni aytish lozimki, ulug‘ ayyom kunlarida mamlakat rahbarining eng katta qilgan savob ishlaridan biri –videoselektorda ko‘tarilgan masalalar – aholi ehtiyojmand qatlamlariga, ayniqsa yetim bolalarga alohida e’tibor qaratilayotgani juda quvonarli holdir.

 

Sevara ISHMURATOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Umumiy bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech