TAHRIRIYATDAN NAVRO‘ZONA SOVG‘A

Mamlakatimizda tinchlik va mehr-oqibat, yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘z bayramini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bayram arafasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati ham mutolaa ixlosmandlariga munosib sovg‘a hozirladi. Jurnalning 2024-yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yiliga bag‘ishlangan navbatdagi soni nashrdan chiqdi. Yangi kun – Navro‘zga jurnalning yangi soni navro‘zona sovg‘a bo‘ldi.

Uning dastlabki sahifalaridan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayevning “O‘zbekiston – yoshlar mamlakati” nomli maqolasi o‘rin olgan. Maqolada mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yurtimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratilgani ta’kidlangan. Yoshlarga oid davlat siyosatida Yoshlar ishlari agentligining tutgan o‘rni tahlil qilinib, agentlikning 2023-yildagi faoliyati hamda joriy yildagi rejalari bayon etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori Davron Vahobovning “Biznes – milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning asosi” nomli maqolasi ham dolzarb mavzuga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli. Unda mamlakatimizda biznes va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar atroflicha tahlil qilingan. Bu imkoniyatlardan yoshlar ham samarali foydalanayotgani, natijada yurtimizda faol va tashabbuskor, ilmli va mehnatsevar yosh tadbirkorlar safi kengayib borayotgani ta’kidlangan. Biznesda muvaffaqiyatga erishgan yosh tadbirkorlar faoliyatidan misollar keltirilgan.

Akademik Akmal Saidovning “Kitob – tafakkur xazinasi” ruknida taqdim etilgan “Yangi O‘zbekiston navoiyshunosligi: ochiq darslar” nomli taqrizi ham mutolaa ixlosmandlariga manzur bo‘lishiga aminmiz.

Taqrizda taniqli adabiyotshunos va huquqshunos Burobiya Rajabovaning yaqinda nashr etilgan “Boqiy vasiyatnomalar” hamda “So‘zlar bilan so‘zlashuv” kitoblari batafsil sharhlangan. Ushbu asarlarda so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning adabiy-ilmiy merosini o‘rganish va anglashda yangicha yondashuv aks etganini ta’kidlar ekan, akademik Akmal Saidov muallifning mahoratini alohida e’tirof etadi: “Alisher Navoiy asarlarini o‘rganish asnosida adabiyotshunos asosan adabiy talqin nuqtai nazaridan yondashsa, huquqshunos ulug‘ bobomiz ijodining fiqh bilan bog‘liq qirralari tahliliga ko‘proq urg‘u berishi tushunarli hol. Burobiya Rajabova ham adabiyotshunos, ham huquqshunos bo‘lgani uchun bu borada tarozining har ikki pallasi teng bo‘lishiga intilgani tahsinga loyiqdir”.

Shuningdek, jurnalning ushbu sonida “Xalqaro huquq va O‘zbekiston tajribasi”, “International Law and the Experience of Uzbekistan”, “Международное право и опыт Узбекистана” ruknlarida o‘zbek, ingliz va rus tillarida dolzarb mavzulardagi salmoqli ilmiy tadqiqotlar yoritilgan maqolalar taqdim etildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Salixovning Институты по защите прав военнослужащих: зарубежный и национальный опыт (“Harbiy xizmatchilarning huquqlarini himoya qilish institutlari: xorijiy va milliy tajriba”) nomli maqolasida Fransiya, AQSH, Norvegiya, Germaniya, Finlyandiya, Filippin, Shvetsiya, Koreya Respublikasi davlatlarining harbiy xizmatchilarning huquqlarini himoya qilishda ishtirok etadigan institutlarni tuzish va ular faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilg‘or tajribalari o‘rganilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining harbiy xizmatchilar huquqlarini himoya qilishga doir faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar berilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratovaning “UN Committee Against Torture: Key Stages of Establishment and Mechanism of Work” (“BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi: tashkil etilishining asosiy bosqichlari va faoliyat mexanizmi”) nomli maqolasida BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi tashkil etilishining konseptual asoslari, faoliyatining o‘ziga xos mexanizmlari, jumladan, qo‘mitaga a’zo davlatlar hisobotlarining taqdim etilishi, yakka tartibda shikoyat yo‘llash tartib-qoidalari kabilar atroflicha tadqiq etilgan. BMTning Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiyasi asosida tashkil etilgan ushbu qo‘mita qiynoqlarga qarshi global kurashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.

Shuningdek, jurnal sahifalaridan A. Raximov, R. Yusuvaliyeva, N. Muinova, M. Shayusupova, M. Normayeva, I. Masharipov, O. Axmadov, O. Norboyev, A. Idiboyev, Sh. Jo‘rayeva, R. Arslonova, A. Saidov, K. Djavakova, Dj. Yesenbayev, F. Karimova, M. Muxtarov, A. Gulimov, K. Xudjamova, R. Tazetdinov, S. Shaxanov muallifligida o‘zbek, ingliz va rus tilida taqdim etilgan maqolalar ham o‘rin olgan.

Jurnal mutolaasi davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2023-yildagi faoliyati sarhisobi bilan o‘zbek, rus va ingliz tillarida tanishish imkoniyatiga egasiz.

Qadrli jurnalxonlar, tahririyatimizning ushbu navro‘zona sovg‘asini hukmingizga havola etgan holda, kelinchak bahorning tarovatli bayrami – Navro‘zi olam bilan Sizlarni samimiy tabriklaymiz! Bu yilgi ayyom duolar ijobat bo‘ladigan muqaddas Ramazon oyida nishonlanayotgani bilan yanada xosiyatlidir. Navro‘z yurtimizga tinchlik, elimizga farovonlik, zaminimizga qut-baraka olib kelishini tilaymiz.

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

Powered by GSpeech